Olov
(Zararli narsalar vayron qiladi va yo'q qiladi)
Ichkilikboz Sulaymon
1246 yil, fevral, Konьya.
Odatda, men mast bo'lsam, xayolparast bo'lib
qolaman, buyuk Rumiyning karvonsaroyga
kirib kelayotganini ko'rib, o'zimni chimchilab
ko'rdim. Lekin ro'yo yo'q bo'lmadi.
- Hoy, Xristos, menga nima ichirding? -
qichqirdim men. - Keyingi finjondagi qanday
may edi? Agar menga nima ko'rinayotganini
aytsam, aslo ishonmaysan.
- Jim bo'l, ahmoq, - shivirladi orqamda o'tirgan
kimdir.
Men bu kim ekanini bilish uchun orqaga
qaradim, qarasam, hamma, jumladan, Xristos
ham, eshikdan ko'z uzmay qarab turishardi.
Hamma jim qotgan, hatto karvonsaroyning shu
yerdagi iti ham vovullamay, yerga qapishib
qolipti. Eron gilamlari bilan savdo qiladigan
savdogar ham o'zi ashula deb o'ylaydigan
ahmoqona kuylarini aytishdan to'xtagan. Ayni
payt u o'tirgan o'rindig'idan sakrab turdi va
odatda mast odamlar o'zlarini hushyor
ko'rsatish uchun qilganlariday, yuziga jiddiy
ifoda berish uchun boshini baland ko'tardi.
Jimlikni Xristos buzdi.
- Xush kelibsiz, Mavlono, - dedi u iloji boricha
hammadan ortiq iltifot ko'rsatishga urinib.
Tashrifingiz men uchun sharaf. Xizmat?
shen chindan ham Rumiyni ko'rayotganimni
anglaganimdan keyin ham ikki marta ko'zimni
qisdim.
- Rahmat, - javob qildi Rumiy keng, lekin
kuchsizroq jilmayib. - Men may xarid
qilmoqchi edim.
Bechora Xristosning hatto chakagi osilib qoldi.
O'ziga kelgach, Rumiyni mening yonimdagi
tasodifan bo'sh qolgan kursiga o'tirishga taklif
qildi.
- Assalomu alaykum, - salomlashdi men bilan
Rumiy o'tirgan zahoti.
Men ham u bilan salomlashdim va bir-ikki
og'iz shirin so’z qo'shganday ham bo'ldim,
lekin Rumiy ularni unchalik to'g'ri ilg'agani
noma'lum. Sirtdan qaraganda sokin,
qimmatbaho liboslarida Rumiy, mayxonaning
doimiy mijozlaridan keskin ajralib turardi.
Men Rumiy tomonga cho'zildim, past ovozda
shivirlab so'radim:
- Gapim qo'pol ko'rinsa, kechiring, lekin
sizdaiyin inson bu yerda nima qilib yuripti?
- So'fiylik sinovini topshirayapman, - javob
qildi Rumiy, xuddi bizlar yaqin do’st bo'lib
qolganday menga ko'z qisib. - Mendagi shon-
sharafdan asar ham qolmasin uchun Shams
meni shu yoqlarga yubordi.
-Shu yaxshimi?
Rumiy kulib yubordi.
- Bu qanday qarashga bog'liq. Ba'zan
o'zligingni qutqarish uchun barcha avvalgi
bog'lanishlarni yo'q qilish kerak. Agar o'z
oilamizga, jamiyatdagi o'rnimizga, hatto o'z
yo'limiz (maktabimiz) yoki machitimizga o'ta
bog'lanib qolishimiz Xudo bilan bevosita
bog'lanishimizga xalal bersa, bu
bog'lanishlardan voz kechish kerak bo'ladi.
Men Rumiyni to'g'ri tushunganimga unchalik
ishonchim yo’q edi, lekin U bergan
tushuntirish menga oqilona bo’lib tuyuldi. Men
so'fiylarni har doim biroz devonasifat, har hil
telbaliklarga qodir, lekin yorqin va qiziqarli
insonlar deb hisoblar edim.
Endi Rumiy men tomonga cho'zildi va u ham
shivirlab so'radi:
- Siz ham qo'polligim uchun kechiring-u, lekin
yuzingizdagi chandiq qanday paydo bo'lgan?
- Buning qiziq joyi yo'q. Kechasi uyimga
ketayotganimda mirshablarga duch kelib
qoldim, ular meni o'larli qilib do'pposlashdi.
- Nima uchun? - astoydil qayg'urib so'radi
Rumiy.
- Chunki may ichgan edim, - dedim, ayni shu
payt Xristos Rumiy oldiga qo'yib ketgan
ko'zalarni ko'rsatib.
Rumiy bosh chayqadi. Avvaliga u shunday
bo'lishi mumkinligiga uncha ishonqiramadi,
keyin menga do'stona jilmayib qo'ydi. Bu bilan
suhbatimiz tugamadi. Biz non bilan echki
sutidan tayyorlangan pishloq chaynab
o'tirgancha, e'tiqod, do'stlik haqida va boshqa,
men ancha ilgarilari unutib yuborgan, hozir esa
men xursand bo'lib to'kib solgan boshqa
masalalarni muhokama qilib o'tirdik.
Quyosh botar-botmas Rumiy uyiga ketishga
chog'landi. Qovoqxonadagilarning hammasi u
bilan xayrlashish uchun o'rinlaridan turishdi.
G'aroyib tomosha!
- Lekin siz bizga nima uchun may ichish
taqiqlanganini aytmasdan keta olmaysiz, -
dedim men.
Xristos ardoqli mehmonni xafa qilib
qo'yishimdan xavotir olib, qovog'ini uygancha
shoshildi:
- Jim bo'l, Sulaymon. Nima uchun so'rayapsan?
- To'g'risida, - Rumiydan ko'z uzmasdan
gapimda turib oldim men. - Mana siz bizni
ko'rdingiz. Biz yomon odamlar ekanmizmi?
Vaholanki, bizni hamma yomonotliq qiladi.
Agar biz tinch yursak va hech kimga xalal
bermasak, mayxo'rlik qilishimizning nimasi
yomon, menga shuni ayting?
Burchakdagi oyna ochiq bo'lishiga qaramay bu
katta xona qorong'u va nam edi. Hamma
Rumiy nima deyishini kutib turardi. Men
hamma uning javobini qiziqib kutayotganini
ko'rib turardim. Rumiy xayolchan, xomush va
tamomila hushyor edi. Va u shunday dedi:
Gar mayxo'r qalbida bo'lsa ezgulik,
May kayfi yashirmas, yashira olmas.
Lek bo'lsa gar unda zarra yovuzlik,
Qancha ichsa hamki, mayla yuvilmas.
Shuning-chun, ey do'stlar, ichmaslik kerak...
Biz hammamiz mamnun holda, uzoq vaqt
uning so'zlaridagi ma'noni tushunishga urinib
jim qoldik.
- Do'stlarim, mayni unchalik bezarar deb
bo'lmaydi, - dedi Rumiy, lekin endi
boshqacharoq, ishonchliroq va qat'iyroq qilib. -
U insondagi jamiki eng yomon narsalarni
yuzaga olib chiqadi. Biz undan uzoqroq
turishimiz kerakligiga shubha qilmayman.
O'zimizdagi illatlar uchun mayni ayblamaslik
kerak. Kishi o'zidagi takabburlik va boshqa
illatlarga qarshi kurashishi kerak. Mana shu
muhimroq. Oxir-oqibat kim ichishni istasa,
ichaveradi, istamasa, ichmaydi. Biz o'z
mas'uliyatimizni o'zgalarga yuklamasligimiz
kerak. Din hech kimni hech nimaga majbur
etmaydi.
Ba'zilar uni ma'qullab boshlarini irg'itishdi.
Men esa donishmandlikni qadah bilan
sharaflash kerak, degan ishonch bilan may
solingan finjonimni ko'tardim.
- Siz yaxshi insonsiz, sizda ulkan yurak bor, -
dedim men. - Sizning yurish-turishingiz haqida
kim nima deyayotganining ahamiyati yo'q, u
odamlarning qanday vaysaqiligini hammadan
yaxshi men bilaman, lekin hamon bu yerga biz
bilan tengma-teng suhbatlashgani kelibsiz,
demak, siz juda zo'r va'zxonsiz.
Rumiy menga do'stona qarab qo'ydi. Keyin
labiga ham tekkizmagan ikki ko'zachadagi
mayni oldi, kechki nimqorong'ulik qa'rida
ko'zdan g'oyib bo'ldi.
Dostları ilə paylaş: |