Uchinchi bosqich: har qaysi qadam bo‘yicha malakalar tahlili va zaruriy o‘rgatuvchi modullarni aniqlash
Har qaysi qadamni bajarish uchun zarur bo‘lgan malakalar tahlili, bu malakalarni shakllantirish uchun talab qilinadigan o‘rgatuvchi modullarni tuzish maqsadida bajariladi. MKM da o‘rgatuvchi modul – bu uslubiy qo‘llanma, maxsus risola ko‘rinishida bo‘lib, quyidagi tuzilmaga ega bo‘ladi (4.5-jadval):
Muvofiqlashtiruvchi blok – o‘quv maqsadlari zaruriy jihozlar va materiallar; qo‘llanmalar va zarur bo‘lgan boshqa yordamchi vositalar ko‘rsatiladi.
Axborot-yo‘riqlar bloki - muayyan ishlab chiqarish amali (ishning qadami)ni o‘rganish uchun zarur bo‘lgan nazariy qoidalar, amaliy ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. U matn va ko‘rgazmali materiallardan iborat bo‘ladi. Matnlar lo‘nda ifodalanishi, tushunarli tuzilishi va o‘qilganda faqat bitta ma’no bildirishi lozim. Matn qator boshidan varaqning chap qismida abzats qoldirib, ma’lum interval bilan yoziladi. Varaqning o‘ng qismida ko‘rgazmali material joylashtiriladi. Axborot-yo‘riqlar blokini tuzishda, tushunarlilik, ko‘rgazmalik va ilmiylik tamoyillariga rioya etish lozim. Bu blok ham malakalarni amaliyotda mashq qilish topshiriqlarini o‘z ichiga oladi.
Nazorat bloki – o‘rgatuvchi modulning o‘zlashtirish darajasini aniqlash uchun xizmat qiladi va nazorat topshiriqlari, savollar, testlarni o‘z ichiga oladi. Ular nazorat blokida ko‘rsatilgan, o‘quv maqsadlariga muvofiq tuziladi.
O‘zlashtirilgan bilimlar va malakalarni baholash quyidagicha amalga oshirilishi mumkin:
agar o‘rgatuvchi modul davlat ta’lim standarti va o‘quv rejalar asosida tuzilgan bo‘lsa va kasb-hunar kollejida o‘rta maxsus kasbiy ma’lumotli mutaxassis tayyorlash uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, o‘qitish natijalarini baholash mazkur o‘quv yurtida o‘rnatilgan qoidalar bo‘yicha amalga oshiriladi;
agar faqat ishchi ixtisoslgi bo‘yicha tayyorlansa, baholash «Ha-yo‘q» tamoyili asosida amalga oshiriladi. YA’ni o‘rganuvchi malakaga ega bo‘lishi mumkin yoki yo‘q.
Malakalar tahlili natijalari bo‘yicha «Modulli blok - o‘rgatuvchi modul» ma’lumot jadvali tuziladi (4.6-jadval). Jadvalda malakalar va ularni egallash uchun zaruriy o‘rgatuvchi modullar guruhlanadi. Bunday jadvallar har bir modulli blok uchun tuziladi.
O‘rgatuvchi modullar jadvalda oltita asosiy toifaga guruhlanadi:
01 - U mumiy texnika xavfsizligi.
02 - Kasbiy faoliyat turlari.
03 - Nazariya
04 - Grafik axborot (sxemalar)
05 - Texnik axborot: materiallar (ma’ruzalar matni), usullar
06 - Texnik axborot: asboblar (jihozlar), mashinalar.