2008 yil, 29 iyunь, Nortgempton.
Azizning: «Har qanday kutilmagan hodisa
faqat inson o'z ichidan tayyor bo'lgandagina
sodir bo'ladi», degan fikri Ellaga bahs uchun
o'rin qoldirmaydigan fikr bo'lib tuyulgan edi.
Lekin hozir u bu hodisaga sira tayyor emas edi:
Aziz Ella bilan ko'rishish uchun Bostonga
kelipti.
Yakshanba kuni kechqurun Rubinshteynlar
oilasi kechki ovqat tanovuli uchun stol atrofiga
o'tirganlarida Ella o'z telefoniga SMS
kelganiga e'tibor berdi. Pazandachilik
klubidagi tanishlardan birontasi bo’lsa kerak,
deb o'ylab, darrov o'qimadi, buning o'rniga
stolga o'zining maxsus tayyorlagan taomi:
qovurilgan kartoshka, piyoz va jigarrang
guruch bilan ichiga asal solib pishirilgan
o'rdakni tortdi. O'rdakni stolga qo'yganida,
hammalari hayratdan bir silkinishdi. Hatto
yaqinda Skottni yangi dugonasi bilan ko'rib
qolgani uchun ruhiy tushkunlik holatida yurgan
Janet ham.
Kechki ovqat cho'zilib ketdi. Yuviqsiz
idishlarni idish yuvgich mashinaga solganidan
va shokoladli muzqaymoqni tortganidan
keyingina, Ellaning miyasiga xatni o'qish vaqti
kelgani haqidagi fikr keldi.
Salom, Ella.
Men hozir «Smitson» jurnali topshirigi bilan
Bostondaman. Hozirgina uchib keldim. Sen
bilan uchrashishni istayman. «Oniks»da
bo'laman. Kutaman.
Aziz.
Ella telefonii qo'ydi, o'zini noqulay his etib,
stol yoniga o'tirdi.
- Xabar keldimi? - so'radi Devid likopdan bosh
ko'tarib.
- Ha, Misheldan, - osongina yolg'on to'qidi
Ella. Devid azob chekayotgan ko'rinish olib,
yuzini o'girdi, keyin sochiqni yaxshilab taxlay
boshladi.
- Tushunarli, - dedi u.
Ella erining unga ishonmaganini bilib turardi,
lekin o'zining sira shubhalanmayotgani va
vijdoni ham qiynalmayotgani qiziq edi. U hech
tutilmasdan, xotirjam ovozda dedi:
- Mishel agentlikda ertaga ertalab kelgusi yil
katalogi borasida majlis bo'lishini xabar qildi.
U majlisda men ham bo'lishimni xoxlayapti.
- Albatta, albatta, - dedi Devid, Ella uning yana
ishonmaganini tushundi.
- Men seni ertaga ertalab olib borib qo'yishi
mumkin, - dedi Devid. - Faqat bir nechta
mijozimni boshqa vaqtga ko'chirsam bo'lgani.
Ella o'takasi yorilib eriga qaradi. U nima
qilmoqchi? Nahotki, bolalarning ko'z oldida
janjal chiqarmoqchi?
- Yomon bo'lmas edi, - javob qildi Ella, o'zini
tabassum qilishga majburlab. - Lekin unda
ertalab soat yettigacha uydan chiqishimizga
to'g'ri keladi. Mishel men bilan majlisga qadar
gaplashib olmoqchi ekan.
Unda bo'lmas ekan, - xitob qildi otasining
bunday vaqtli uyqudan turishni yoqtirmasligini
yaxshi bilgan Orli. — Dadam aslo bunday erta
turmaydi!
Ella va Devid bir-birlaridan ko'z uzmay qarab
turishardi.
- To'g'ri aytding, - dedi nihoyat, qizining gapini
ma'qullab Devid.
Garchi o'zining qizarib ketganini sezib turgan
bo'lsa ham, Ella yengil nafas oldi. Lekin shu
bilan birga u o'ziga qat'iyat va quvvat
quyilganini his etardi.
- Aytmoqchi, hozir erta-ku! Bugun borib
tursam ham bo'ladi.
Ertalab Bostonga yetib borish va Aziz bilan
nonushta qilish haqidagi xayoldan Ellaning
yuragi tez urib ketdi. Lekin ertagacha ham kuta
olmas, uni hoziroq ko'rgisi kelardi.
Bostongacha ikki soatlik yo'l, lekin bu uni
to'xtata olmas edi. U uni deb Amsterdamdan
keldi, bu erda esa atigi ikki soat - nima degan
gap.
- Soat o'nda Bostonda bo'laman va ertaga
ertaroq turib, majlisdan oldin Mishel bilan
gaplashgani agentlikka kiraman.
Devid gapira boshlashi uchun abadiy vaqt
kerakday chuyulib ketdi. Ella uning qo'zlarini -
o'z xotinini boshqa erkakka ketishining oldini
olish imkoniyati yo'q bo'lgan erning ko'zlarini
zimdan kuzatib turar edi. Bostondagi uyimizda
yotib qolaman, - dedi Ella chaqchaqlik bilan
bolalarga qarab, aslida esa eriga murojaat
qilmoqda edi. Uchrashayotgan kishisi bilan o'zi
orasida jismoniy bog'lanish bo'lmasligini unga
bildirmoqchi edi.
Devid qo'lida vino finjoni bilan stoldan turdi va
Ellaga jilmaydi.
- Mayli, azizam, - dedi u. - Ertaroq borib turish
yaxshi bo'ladi, deb o'ylasang, boraqol.
- Ana xolos, oyijon, men bo'lsam bugun
matematikadan menga yordam berasiz, deb
o'ylovdim, - nolidi Avi.
- Esimda, bolajon, kel, shu ishni ertaga
ko'chiraylik.
- Oyimni o'z holiga qo'y, - dedi masxaraomuz
Orli. - Bir umr uning etagiga osilib
yashamaysan-ku!
Avining qovoq-tumshug'i osilib ketdi, lekin
hech nima demadi. Orli onasining tarafini olib
gapirdi. Janetga esa baribir edi. Ella telefonini
ola solib, yotoqxonasiga yugurdi. Eshikni
yopar-yopmas, karavotiga yotib olib, Azizga
xabar yoza boshladi.
«Kelganingga ishona olmayapman. Ikki soatda
«Oniks» da bo'laman».
Ella deyarli sarosimada xabari jo'nab ketishini
kuzatib turdi. Nima qilayapti o'zi? Lekin
o'ylashga vaqt yo'q edi. Bugungi kecha haqida
afsus chekish uchun hali vaqti bo'ladi. Hozir
esa shoshilish kerak. Yigirma daqiqa ichida u
dush qabul qildi, sochlarini quritdi, tishlarini
yuvdi, ko'ylak tanladi, birinchi, ikkinchi,
uchinchi ko'ylaklarni kiyib ko'rdi, sochini
turmakladi, ozroq pardoz qildi, o'n sakkiz
yoshga to'lganida Rut buvisi sovg'a qilgan
kichkina ziraklarini taqdi, yana ko'ylak
almashtirdi. Keyin chuqur xo'rsinib qo'yib, atir
sepdi. Yashasin Kelvin Klyayn! Bu shisha shu
kunni kutib necha vaqt vannaxonada turganini
Xudo biladi. Devidga atir hidi hech qachon
yoqmagan. U ayoldan vanil yoki allaqanday
o'simlik isi emas, ayol isi kelishi kerak, derdi.
Lekin Ella yevropaliklar bu borada boshqacha
fikrda bo'lishsa kerak, deb o'yladi.
Tayyorgarlikni tugatgach, Ella o'zini ko'zguda
diqqat bilan kuzatdi. Nima uchun U kelishini
oldinroq xabar qilmadi? Buni bilsa edi,
go'zallik saloniga, sartaroshxonaga borardi,
balki soch turmagini o'zgartirardi. U Azizga
yoqmasa, nima bo'ladi? Oralarida hech nima
bo'lmasa va u Bostonga kelganiga afsus
cheksa-chi?
Lekin shu on Ellaga o'zining sog'lom fikrlashi
qaytdi. Nima uchun u o'z tashqi qiyofasini
o'zgartirishi kerak? Oralarida biron narsa
paydo bo'ladimi yo yo'qmi, buning nima farqi
bor? Bu odam bilan munosabatlar bo'lishi
mumkin emas. Ellaning oilasi bor. O'z hayoti
bor. Uning butun hayoti shu yerda o'tgan,
kelajagi ham shu yerda. O'zining ahmoqona
fikrlaridan jahli chiqib, ularni go'yo o'chirib
tashladi, biroz yengil tortdi.
Soat chorak kam sakkizda Ella bolalarni o'pib,
ularga xayrli tun tiladi va uydan chiqdi. Devid
hech qayerda ko'rinmadi.
O'z mashinasiga yaqinlashganida, boshida
bironta xam fikr yo'q edi, lekin yuragi dukillab
urardi.
Dostları ilə paylaş: |