Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i . Bu soliq
jismoniy shaxslardan undiriladigan soliqlarning asosiysidir.
Odatda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i
murakkab progressiya prinsipi bo‘yicha o‘rnatilgan progressiv
stavkalarda undiriladi. Bu soliq yordamida soliqqa tortishning ikki
tizimi mavjud:
1) shedulyar yoki inglizcha tizim. Bunday tizim uzoq davr
mobaynida Buyuk Britaniya va dunyoning boshqa mamlakatlarida
qo‘llanilib kelinayapti. U soliq to‘lovchi daromadining jami bo‘yicha
emas, balki uning qismlari bo‘yicha daromad manbaida amalga
oshiriladi;
2) global tizim. Bunda daromad solig‘i orqali soliqqa tortish soliq
to‘lovchining jami daromadi bo‘yicha amalga oshiriladi va u G‘arb
mamlakatlarida asosiy usul hisoblanadi.
Ba’zi hollarda daromad solig‘i orqali jismoniy shaxslarning
daromadlari soliqqa tortilayotganda soliqqa tortilmaslik minimumi
qo‘llaniladi va uning miqdori qonunchilikka muvofiq ravishda
o‘rnatiladi.
Moliya yilida soliq solinadigan daromadga ega bo‘lgan
jismoniy shaxslar bu soliqning to‘lovchilari hisoblanadi. U quyidagi
shakllarda to‘lanishi mumkin:
•
daromad manbaidan, ya’ni asosiy ish joyidan va boshqa ish
beruvchilardan;
•
agar daromad bir necha manba hisobidan olinsa va qonuniy
tarzda belgilangan daromadning yillik summasidan oshsa,
daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiya ko‘rinishida;
•
tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadni soliqqa tortish
shaklida.
Jami yillik daromad bilan qonunda belgilangan chegirmalar
o‘rtasidagi farq sifatida hisoblangan soliq solinadigan daromad
soliqqa tortish obyektidir. Jismoniy shaxslarning jami yillik
daromadiga soliq to‘lovchi olishi lozim bo‘lgan (olgan) yoki tekinga
olgan pul yoki boshqa mablag‘lar, shu jumladan, mehnatga haq
to‘lash shaklida olinadigan daromadlar, jismoniy shaxslarning mulkiy
daromadi va tadbirkorlik faoliyatidan keladigan yalpi daromadi kiradi.