Shams Tabriziy
1245 yil, 12 iyun, Konya.
Turgan-bitgani tomoshaxonaning o'zi! Agar
musulmonlar o'z gunohlarini yuvish uchun
butun Ramazon oyi Xudoga bag'ishlab ro'za
tutsalar ham va har Iydi Ramazon qo'y yoki
echki qurbonlik qilsalar ham, agar butun umr
Makka ziyorati orzusini qilsalar va kuniga besh
mahal joynamoz yoysalar hamki, qalblarida
IShQ tuyg'usi bo'lmasa - bularning barchasida
ne ma'no bor? IShQdan ayro e'tiqod - quruq
so'zlardangina iborat; so'zlarda asl hissiyot
bo'lmagani uchun ular juda zaif va
nohayotiy, noaniq va puchdir.
Nahotki Xudoni Makka yoki Madinaga
borganda topish mumkin deb o'ylasalar? Yoki
uni machitda topish mumkin deb o'ylasalar?
Xudoni qandaydir bir «yopiq» makonda
ekanini tasavvur qilish mumkinmi?!
Hamon Xudo O'ZI «Na Osmonlarim va na
Yerim Meni o'ziga sig'dira olmagay, lekin Men
menga ishongan qulimning qalbiga sig'aman»
degan bo'lsa, Uni biron bir «yopiq» makonda
joylashganini qanday tasavvur etish mumkin.
O’zining o'tkinchi (cheklangan) tafakkurini
Buyuk Xudoni bilish uchun yetarli, deb
o'ylaydigan ahmoqqa chinaman. Xudo bilan
savdolashish va uning oldidagi QARZlarini
uzish mumkin, deb o'ylaydigan johilga
achinaman. Nahotki, bu odamlar Xudoni
bizning gunohu savoblarimizni tarozuning ikki
pallasida o'lchaydigan attorga o'xshatsalar?
Yoki nahotki Uni bizning gunohu
savoblarimizni xuddi o'zining kirim va chiqim
daftariga yozib borib, savdo qiladigan savdogar
(sudxo'r)ga o'xshatsalar? O'zlarining Xudo
bilan Birliklarini shunday tasavvur etadilarmi?
Yo'q! Mening Xudoyim - Buyuk! U Tirik
Xudo! Menga o'lgan Xudoning nima keragi
bor? Nima uchun men hamisha qo'rquv va
vahimalar, taqiq va pandu nasihatlar ichida
qotib, qolipda yashashim kerak? U (mening
Xudoyim) cheksiz mehr-muruvvatlidir. Uning
ismi al-Vaduddir. Zero, U Sevguchidir.
Men Unga o'zim qilayotgan har bitta ishimda,
xuddi nafas olayotganday yengil va tabiiy
hamdu sano aytaman. Zero, Uning ismi al-
Hamid, Maqtalguchi (hamdu sanolar
aytilguchi)dir.
Hamon o'z qalbim tubida Xudo hamma narsani
O'zi ko'rib va eshitib turganini bilsam, nima
uchun fisqu fasod, g'iybatlar bilan mashg'ul
bo'lishim kerak. Axir Uning ismi al-Basir,
hamma narsalarni Ko'ruvchi-ku!
Al-Jamol, al-Qayyum, al-Rahmon, al-Rahim.
Qurg'oqchilik bo'ladimi yo dunyoni suv
bosadimi, ochlik yo tashnalikdan o'lay deb
qolamanmi, to tizzalarim bukilib, vujudim
o'zimga bo'ysunmay qolgunicha, yuragim
urishdan to'xtagunicha Uning ishqida
kuylayman va Uning uchun raqs tushaman.
Uning eng SOF borlig'i, bo'm-bo'sh qismiga,
Uning buyuk koinotidagi eng mayda zarralari
ichidagi bir zarrachaga aylanmagunimcha, o'z
tuban nafsimni (nafsi ammoramni) tinimsiz
chilparchin qilishda davom etaman. Men
minnatdorlik, quvonch va qat'iyat ila Uning
buyukligi va barcha himmatlarini
sharaflayman. U menga bergan va
bermaganlarning barchasi uchun Unga
minnatdorlik izhor etaman, zero menga nima
yaxshiroqligini O'zi bilguchidir.
Ro'yxatimdagi yana bir qoida yodimga tushib,
baxt va umid to'lqini meni qamrab olganini his
etdim. «Xudo yaratgan „avjudotlar ichida
MEN UNGA O'Z RUHIMNI PUFLADIM deb
aytilgan Inson alohida o’rin egalladi.
Bizlarning har birimiz, beistisno, Xudoning bu
yerdagi elchisi bo'lish uchun yaralganmiz. Sen
hech bo'lmasa bir marta o'zingdan o'z xatti-
harakatlaringda Xudoning yaratmishiga
o'xshaymanmi deb so'raganmisan? Sen
uzingdagi Xudoni kashf etishing va shu
kashfiyot ila yashamog'ing kerakligini
eslaysanmi?»
Xudo bilan birlashib, fano bo'lish va o'z nafsiga
qarshi kurash olib borish o'rniga din
mutaassiblari (fanatlar) qo'rquv qo'zg'otib,
boshqa odamlar bilan jang qiladilar. Dunyoga
qo'rquv to'la ko'z bilan qaragan odamlar
voqelikdan yana ham badtar vahimaga
tushishlari ajablanarli emas. Biron joyda yer
qimirlasa, qurg'oqchilik bo'lsa yoki boshqa
koru hol ro'y bersa, ular buni Muqaddas G'azab
ifodasi sifatida qabul qiladilar - go'yo Xudo
«Mening shafqatim Mening g'azabimdan
kuchliroq» demaganday. Fanatlar har xil
narsalarni bahona qilib hammaga jahl bilan,
g'ijinib qarab xuddi Buyuk Rabbimiz ularning
tarafini olishini va o'zlaridagi arzimas qasos
o'tini quvvatlashini kutadilar. Ularning
hayotlarida faqat achchiq alamlar va nafratlar
uchun, yana ularga hamisha va hammayoqda
xuddi qora bulutlar kabi hamrohlik qiladigan,
ularning o'tmish va kelajaklariga soya solib
turadigan cheksiz norizoliklar uchun o'rin bor,
xolos. Insonda o'rmonni ko'rib, daraxtlarni
ko'ra olmaydigan hollar bo'ladi. Ba'zi
qoidalarni butunning nurida ko'rmoq joiz.
Butun esa o'z mohiyatida yashirin.
Fanatlar Qur'onning mohiyatini izlashni
istamay va uni butunligicha qabul qila olmay,
ayrim oyatlarni odamlarning vahimaga tushgan
ongiga mos kelamagan muqaddas ko'rsatma
sifatida ajratib oladilar. Ular hamma vaqt
Qiyomat kuni barcha insonlar soch tolasidan
ingichka va pichoq tig'idan keskir Sirot
ko'prigidan o'tkazilishlarini eslatadilar.
Ko'prikdan o'ta olmagan gunohkorlar do'zaxga
tushishlari va oxiratga qadar o'sha yerda azob
chekishlarini aytadilar. Begunohlar esa
ko'prikdan o'tib ketishlarini, mevazor bog'lari,
shirin suvlari va go'zal farishtalari bor jannatga
tushishlarini aytadilar. Fanatlarning
tasavvurlariga shu manzara muhrlangan.
Ularning dunyoviy hayot qarshisidagi
qo'rquvlari, qilgan ishlarining jazosi haqidagi
qo'rquvlari shu qadar kattaki, o'zlarini oqlashga
bo'lgan urinishlari yo'lida Xudoni ham
eslaridan chiqaradilar! Naxotki ular qirq
qoidaning ushbu qoidasini bilmaydilar?
«Do'zax HOZIRda va ShU YERDAdir. Jannat
ham shunday. Do'zaxdan qo'rqish va jannatni
orzu qilish kerak emas, zero do'zax ham, jannat
ham hamisha inson qalbida. Qachon ishq bizga
nuzul etsa, demak, biz jannatdamiz. Qachon
nafratlansak, hasad qilsak yoki jang qilsak,
demak, biz do'zax o'tida yonayotirmiz».
Yigirma beshinchi qoidada shunday deyilgan.
Inson vijdoni uning gunohlarini ko'rsatganidagi
azoblar do'zaxdan qo'rqinchliroq emasmi?
O'zidan so'rang. U sizga do'zax nimaligini
aytadi. Insonda ahyonda Xudo bilan to'liq
muvofiqlikda yashayotganini bilganidagi baxt
tuyg'usidan go'zalroq jannat bormi? O'zidan
so'rang. U sizga jannat nimaligini ayta oladi.
Hamon hozirgi ondayoq Xudoning
hayotimizda bor yo yo'qligini to'liq bila olsak,
o'limdan keyingi olam, tasavvurdagi kelajak
haqida bezovtalikning nima keragi bor? Do'zax
haqida o'yga tolishlar va jannat ta'malari
so'fiylarga xos emas, shuning uchun ular
Xudoni sof holda va bezovtaliklarsiz, dog'i
hasratlarsiz haqiqiy (beminnat) ishq bilan
sevadilar.
Ishq sababdir. Ishq maqsaddir.
Va Xudoga muhabbating kuchli bo'lsa, uning
barcha yaratmishlarini ham ular U tufayli
yaralganliklarini va U tufayli yashayotganlarini
bilganing uchun sevsang, boshqa hech
nimaning ahamiyati qolmaydi. Bunda hech
qanday «men»ga o'rin qolmaydi. Butun
vujuding bilan sening butun borlig'ing bo'lgan
HECh NIMAga yo'nalasan.
Ertasi kuni biz Rumiy bilan shular haqida
o'ylar ekanmiz, u ko'zini yumdi va birdan shu
satrlarni ayt- di:
Vah, menga Mashriq nadir, Magrib nadir,
Balki ko'klarga ucharmen, bari bir.
Unda bo'lmas ersa gar Sendan nishon,
Hech erur menga bu umri jovidon.
Rumiy o'zini shoir deb hisoblamaydi. Lekin u
haqiqiy shoir. Zo'r shoir! U endi o'zini shoir
sifatida kashf etmoqda.
Ha, Rumiy haqli. U na Mashriqqa va na
Mag'ribga tegishli. U Ishq Saltanatiga tegishli.
U Sevgilisi (Rahmon)ga tegishli.
Dostları ilə paylaş: |