Ta’lim sohasi 110000 – Pedagogika Ta’lim yo`nalishi
O’zbekiston Respublikasida uzluksiz ta’lim Davlat ta’lim standartlari hamda o’quv dasturlari talablariga muvofiq tashkil etiladi.
Uzluksiz ta’limni tashkil etish muayyan tamoyillarga asoslanadi. Jumladan:
ta’limning ustuvorligi;
ta’limning demokratlashuvi;
ta’limning insonparvarlashuvi;
ta’limning ijtimoiylashuvi;
ta’limning milliy yo’naltirilganligi;
ta’lim va tarbiyaning uzviy bog’liqligi, bu jarayonning har tomonlama kamol topgan insonni shakllantirishga yo’naltirilganligi;
iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularga ta’limning eng yuqori darajasida, izchil ravishda fundamental va maxsus bilim olishlari uchun shart-sharoitlar yaratish.
«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da uzluksiz ta’limni isloh qilish yo’nalishlari ham aniq ko’ratib berilgan. Mazkur yo’nalishlar sirasiga quyidagilar kiradi: kadrlar salohiyatini tubdan yaxshilash; pedagoglarning kasbiy nufuzini oshirish; davlat va nodavlat ta’lim muassasalarining turlarini rivojlantirish; ta’lim tizimini tarkibiy jihatdan qayta qurish; ta’lim dasturlarini tubdan o’zgartirish; majburiy o’rta umumiy ta’limdan o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limiga o’tilishini ta’minlash; yangi tipdagi o’quv muassasalarini vujudga keltirish; yangi kasb-hunar va mutaxassisliklar bo’yicha kadrlar, shu jumladan, boshqaruv tizimi kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish; ta’limning barcha daraja va bo’g’inlarida ta’lim oluvchilarning ma’naviy-axloqiy fazilatlarini rivojlantirish; ta’limni boshqarish tizimini takomillashtirish, ta’lim muassasalarini mintaqalashtirish; shaxsga ta’lim berish va uni tarbiyalashda oila, ota-onalar, jamoat tashkilotlari, mahallalar, xayriya va xalqaro fondlarning rolini kuchaytirish; ta’lim jarayoni va kadrlar tayyorlash sifatiga xolis baho berish tizimini yaratish; ta’lim tizimini moliyaviy, moddiy-texnika va boshqa tarzdagi resurslar bilan ta’minlash mexanizmlarini shakllantirish; uzluksiz ta’limni fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyalashtirishning puxta mexanizmlarini ishlab chiqish; chet el va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish; tub yerli millatga mansub bo’lmagan shaxslar zich yashaydigan joylarda ularning o’z ona tillarida ta’lim olishlari uchun tashkiliy va pedagogik shart-sharoitlarni yaratish; ta’limning barcha darajalarida ta’lim oluvchilarning huquqiy, iqtisodiy, ekologik va sanitariya-gigiyena ta’limi hamda tarbiyasini takomillashtirish.