Matnlar tipologiyasida axborotni uzatish kanali alohida o‘rin tutadi. Ana shunga ko‘ra matnlarning og‘zaki matn va yozma matn tiplarini farqlash lozim. Kommunikatsiya jarayonida berilayotgan axborotning hajmi ham matnlar tipologiyasi uchun yana bir asos bo‘ladiHar qanday matnni unda ifodalangan axborotning hajm belgisiga ko‘ra minimal matn va maksimal matn tiplariga ajratish mumkin. [71; 43]. Badiiy uslubda yozilgan matnda minimal matn deb biror mavzuni yoritishga bag‘ishlangan qatralar, xalq donishmandligini ifodalaydigan maqol, matal va aforizmlar, miniatyuralar, hajviy asarlar, nomalar, she’r va she’riy parchalar, umuman, kichik mavzuni qamrab oluvchi bir necha gaplardan iborat butunlik tushuniladi. Matnning ichki tomonini mazmun yaxlitligi, tashqi tomonini esa turli shakldagi bog‘lamalar, sintaktik vositalar birlashtirib turadi. Masalan: Talantsiz yozuvchi tovuqqa o‘xshaydi. Yong‘oqdek tuxum tug‘adi-da, qaqog‘lab olamni buzadil (O‘. Hoshimov). Yoki: Sevgi nima? Insoniyat paydo bo‘ptiki, shu savol ustida bosh qotiradi, Ammo javob topolmaydi. Agar inson sevgining barcha sir-asrorlarini bilganida edi, uning modeli – qolipini yaratgan bo‘lardi. Sevgi hech qanday qolipga sig‘magani uchun ham sirli va abadiydir (O‘.Hoshimov).
Minimal matn deb atash mumkin bo‘lgan ikkita parchani keltirdik. Tarkiblanish jihatidan birinchisi ikkita gapdan tuzilgan. Mazmunni birlashtirishga xizmat qiladigan sarlavha berilmagan. Bu vazifa tovuq va u bilan bog‘liq so‘zlarga yuklatilgan (tovuq- tuxum-qaqog‘lamoq). Iste’dodsiz yozuvchi birinchi gapda tovuqqa o‘xshatilmoqda. Ikkinchi gap esa bu o‘xshatishni to‘laroq izohlash yoki sababini ko‘rsatish uchun keltiriigan. [36; 243]. Ya’ni, iste’dodsiz yozuvchi tovuqqa o‘xshatildi, ammo tovuqning qaysi sifat va xususiyatiga? Muallif munosabati ikkinchi gapda tugal ifodasini topgan. Matn butunligini ta’minlashda tovuq-tuxum-qaqog‘lamoq so‘zlari mazmuniy o‘q vazifasini bajarmoqda. Keyingi kichik hajmli matnni oladigan bo‘lsak, ushbu matnning ichki mazmuni savol shaklidagi sarlavha orqali oshkor qilingan. Matn 4 ta gapdan tashkil topgan. Butunlikni ta’minlayotgan vositalar sirasiga izchil va tugal ohang, ammo bog‘lovchisi, agar boglovchisi va matnning mazmuniy o‘qini tashkil qiluvchi sevgi so‘zi kiradi. Demak, masala savol shaklida qo‘yilyapti va unga matn orqali javob berilyapti. Ya’ni, Sevgi nima? Sevgi - sirli va abadiy tushuncha. Ayrim mutaxassislar bittagina gap ham minimal matn tushunchasiga teng kelishi mumkin degan fikrni ilgari surishgan. Tilshunos N.Turniyozov «matn bir so‘z bilan, bir necha so‘z bilan, bir necha gap bilan, bir necha abzas bilan va bir necha bob bilan ifodalanishi ham mumkin» ligini aytadi. Lekin olim shuni ham ta’kidlaydiki, «matn lingvistikasi muammolarini bir so‘zli, birikma yoki biror sodda gap bilan ifodalangan matnlar asosida o‘rganish maqsadga muvofiq emas. [54; 24]. Chunki bunday matnlarga tayanib til sistemasi unsurlarining nutqqa ko‘chirilishiga oid masalalar tavsifini mukammal holatda berib bo‘lmaydi. Tilshunos M.Hakimov ham bitta gap matn tushunchasiga teng kelishi mumkinligini ta’kidlaydi: «Masalan: Bahor... Bu jumlani kichik matn hisoblash mumkinmi? Bizningcha, to‘la ma’noda kichik matn deb hisoblash mumkin. Chunki tugal bir ohang bilan aytilgan Bahor jumlasida "tabiatning jonlanishi», "hammayoqning ko‘m-ko‘k tusga kirishi», «atrof-muhitning go‘zal tusga burkanishh kabi yashirin mazmun mavjuddir. Shuning uchun kichik matnda bir tugal mazmuniy fikr o‘z ifodasini topadi. Lekin bu tipdagi ko‘rinishlarni tom ma’noda matn deb atash mumkin emas. Chunki matn struktural jihatdan gapdan yirik sintaktik butunlik. Demak, gaplardan tashkil topadi. Yashirin mazmun sifatida havola qilinayotgan ma’nolar so‘zning ma’no strukturasi bilan bog‘liq. [31; 69]. Mazkur gap o‘zidan keyin keladigan izohlovchi yoki kengaytiruvchi gaplar bilan bir butuniik hosil qilgandagina matn deyish to‘g‘ri bo‘ladi. Agar yashirin mazmunga qarab xulosa chiqaradigan bo‘lsak, istalgan so‘zni matn deyishimiz mumkin bo‘ladi. Masalan, ona degan so‘zni oladigan bo‘lsak, bu so‘zning ham moddiylashmagan yashirin ma’nolari mavjud va ular mazkur so‘zni talaffuz qilishimiz bilanoq, ko‘z oldimizda u yoki bu tarzda namoyon bo‘ladi.
Maksimal matn deyilganda keng ko‘lamdagi voqealarni yoritish ehtiyoji bilan yuzaga kelgan butunlik nazarda tutiladi. Badiiy uslubda hikoya, qissa, roman, epopeya kabi yirik hajmli asarlar maksimal matn hisoblanadi. Bunday matn tarkibida epigraf, so‘zboshi (muqaddima), so‘ngso‘z (epilog) kabi yordamchi qismlar ham ishtirok etishi mumkin. Ular asar mazmuni va g‘oyasiga, shuningdek, mavzuning tanlanishi va yoritilishiga oid ayrim masalalarga qo‘shimcha izoh, sharh bo‘lib keladi. Maksimal matn tashqi jihatdan turlicha shakllangan bo‘ladi. Masalan, Pirimqul Qodirovning «Humoyun va Akbar» tarixiy romanini ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, mazkur asar ikki mustaqil qismga ajratiladi. Har ikki qism alohida nomlanadi (Humoyun. Akbar). Qismlar 9-10 tadan bo‘limlarga bo‘linadi va har bir bo‘lim voqea bo‘lib o‘tayotgan joy hamda gap kim yoki nima haqida ketayotganligiga qarab nomlab boriladi (Masalan; 1. Agra. Hamida bonu arosatda.,. 2. Ganga. Ko‘rgilik. v.h.). Romanning umumiy hajmi 30 bosma taboq. Shuningdek, matn lingvistikasiga oid ishlarda ma’lum bir matn tarkibidagi murakkab sintaktik butunlikka nisbatan mikromatn, yaxlit matnga nisbatan esa makromatn atamasi qo‘llanadi. Lekin mikromatn va makromatn tushunchalari matn tiplari bo‘la olmaydi. Chunki ular butun-bo‘lak munosabatini tashkil etadi. Masalan, A.Qahhorning "Bemor" hikoyasi butun holicha makromatn (garchi hajman kichik - minimal matn bo‘lsa ham), undagi murakkab sintaktik butunliklar mikromatndir.
Matnlarni tiplashtirishda ularning lisoniy strukturasi ham nazarda tutilishi kerak. Shunga ko‘ra, tipologik jihatdan turg‘un strukturali matnlar (ma’lumotnoma, dalolatnoma, annotatsiya, patent kabilar) va erkin strukturali matnlar (maqola, hikoya, she’r, roman kabilar)ni farqlash mumkin. Matnlar mazmuni va ifoda maqsadiga ko‘ra ham farqli tiplarga birlashadi. Bunda berilmoqchi bo‘lgan axborotning xarakteri va uni ifodalashdan ko‘zlangan maqsad asosiy o‘lchov vazifasini bajaradi. Bu nuqtai nazardan matnlarni nutqiy muloqotning asosiy shakllariga uyg‘un ravishda hikoya, tasviriy, muhokama matnlariga ajratish tilshunoslikda an’anaga kirgan. Matn tiplarini belgilashda yana bir omil - asos nutqning funksional uslublaridir [45; 65]. Matn funksional uslubiy mohiyatiga ko‘ra ilmiy matn (tezis, maqola, ma’ruza, taqrizlar), badiiy matn (nasriy, nazmiy asarlar), rasmiy matn (ma’lumotnoma, qaror, buyruq, tavsifnoma, tavsiyanomalar), ommabop matn (maqola, suhbat, tabrik va xitob nutqi matnlari) kabi tarmoqiarga bo‘linadi. Matn maqsad-mohiyatida tilning ikki muhim vazifasidan qaysi birining - kommunikativ vazifaningmi yoki estetik vazifaningmi-yetakchilik qilishiga asoslangan holda matnlarning ikki oppozitiv tiplarini farqlash zarur, ya’ni badiiy matn va nobadiiy matn. Asosiy maqsad-mohiyatida kommunikativ vazifa yetakchilik qilgan matnni nobadiiy matn deb, asosiy maqsad mohiyatida estetik vazifa yetakchilik qilgan matnni esa badiiy matn deyish ma’qul. Muloqot paytida, gapirayotganda yoki yozayotganda har doim yangidan matn yaratmaymiz. Ehtiyojimizga ko‘ra turli matn tiplaridan foydalanamiz. Ba’zan boshimizdan o‘tgan yoki o‘zimiz guvoh bo‘lgan voqealarni kimgadir aytib beramiz. Tinglovchiga notanish bo‘lgan biror kishi yoki joyni batafsil tasvirlab berishga harakat qilamiz. Ba’zan fikrimizni turli dalillar yordamida isbotlashga, izohlashga ehtiyoj sezamiz. Yoxud kimgadir pand-nasihat qilamiz. Uni turli hayotiy voqealar vositasida tarbiyalash yoki aytilganlardan xulosa chiqarishini istaymiz. Muloqot maqsadimiz ba’zan qandaydir xabarni tinglovchiga yetkazishga qaratilgan bo‘ladi. [46; 87]. Ba’zan nimanidir so‘rashga ehtiyoj sezamiz. Shu bilan birga biror ishni qanday bajarish kerakligi haqida tavsiyalar beramiz yoki biror ishni qilmaslik haqida buyruq beramiz. Maqsadimizga erishish uchun turli ko‘rsatma, ta’qiq va xitob jumlalaridan foydalanamiz. Insonlar o‘rtasidagi muloqot maqsadi va mazmuni shular bilangina chegaralanib qolmaydi. Inson hissiyotlarini, tuyg‘ularini, hayajonlarini, azob va qayg‘ularini ifodalash, shu orqali tinglovchi yoki kitobxonni ta’sirlantirishni istaydi. [27; 96]. Ana shunday hollarda ba’zan mubolag‘a ba’zan o‘xshatish-qiyoslash kabi tasviriy vositalardan foydalanamiz. Shu asosda badiiy matn ifoda mazmuniga ko‘ra ham tiplarga ajratiladi: hikoya mazmunli matn, tasviriy matn, izoh mazmunli matn, didaktik matn, xabar-darak mazmunli matn, so‘roq mazmunli matn, buyruq-istak mazmunli matn, hissiy ifoda mazmunli matn. Unutmaslik kerakki? Biror bir badiiy matnda sanab o‘tilgan matn tiplarining hammasi yoki ayrimlari ishtirok etgan bo‘lishi mumkin. Yohud butun boshli asar yuqorida zikr etilgan matn tiplaridan faqatgina bittasi asosida shakllangan bo‘lishi ham mumkin. Tilshunoslik fani taraqqiyotining hozirgi davrgacha tilning murakkab sistemasini tashkil etishi va u bilan bog‘liq muammolar atroflicha o‘rganildi.Bugungi kun tilshunosligida matn tilning alohida yirik birligi (supersintaktik butunlik) va matn tilshunosligi deb atalayotgan sohaning asosiy ob’ekti sifatida talqin qilinadi. [63;152]. Matnni tadqiq etishda uni so‘z birikmasi va gapdan farqlash lozimligi, matnning ham o‘z kategoriyasi va qonuniyatlari borligi aytiladi. Tilshunos M.Х.Hakimov ilmiy matn tadqiqiga bag‘ishlangan dissertatsion ishida bu haqda shunday yozadi: “ Matn so‘zining lug‘aviy ma’nosida birikish, bog‘lanish tushunchalarining borligi, shuning uchun matn tarkibi o‘zaro qaysidir bog‘lovchilar yordamida birikishini o‘rganish «Matn tilshunosligi» sohasining asosiy muammolaridan biri bo‘lib qoldi[28;145]. Matn birliklarining o‘zaro bog‘lanishini ifoda etuvchi takror va uning bir necha ko‘rinishi, olmosh turkumiga oid ba’zi so‘zlar, gapning so‘roq shakliga хos bo‘lgan ko‘rinishining matn hosil qilishdagi vazifalari matn tilshunosligida alohida o‘rin tutadi. Mazkur ishda muallif «matn» atamasini «nutq», «kontekst» kabi boshqa lingvistik atamalardan farqlash lozimligini ta’kidlaydi. Nutq og‘zaki va yozma shakllarda namoyon bo‘ladi. Nutqning yozma shakli matn atamasi ifodalaydigan mazmunga muvofiq keladi. «Nutq sub’ektdan adresatga yo‘naltiriluvchi nutqiy faoliyat hisoblanadi [72; 89]. Matn esa faqat ob’ektiv informatsiyadan iborat bo‘lmay, balki o‘ziga pragmatik mazmunni ham qamrab olgan nutqning material ko‘rinishidir». Tilshunos olim M.Arriv «Diskurs, ifoda (recit) va bular orasidagi aloqani maydongakeltiradigan butunlikka matn deyiladi» deydi. Ilmiy adabiyotlarda kontekst atamasi nutqiy vaziyat mahsuli deb ko‘rsatiladi. «Kontekst – bu bir leksik yoki grammatik birlik asosida ifodalangan ma’no yoki tushunchani oydinlashtirish uchun keltirilgan, tuzilgan minimal nutq birligi. Qoida bo‘yicha bu – so‘z birikmasi, ba’zan gap, kamdan-kam abzats yoki yaхlit matnga teng keladi». Masalan, tuyoq so‘zi hayvonga aloqador a’zo hisoblanadi: Loyi ko‘pirib yotgan yo‘lda ot taqalari, mol tuyoqlaridan hosil bo‘lgan chuqurchalarni limmo-lim to‘ldirgan sariq zardoblar jimirlab, yoni-veridan sirqib yotardi (P.Tursun). Mazkur so‘z insonga nisbatan qo‘llanilganda salbiy ottenka birinchi planga chiqadi: Obro‘ying borida tuyog‘ingni shiqillatib qol. Kontekst so‘zlarning semantik ma’nosi reallashadigan o‘ziga хos maydon, nutqiy vaziyat hisoblanadi. Bu o‘rinda S.D.Katsnelsonning quyidagi fikrini keltirib o‘tish o‘rinli: «Borliqning mavjud dalillari lug‘atlarda berilganidek alohida so‘zlarda emas, balki nutqiy aloqalarda, tugal хabarlarda, matnlarda, ularning minimal bo‘lagi bo‘lgan gaplarda aks etadi... So‘zlar va ular ma’nolarining ong va borliqqa munosabati gap orqali bog‘langan, gapdan tashqarida ular faqat potentsial birlikdir, хolos. Ularni meхanizmning detallariga qiyoslash mumkin, ularning vazifasi faqatgina butun bir meхanizm bilan aloqada tushuniladi». Q. Xonazarov muharrirligi ostida nashr etilgan “Ensklopedik lug‘at”da matn so‘ziga quyidagicha ta’rif berilgan:
Muayyan tilning qonun qoidalari, muayyan belgilar sistemasiga muvofiq tuzilib, axborot beruvchi gaplar, so‘zlar (semiotikada - belgilar) izchilligi;
So‘z asari: badiiy adabiyotda tabiiy til belgilari (so‘zlar) va murakkab estetik belgilar (poetik til, syujet, kompozitsiya va h.k.)”dan tuzilgan to‘la asar yoki uning parchasi;
Nashrda matnning rasm, chizma va formulalardan farqli ravishda so‘z bilan ifodalangan qismi [62, 254b].
Tilshunoslik fanida bugungi kunga qadar juda ulkan yutuqlar qo‘lga kiritildi. Buni tilning fonologik, morfologik, sintaktik sathlarning har biribilan bog‘liq muammolar talqinida to‘liq kuzatish mumkin. Lekin matn va uning lingvistik tabiatini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar ilmiy izlanishlarimiz kun tartibiga endigina qo‘yila boshladi. Bunday vaziyat alohida olingan bir necha xususiy tilshunosliklar uchungina emas, balki umumiy tilshunoslik uchun ham xarakterlidir.
Bugungi kunda matn lingvistik tahlilini nimadan boshlamoq kerak va qanday masalalarga e’tibor qaratilishi lozim, degan savollarga ham tilshunoslarning javoblari mushtarak emas. Bundan tashqari, matnning nutq kategoriyasi ekanligini dalillovchi belgilar nimalardan iborat, uni nutqiy jarayon deb atash lozimmi yoki nutqiy jarayonning natijasi sifatida talqin etish kerakmi, matnni og‘zaki nutq bilan yoki yozma nutq bilan bog‘lab o‘rganish to‘g‘ri bo‘ladimi, degan muammolar ham kun tartibiga qo‘yilmoqda.
Matnning nutq kategoriyasi ekanligi masalasi bevosita “nutqiy jarayonning o‘zi” va “nutqiy faoliyat natijasi” tushunchalari bilan uzviy bog‘liqdir. Chex olimi K. Gauzenblas matnni ham nutqiy faoliyat sifatida, ham nutqiy faoliyat mahsuli (natijasi) tarzida talqin etadi. Bunda yozma nutq nutqiy faoliyat mahsuli sifatida, og‘zaki nutq (shu jumladan uning magnit tasmasidagi ifodasi ham) esa nutqiy jarayon deb talqin etiladi. (Sossyur F. de., 1977:67)
Rus tilshunosi I. R. Galperin bu masala bobida mustaqil fikr bildiradi. Unga ko‘ra, matn har tomonlama mukammal holatga keltirilgan yozma nutq mahsulini taqozo etishi ta’kidlanadi. Og‘zaki nutq esa turli qaytariqlarni, uzuq-yuluq gaplarni ham o‘z ichiga oladi va shu bois uni tekshiruv obyekti bo‘la oladigan matn e’tirof etish maqsadga nomuvofiqdir. (Glison G., 1959:72)
Tilshunoslik fanining hozirgi taraqqiyoti davriga qadar lingvistik tahlilning eng yuqori pog‘onasi gap hisoblanib kelingan. Bu haqda aytilgan polyak olimi M. R. Mayenovaning quyidagi fikri ibratlidir: “Yaqin davrlarga qadar lingvistik kuzatuvlar ham gap shakli nihoyasiga yetgan yerda tugatilar edi. Ko‘plab gaplarni o‘z ichiga oladigan matn esa mazkur ilmiy izlanish doirasidan tashqarida qolar edi” [10, 9].
“Ravshanki, gap tilning eng yuqori pog‘onasini tashkil etuvchi birlik sanaladi. Ammo nutqda u eng kichik birliklar jumlasiga kiradi. Shu bois gapni matnning qurilish materiali tarzida talqin etish maqsadga muvofiqdir” [10, 18]. Nemis tilshunosi M. Pfyutse ta’kidlaganidek, matn biror maqsad ifodasi uchun o‘zaro munosabatga kirishayotgan frazalarning mazmuniga ko‘ra birikishidan tashkil topadi [8, 4]. Fransuz tilshunosi R. Bart matn tushunchasini quyidagicha izohlaydi: “Ichki bog‘lanishli bo‘lgan, muloqot maqsadida mazmunan o‘zaro birikkan gaplardan tashkil topgan nutqning har qanday parchasini matn deb atash mumkin“.
M. V. Lyapon ham matn lingvistikasi muammolarini murakkab sintaktik qurilmalar asosida talqin etadi. U matn tavsifida quyidagi to‘rt konsepsiyaga asoslanishi mumkinligini ko‘rsatadi:
Matn – bu jumlalarning o‘zaro munosabatidan kelib chiquvchi xabardir. Matn tadqiqotchi uchun til hodisalarini o‘rganishga birdan bir manbadir.
Matn – bu so‘zlovchining nutqiy qobiliyatini ro‘yobga chiqaruvchi vositadir. Bu jarayonda matn tilning nutqda real qo‘llanilishini ta’minlovchi makon vazifasini ham bajaradi.
Matn – bu so‘zlovchining faol nutqiy faoliyati mahsulidir.
Matn – bu til sistemasining kommunikativ jarayonda muhim funksiya bajaruvchi eng yuqori pog‘onasidir.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, matn borasida quyidagicha xulosa chiqarish mumkin:
Matn – bu muayyan tilning qoidalariga muvofiq tuzilgan, ichki bog‘lanish asosida o‘zaro mazmunan birikkan so‘z va gaplar izchilligidan iborat bo‘lgan, rasm, chizma va formulalardan farqli ravishdagi, nutqiy faoliyat natijasi bo‘lgan xabar, axborotdir.