«Shvedcha model». Uning boshqa modellardan farq qiluvchi xususiyati ijtimoiy yo’naltirilgani, mulkdagi notenglikni qisqartirishga qaratilganligidir. Aholining kam ta’minlangan qatlami himoya qilinadi. Ishsizlikni kamaytirish chora-tadbirlari ko’riladi. Shvetsiyada davlat sektori hissasi yuqori. Yalpi milliy mahsulotda davlat xarajatlari 60% atrofida, uning yarmidan ko’pini uy xo’jaligi, korxonalarga dotatsiya tashkil etadi. Xizmatlarning ko’pi davlat sektori zimmasida, aksariyati bepul. Davlat narxlarga ham aralashadi. Shvetsiya aholi farovonligi jihatidan jahonda etakchi o’rinni egallaydi. Davlat iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va daromadlarni qayta taqsimlashda faol qatnashadi. Shvetsiya oxirgi 110 yil davomida aholi jon boshiga yiliga o’rtacha 2,5% miqdorida yalpi milliy mahsulot o’sishiga erishgan.
Bu andazaning shakllanishida Shvetsiyaning tarixan iqtisodiy jihatdan yuksak rivojlanganligi va mehnatkashlar kasaba tashkilotlarining jamiyatda, ayniqsa ishlab chiqarishda katta o’rin tutishi alohida ahamiyatga ega bo’ldi. Aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan YaMM 25,7 ming dollarga teng bo’lib, jahonda 14-o’rinni egallaydi.
«Fransuz modeli». Bu model alohida ajralib turadigan xususiyatga ega emas. U «amerikacha» va «nemischa» model o’rtasida bo’lib, davlatning tartibga soluvchilik roli yuqori. Fransiyada 1947 yildan besh yillik indikativ reja tuziladi. Xatto iqtisodiyotning xususiy sektori ham umummilliy rejalarga kiritilgan. Lekin ko’p ukladli iqtisodiyot xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning bu rejada qatnashishi ixtiyoriy. Davlatning qo’llab-quvvatlashidan umidvor firmalar, albatta ana shu rejalarni ko’zda tutib, faoliyat yuritishga harakat qiladi. «Fransuz modeli»da davlat tadbirkorligi katta o’rin tutadi. Kapital jamg’arilishiga, investitsiyaga davlat keng miqyosda aralashadi. Fransiya aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan YaMM mahsulot bo’yicha jahonda 12-o’rinda turadi. Bu 26,3 ming dollarga teng.
«Nemischa model». Bu model ijtimoiy yo’naltirilganligi bilan ajralib turadi. Ijtimoiy bozor iqtisodiyotining bosh g’oyasi Lyudvig Erxardga (1897—1977) tegishli. U 1949—1963 y
Yillar davomida Germaniya Federativ Respublikasi Iqtisodiyot vaziri, 1963—1966 yillarda esa Federal kantsler bo’lib ishlagan.
Dastlab Erxard industrlashtirish rejasini ishlab chiqdi. Unda sanoat mahsulotini 1936 yilga nisbatan 65%, 1938 yilga nisbatan esa 50—55% ga ko’paytirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, pul islohoti, narx-navo islohoti o’tkazish, davlatning iqtisodiyotdagi rolini belgilab, qay darajada aralashuvi ko’rsatilgan.
Ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyoti kontseptsiyasi zaminida faqat iqtisodiyotga tegishligina emas, balki insonning erkinligi masalalari ham ilgari surilgan.
Shaxs erkinligi haqidagi fikrlar Germaniya Konstitutsiyasida o’z ifodasini topgan.
«Nemis modeli» quyidagi xususiyatlari bilan ajralib turadi:
— Iqtisodiyotga davlatning katta ta’siri. Bu ayniqsa, sotsial muammolarni hal etishda namoyon bo’ladi. Germaniya o’zining an’anaviy, davlatning ijtimoiy himoya qilishga asoslanganligi bilan ajralib turgan.
— Germaniya birinchilardan bo’lib 70- yillardan boshlab asosiy mikroiqtisodiy ko’rsatkichlarni targetlashtirish (rejalashtirish)ga kirishgan.
— Ijtimoiy sherikchilik tamoyili amalga oshirildi. Korxonada ishlovchilarga mulkka ega bo’lishda qatnashish imkoni yaratildi.
— «Nemis modeli»da ham «yapon modeli»ga o’xshab hal qiluvchi rol banklarga berilgan. Markaziy bankka to’la mustaqillik berilgan.
— Ish haqi darajasi o’rtasidagi farq ham uncha katta emas. Firma boshlig’i bilan xodimlar ish haqi o’rtasidagi farq 23 ga teng. Mehnat ta’tili dunyoda eng uzun — 31 kunni tashkil etadi. Shu bilan birga ish haftasi eng qisqa — yillik ish vaqti 1500 soat (AQSh da 1850, Yaponiyada 2140 soat).
— Bandlikning o’sishiga qaratilgan dasturlar ishlab chiqish, ish vaqtining qisqaruvchan grafigini qo’llash, boylikni adolatli taqsimlash va boshqalar muhim o’rin tutadi. Aholi jon boshiga yaratilgan YaMM 28,9 ming dollar bo’lib, jahonda 7- o’rinda turadi.