Ey, yuzimni dahr aro misli qamar qilgan
o'zing,
Band-bandim so'ylatib, ahli nazar qilgan
ko'zing.
Ey, shamolingdan daraxtim raqs aylab,
o'ynagan,
Noming aytsam, og’zimi shahdu shakar qilgan
so'zing.
Men Kiraning o'z xayollari og'ushida ekanini
tushunib turardim. Uning yuziga bir qarashning
o'zidayoq eri chekayotgan azoblardan qattiq
azobda ekani aniq ko'rinib turardi. U erining
birgina tabassumi uchun hamma narsaga tayyor
edi. Shunga qaramay, nihoyat Shamsdan
qutilganidan o'zini yengil his etar, hatto
xursand ham edi.
- Agar men uni topsam, nima bo'ladi? - deb
yubordim beixtiyor va bundan o'zim hayron
bo'ldim.
- Nima ham qilardik. Qanday yashagan bo'lsak,
shunday yashayveramiz, - javob qildi Kira,
uning ko'zlarida umid nurlari porlardi. Men
Kira nima istayotganini aniq tushunib turardim.
Shams Tabriziyni izlamasligim kerak edi-
Damashqqa bormasligim kerak edi. Shahardan
chiqib biron mehmonxonada yashash, bir-ikki
hafta o'zimni Shamsni tinimsiz izlaganday
ko’rsatib qaytishim mumkin edi. Otam
gapimga balki ishonishi mumkin edi, hammasi
shu bilan barham topardi. Bu balki nafaqat
Kira uchun va Shamsni hech qachon yaxshi
ko'rmagan Aloviddin uchun, shuningdek,
otamning shogirdlari va izdoshlari uchun, hatto
o’zim uchun xam eng yaxshi yo'l bo'lar edi.
- Kira, men nima qilishim kerak?
Otamni deb islomni qabul qilgan, menga va
ukamga juda yaxshi ona bo'lgan, o'z erini
bexad sevgan va o'ziga bag'ishlanmagan she'rni
yod olgan bu ayol menga diqqat bilan qarab
qo'ydi va hech nima demadi.
Javobni o’zim topishim kerak edi.
Rumiy
1246 yil, avgust, Konya.
Shams yo’q, quyoshsiz dunyoda quvonch ham
yo'q. U sovuq va qayg'uli, qalbim bo'm-bo'sh.
Kechalari uxlamayman, kunduzi uyda
bemaqsad sandiroqlab yurganim-yurgan. Go'yo
shu yerdaman-u, lekin shu yerda emasman -
tiriklar orasidagi o’lik. Hamma meni
asablantiradi. Nima uchun hamma xuddi hech
nima bo'lmaganday, bemalol yashayapti-ya?
Shams Tabriziy bo'lmasa, hayot o'zgarmasligi
mumkinday go'yo.
Har kuni erta tongdan to kechgacha
kutubxonamda Shamsni eslayman. Masalan,
bir kuni menga o'zining odatdagi sal xirildoq
ovozi bilan «Sen bir kunmas bir kun ishq
kuychisi bo'lasan» degan edi.
Kim bilsin, kim bilsin... Lekin bu so'zlar
qalbimdagi zulmatni engishimga yordam
berayotganga o'xshayapti. Balki Shams shuni
istagandir. U mening shoir bo'lishimni istagan
bo'lsa kerak!
Hayot ezgulikka yo'nalgan. Nimaiki sodir
bo'lmasin kattami yo kichik - biz yengib
o'tadigan barcha qiyinchiliklar, mohiyatan,
Xudoning, biz komil bo'lmog'imiz uchun
tuzgan, muqaddas rejasiga kiradi. Kurash - bu
inson bo'lishni istagan kishining ichki ishi.
Shuning uchun Qur'onda «...Bu yon esa
mo'minlarning qutulish yo'lidir» deya alomat-
belgilar qo'yilgan. Xudoning chizgisida tasodif
yoki to'g'ri kelib qolish degan narsalar yo'q. Va
Shams Tabriziy deyarli ikki yil oldin aqrab
oyining o'sha kunida mening yo'limdan chiqib
qolgani ham tasodif emas edi.
- Meni sening oldingga shamol uchirib
kelmadi, - degan edi Shams.
Keyin menga o'z rivoyatlaridan birini aytgan
edi:
- Bir so'fiy bo'lgan ekan, unga hatto Iso
nafaslik yuksak ilmi nasib etgan ekan. Garchi
faqat bitta shogirdi bo'lgan esa-da, shuning
o'ziga ham rozi ekan. Lekin shogirdi
boshqacharoq ekan. Ustoziga boshqalar ham
qoyil qolishlarini istab, ko'proq shogirdlar
olishini undan hadeb so'rayveripti.
- Yaxshi, - rozi bo'lipti nihoyat ustozi. - Shuni
istasang, mayli, yana shogirdlar bo'lsa bo'la
qolsin.
O'sha kuniyoq ular bozorga borishipti. Bir
joyda qush shaklidagi shamlar sotuvga
qo'yilganini ko'rishipti. Ustoz shamlarga
sekingina puflagan ekan, ularga jon kirib,
shamolda uchib ketishipti. Qoyil qolgan
tumonat shahar ahli ustoz yoniga to'planibdi.
Tez orada shogirdlar shunchalik ko'payib
ketiptiki, ustozning birinchi shogirdi bilan
uchrashishi uchun sira vaqti qolmaydigan
bo'lipti.
- Oh, ustoz, men nohaq ekanman. Avvallari
ancha yaxshi yashagan ekanmiz, - debdi xafa
bo'lib shogird. - Biron chora ko'ring. Iltimos,
ularni haydang.
- Yaxshi. Sen shuni istasang, hayday qolaman.
Ertasi kuni ma'ruza o'qiyotib, ustoz shamol
ko’taripti. Shogirdlar qo'rqib ketishipti va
birin-keti unga orqalarini o'girib keta
boshlashipti. Faqat avvalgi shogird qolipti.
- Xo'sh, sen nima uchun boshqalar bilan
ketmading? - so'rapti ustoz.
- Men sening huzuringga birinchi shamoling
uchun kelmagan edim, - javob beripti shogird, -
va bu shamoling uchun seni tashlab ham
ketmayman.
Shams nimaiki qilgan bo'lsa, mening foydam
uchun qildi, menga yaxshi bo'lsin uchun qildi.
Shahar ahli buni tushunmadi. Shams g'iybatlar
shamolini ataylab qo'zg'atdi, odamlarning
jig'iga tegdi, Konya aholisi uchun shakkoklik
bo'lib ko'rinadigan gaplarni aytdi. U hatto
o'zini yaxshi ko'radigan odamlarni ham
qo'rqitib, jig'iga tegdi. Shams men o'zimning
oldingi bilimlarimni unutmog'im uchun
kitoblarimni suvga otdi. Garchi hamma uning
shayxlar va olimlarni yomonlab gapirganlarini
eshitgan bo'lsalar ham, aslida o'zi muqaddas
matnlarni qanchalar chuqur tafsirlay olishini
juda kamchilik biladi. Shamsning alkimyo,
nujum, ilohiyotshunoslik, falsafa va mantiqdan
ilmi chuqur edi, lekin o'z ilmlarini johil
odamlardan uzoqda, yashirin saqlardi. U faqih
edi, lekin o'zini faqirday tutardi.
U fohishaga uyimiz eshigini ochdi, bizni u
bilan birga yashashga va birga tanovullar
qilishga majbur qildi. U meni qovoqxonaga
yubordi va u yerda ichkilikbozlar bilan
suhbatlashishimga maslahat berdi. U meni,
moxov bo'lish qismati nimaligini bilishim
Uchun, o'zim xutba o'qib kelgan machit
darvozasi ro'parasida tilanchilik qilishga
majbur etdi. U meni oldin o’z muxlislarim va
izdoshlarimdan, keyin aslzodalardan ajratib
oldi va oddiy odamlarga yaqinlashtirdi. Faqat u
tufayli men odatda sira tanimay yonlaridan
o’tib ketadigan odamlar bilan tanishdim.
Shams odamlarni Xudodan ajratadigan barcha
butlarni yo'qotish kerak deb hisoblardi. Uning
uchun shon-sharaf, boylik, hatto diniy
aqidalarda ham butga aylanuvchi jihatlar bor
edi. Shams odatlangan hayot tarzimdagi meni
bog'laydigan barcha aloqalarim iskanjasini
ancha bo'shashtirdi. Ongimdagi cheklanish yo
bid'atni ko'rib qolgan zahoti, vaqtni zoe
ketkazmay, raqibni darhol gumdon qilardi.
Men uni deb, meni eng ishonchli
muxlislarimdan ham ajratib yuboradigan,
barcha sinov va tekshiruvlardan, barcha daraja
va bosqichlardan o'tdim. Muxlislarim juda ko'p
edi, endi esa menga hech kim kerakmas. Shams
ketma-ket zarba beraverib, butun obro'-
e'tiborimni chilparchin qildi. U tufayli men
telbalikning qadr-qimmatini angladim va
yolg'izlik, nochorlik, g'iybat, tarkidunyochilik,
nihoyat, qayg'u va umidsizlik ta'mini totdim.
Dostları ilə paylaş: |