Aksizosti mahsulotlar – ularga nisbatan aksizlar o‘rnatilgan
(belgilangan) mahsulotlar. (Qarang:
Aksizlar ).
Advalor soliq - mahsulot qiymatiga nisbatan qat’iy foiz stavkasida
o‘rnatilgan to‘lov. Inflyatsiya sharoitida o‘zining funksiyalarini avtomatik
ravishda saqlab qoladi. Bu soliqning tarkibiga savdo soliqlari, importga
nisbatan ko‘pgina bojlar va boshqalar kiritilishi mumkin. Mahsulotlarni
(jumladan, import mahsulotlarini ham), jismoniy va yuridik shaxslarning
mulklarini soliqqa tortishda qo‘llaniladi.
Asosiy fondlarni realizatsiya qilishdan olingan foyda – hukumat
tomonidan belgilangan tartibda hisoblangan, inflyatsiya indeksiga oshirilgan
(ko‘paytirilgan) asosiy fondlarning sotish bahosi va ularning dastlabki yoki
qoldiq qiymati o‘rtasidagi farq.
Auditorlik nazorati - auditorlik faoliyatini amalga oshirish borasida
litsenziyaga ega bo‘lgan auditorlik firmasi tomonida o‘tkaziladigan mustaqil
noidoraviy moliyaviy nazorat. Asosiy vazifasi buxgalteriya hisoboti va
moliyaviy hisobotning haqqoniyligi, to‘liqligi va ishonchligi hamda moliyaviy
qonunchilikka qay darajada rioya qilinganligini aniqlash (o‘rnatish)dir.
Banklar, sug‘urta tashkilotlari, birjalar, nobyudjet va xayriya fondlari, ochiq
tipdagi aksionerlik jamiyatlari, xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar,
shuningdek, prokuratura va davlat nazorat organlarining topshirig‘iga
binoan har qanday korxona va tashkilotlar majburiy ravishda auditorlik
nazoratidan o‘tkazilishi kerak. Auditorlik firmalari buxgalteriya hisoboti va
soliq hisob-kitoblari, hisob ishlarini yuritish, loyihalarni moliyaviy ekspertiza
qilish va h.k.lar bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin. Ularning
bu xizmatlari tegishli to‘lov (haq) asosida amalga oshiriladi.
Aholiga transfertlar – aholiga to‘lanadigan majburiy to‘lanmalarni
(mamlakat qonunchiligiga muvofiq ravishda o‘rnatilgan pensiyalar,
stipendiyalar, nafaqalar, kompensatsion va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni)
moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan byudjet mablag‘lari.