SHu bois o’qituvchi faolni maqsadga muvofiq faoliyat yuritishini nazorat qilib borishi lozim.
O’quvchilarning o’z-o’zini boshqarishi bu o’qituvchilar tomonidan tashkil qilinadigan jamoa ishini uyushtirish va boshqarishda o’quvchilarning faol ishtirok etishidir. O’z-o’zini boshqarishning shakllari orasida jamoa a’zolarining yig’ilishi, konferentsiyasi hamda turli komissiyalar (masalan, o’quv komissiyasi yoki tozalik komissiyasi) faoliyati muhim o’rin tutadi.
4.O’quvchilar jamoasini shakllantirishda an’analar muhim o’rin tutadi.
Jamoa an’analari jamoa a’zolari tomonidan birdek qo’llab-quvvatlanuvchi barqarorlashgan odatlar bo’lib, ularning mazmunida munosabatlar xususiyati hamda jamoaning ijtimoiy fikri yorqin ifodalanadi.
Jamoa an’analari shartli ravishda ikkiga bo’linadi:
a) kundalik faoliyat an’analari;
b) bayram an’analari.
Kundalik faoliyat an’analari o’quvchilarning o’quv faoliyati (o’zaro yordam turlari), va mehnat faoliyati (ko’chatlar o’tkazish, hasharlar uyushtirish va boshqalar)ni o’z ichiga oladi.
Bayram an’analariga ijtimoiy ahamiyatga ega turli voqea hamda hodisalar bilan bog’liq sanalar (xususan, «Alifbe bayrami», «Mustaqillik bayrami», «Navro’z bayrami», «Xotira va qadrlash kuni» va boshqalar)ni nishonlash maqsadida tashkil etilgan faoliyat kiradi.
Nima uchun o’quvchilar jamoasini shakllantrishda an’analar muhim o’rin tutadi?
An’anaviy bayramlar o’quv muassasalarida turlicha o’tkaziladi. O’quvchilar an’analar mohiyatini anglasalar, ularga nisbatan ongli munosabatda bo’lsalargina uning ta’sir kuchi yuqori bo’ladi.
An’analarning yuzaga kelishida o’quvchilarning unga nisbatan munosabati katta ahamiyatga ega. Maktab rahbariyati va o’qituvchilar o’quvchilar jamoasiga muayyan sanalarga bag’ishlab haddan ziyod ortiqcha tadbirni uyushtirish talabini qo’ymasligi zarur.
Tadbirlarni tashkil etish va o’tkazishda o’qituvchilar jamoasi yoki o’qituvchi tomonidan ushbu jarayonda o’quvchilar jamoasi bilan birgalikda ish olib borish, ularni an’analarni davom ettirishga o’rgatish masalasiga alohida e’tibor qaratishlari pedagogik jihatdan ijobiy natijalarni beradi.