2.Mustamlakachilikdan ozod bo’lib, mustaqil taraqqiyot yo’liga o’tib rivojlanayotgan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari yo’li. Bu yo’l mustamlakachilikdan qolgan qoloq, an’anaviy iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o’tish yo’lidir. Bunda bozor iqtisodiyotiga xos belgilar turli xo’jaliklar: azaliy natural xo’jalik, rivojlanish darajasi, bozor munosabatlariga tortilishi jihatidan farq qilishiga qaramay, transformatsiya (aylana borishi) orqali yuz beradi.
Rivojlanayotgan mamlakatlarda bozor iqtisodiyotiga o’tish:
a)bozor infrastrukturasini yaratish;
b) iqtisodiyotni barqarorlashtirish;
c) sanoat tarmoqlarini (ayniqsa, qayta ishlovchi) vujudga keltirish orqali yuz beradi.
Bu mamlakatlar uchun bozor iqtisodiyotiga kirib borish mustaqillik garovi hisoblanadi. Sababi bozor iqtisodiyotiga o’tish ishlab chiqarishni jadal o’sishiga olib keladi.
3.Bozor iqtisodiyotiga o’tishning sobiq sotsialistik mamlakatlar yo’li. Bu mamlakatlarda davlat mulki hukmron mavqega ega bo’lib, iqtisodiyot davlat tomonidan markazlashgan tarzda tuzilgan rejalar asosida boshqarilgan. Yaratilgan mahsulot ham davlat tomonidan taqsimlangan. Totalitar iqtisodiyotning bozor bilan umumiyligi yo’q, ular bir-biriga zid, tabiatan har xil. Shuning uchun ham bu modelda aholiga bozor munosabatlari g’oyalarini singdirmay, ularga yangicha ko’nikma hosil etmay turib, bozor iqtisodiyotiga o’tib bo’lmaydi, lekin bu tizimning afzalligi shundaki, u o’ziga xos usullar bilan kuchli ishlab chiqarish va ilmiy-texnikaviy kadrlar potentsialini yaratgan. Ularga tayangan holda bozor iqtisodiyotiga o’tish nisbatan engil kechishi mumkin. Bu tizimga kirgan mamlakatlarda xususiy mulk tamomila yo’qotilgan yoki qisman mavjud. Tadbirkorlikka intilish, iqtisodiy taraqqiyot darajasi turlicha, masalan, Polsha, Vengriya, Germaniya Demokratik Respublikasida xususiy mulkchilik ancha saqlangan. Sobiq Ittifoqda esa aksincha, xususiy mulk tamomila yo’qotilgan.
Bularning hammasi albatta, bozor iqtisodiyotiga o’tishda o’z ta’sirini o’tkazadi. Bozor iqtisodiyotiga o’tish uchun islohotlar ikki yo’l: a) bozor iqtisodiyotiga tezlik bilan o’tish; b) bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o’tish yo’li bilan amalga oshiriladi. GDR (GFR bilan qo’shilib yagona davlat vujudga kelishi tufayli), Polshada qisqa muddatda bozor iqtisodiyotiga o’tish amalga oshirildi. Boshqa mamlakatlarda o’z xususiyatlaridan kelib chiqib, bozor iqtisodiyotiga o’tish bosqichma-bosqich amalga oshirilib, turli muddatlarni talab etadi. O’tkaziladigan islohotlar, ko’riladigan chora-tadbirlar ham farq qiladi. Lekin sobiq sotsialistik mamlakatlarning bozor iqtisodiga o’tish modellarining umumiy tomonlari mavjud bo’lib: a) bozor iqtisodiyotiga o’tishning huquqiy asoslarini yaratish ;b)bozor infrastrukturasini shakllantirish; v) davlat mulk monopoliyasini sindirib, mulkchilikning, xo’jalik yuritishning turli shakllarini vujudga keltirish; g) narx ustidan davlat nazoratini minimallashtirish, narx-navoni erkinlashtirish va bosh-qalardan iborat.
Umuman olganda o’zining yorqinligi, samaradorligi, erishgan yutuqlari bilan jahon iqtisodiyoti taraqqiyoti tarixiga kirgan modellar «Amerika», «Yaponiya», «Germaniya», «Shvetsiya», «Janubiy Koreya», «Xitoy» modeli va boshqalar hisoblanadi.