Yaponiya ta’lim tizimi. Yaponiyajuda tez rivojlanayotgan davlat bo‘lib, bu hol asosan yaponlarning tabiatan mehnatsevarlik va ishbilarmonligi bilan bog‘liqdir. Dunyodagi barcha yangiliklar va yuksalishlar sari intilish, eng so‘nggi yutuqlardan foydalanish va ularni yanada rivojlantirish - bu yapon xalqining azaliy milliy odatlariga aylanib qolgan. Bugungi kunda Yaponiya dunyodagi barcha davlatlar uchun ochiq va halqaro hamkorlik maydonida faol ishtirok etib kelmoqda. Yaponiyada juda qadimdan xalqning aqliy imkoniyatlaridan foydalanuvchi fan va texnikani qo‘llash siyosati eng muhim o‘rin tutadi. Hozirgi davrda Yaponiya ilmiy tadqiqotlarga ketgan sarmoya miqdori bo‘yicha dunyoda 2-o‘rinda turadi.
Yaponiya ta’limining shakllanishi 1867-1868 yillarda boshlangan. Yaponiya o‘z oldiga 2 vazifani: 1-boyish, 2-g‘arb texnologiyalarini Yaponiya ishlab chiqarishiga kiritish masalasini qo‘ydi va bu ishni amalga oshirish uchun birinchi galda ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish kerakligini angladi.
Maktabgacha ta’lim. Maktabgacha ta’limga Yaponiyada katta e’tibor beriladi, chunki psixologlarning ta’kidlashicha 7 yoshgacha inson bilimlarni 70%ni, qolgan 30%ni butun qolgan umri davomida o‘zlashtirar ekan. Maktabgacha tarbiya odatda oiladan boshlanadi. Yapon ayollari uchun onalik birinchi o‘rinda turadi. Ko‘pgina yapon ayollarining aytishlaricha, bola tarbiyasi-ularning hayotlarining maqsadlaridir. Yaponlar bolaning erta voyaga yetishi tarafdoridirlar. Turli yoshlarda tarbiyaning turli muammolariga urg‘u beradi. Masalan, 1 yoshda-o‘ziga ishonch hisini uyg‘otish, 2 yoshda-amaliy san’at qo‘l mehnatini ko‘rsatish, yoshda-burch hisini tarbiyalash, 4 yoshda-yaxshilik va yovuzlikni farqlashga o‘rgatish, 5 yoshda-liderlik hislatlarini tarbiyalash, mustaqillikka, reja tuzish va ularni bajarishga o‘rgatish. O‘g‘il va qizlar turli tarbiyalanadilar. O‘g‘ilga oilaning bo‘lajak tayanchi sifatida qaraydilar va qiyinchiliklarni yengishga o‘rgatadilar. Qizlarni uy ishlariga tayyorlaydilar.
Yaponiya bog‘chalarida bolalarni 8 kishilik kichik guruhlar-“xan”larga bo‘ladi. Bu bolalarga bog‘chada “o‘z ish o‘rni” ajratiladi, ular o‘z xanlariga nom tanlaydilar. SHu tariqa eng kichik yoshdan jamoada ishlashni o‘rgatadilar. Bu guruhdagi har bir ta’lim oluvchi guruhda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi lozim. Bunday xanlar keyingi ta’lim bosqichida ham qo‘llaniladi. O‘rta maktabda xanlar doimiy emas, ular yangi sharoitlarga tezroq ko‘nikish uchun har 5 oyda o‘zgartirib turiladi. Yaponiya bog‘chalariga 3-5 yoshdagi bolalar qabul qilinadi. Bolalar bog‘chalarining maqsadi bolalarning aqliy va jismoniy qobiliyatlarini rivojlantirish, mustaqillik va ichki tartib ko‘nikmalarini tarbiyalash, jamiyat hodisalariga to‘g‘ri munosabatda bo‘la olishni o‘rgatishdan iborat. SHuningdek, og‘zaki nutq, so‘zlarni to‘g‘ri qo‘llashni o‘rgatishga ham katta e’tibor beriladi. Ertaklar, kitoblar, musiqa, sport o‘yinlari, rasomlik kabi shaxsning ijodiy xususiyatlariga qiziqish uyg‘otiladi. Hozirgi kunda maktabgacha tarbiya muasasalariga 60% bolalar jalb etilgan. Boshlang‘ich ta’limga erta qabul qilishga o‘tish maqsadida 4-5 yoshdagi bolalarning barchasini bolalar bog‘chasiga jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Bolalar bog‘chasi Yaponiyada vatan fuqarosini shakllantirish tizimining 1-bosqichi hisoblanadi. Mustaqil faoliyat, jamoaviy ong, ijtimoiy mas’uliyat ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bolalar bog‘chasining asosiy vazifasi-bolani maktabga tayyorlashdir. Bu yerda rasm, musiqa, ritmika, jismoniy tarbiya bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tiladi. Individuallik, u qanchalik yaxshi bo‘lmasin, ta’lim oluvchilarni o‘ziga jalb qilmaydi, bolalar jamoasi tomonidan qabul qilinmaydi.
Boshlang‘ich ta’lim –“syogakko”. Boshlang‘ich maktab ta’limning ilk 6 yilini qamrab oladi va uning asosiy qismi hisoblanadi. Yaponiyada maktabga 6 yoshdan boriladi. Boshlang‘ich maktabga 6 yoshdagi yapon bolalarning 99% qatnaydi. 99% yapon boshlang‘ich maktablari davlat tasarrufida, 1% - xususiy. O‘quv rejasiga yapon tili, gumanitar fanlar, arifmetika kabilar kiradi. San’at va hunar (yapon xusni xati), musiqa, uy xo‘jaligini yuritish, jismoniy tarbiya, axloqiy odobnoma akademik predmetlar hisoblanmaydi.
Yaponiyada boshlang‘ich ta’lim majburiy va bepul bo‘lib, mashg‘ulotlar aprel oyida boshlanadi. O‘quv yili 3ta chorak-trimestrga bo‘linadi.
1-chorak-6 apreldan-20 iyulgacha davom etadi, keyin yozgi ta’til boshlanadi. 1-sentyabrdan 2-trimestr boshlanadi va 26 dekabrgacha davom etadi. 26-dekabrdan 7-yanvargacha qishli ta’til bo‘ladi. Oxirgi 3-trimestr 7-yanvardan 25-martgacha davom etadi. 25-martdan 6-aprelgacha bahorgi ta’til bo‘ladi. SHu paytda ta’lim oluvchilar sinfdan sinfga ko‘chadi. CHorak-trimestrlarning boshlanishi va tugallanishi turli maktablarda turli sanalarga to‘g‘ri kelishi mumkin. Ta’til paytida ta’lim oluvchilar uy vazifalarini oladilar. Ba’zan ta’til paytida ham, agar trimestrda yaxshi o‘qimagan bo‘lsa, maxsus kurslarda o‘qiydilar. Yaponiyada o‘qish 6 kunlik, lekin har 2-shanba dam olish kuni hisoblanadi. Maktablarda o‘qitish dasturi o‘zgaruvchan, lekin Ta’lim vazirligi tasdiqlagan standartlarga asoslanadi. Boshlang‘ich ta’limni moliyalashtirish, pedagoglar bilan ta’minlash, maktab dasturlarini yaratish mahalliy hokimiyat zimmasida.
Boshlang‘ich ta’limda bolalar davlat hisobidagi 1945 kandji ieroglifdan 1006tasini yod olishi kerak.
Boshlang‘ich ta’lim “syogakko”quyidagi vazifalarni hal qiladi:
-ta’lim oluvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, vataniga, o‘z qadriyatlariga hurmat hisini o‘rgatish;
-ta’lim oluvchilarni xalqaro xamkorlik ruhida tarbiyalash;
-ona tilidan to‘g‘ri foydalanish;
-iqtisodiy tarbiya berish; -barkamol shaxsni tarbiyalash.
O‘quv maqsadlariga aniq o‘quv fanlari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarni tayyorlash orqali erishiladi. Boshlang‘ich maktabda yapon tili jamiyatshunoslik, tabiiyot, musiqa, rasm va hunar, uy ijodiyoti, etika kabi fanlar o‘qitiladi, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanadilar. SHuningdek “maxsus faoliyat” fani ham o‘qitiladi, unga klub ishlari, majlislar, sport tadbirlari, sayohatlar, bayramlar va b. kiradi. Kam ta’minlangan oilalarning bolalari maktab nonushtalari, turli xizmat va sayohatlarga pul to‘lash uchun dotatsiya oladilar. Ota-onalar farzandlarini o‘z tumanlarida joylashgan maktabga borishini istamasalar, xususiy pullik ta’lim muasasasiga berishlari mumkin, lekin bu maktablarga juda qiyin tanlov orqali qabul qilinadi.
Yaponiyada o‘rta va yuqori maktab tizimi. Kichik o‘rta maktab-tyugakko. Boshlang‘ich maktabni tugatgan ta’lim oluvchi o‘qishni kichik o‘rta maktabda davom ettirishi lozim. Yapon tili, matematika, jamiyatshunoslik, etika, tabiiyot, musiqa, san’at, maxsus faoliyat, jismoniy tarbiya, texnik mahorat va uy xo‘jaligini yuritish kabi majburiy fanlardan tashqari ta’lim oluvchilar chet tili, qishloq xo‘jaligi yoki matematikadan chuqurlashtirilgan kurs kabi fanlarni tanlashlari mumkin.
Kichik o‘rta maktab 3ta sinf 7, 8, 9-sinflarni o‘z ichiga oladi va majburiy ta’limning oxirgi bosqichi bo‘lib hisoblanadi. Ta’lim oluvchilar yoshi 12dan 15 yoshgacha bo‘ladi. Xuddi boshlang‘ich maktabdagiday, o‘rta maktabning asosiy qismi davlat tasarrufida, 5% xususiy. 2001 yil apreldan boshlab ingliz tili majburiy fan bo‘lib hisoblanadi. Ko‘pchilik ta’lim oluvchilar bitta yoki bir necha maktab to‘garaklari, qiziqishlari bo‘yicha klublarga qatnashadilar. Bu darsdan keyin soat 18:00gacha ish kunlari, dam olish kunlari ertalabki vaqtni egallaydi.
Kichik o‘rta maktabda o‘tiladigan fanlar qatoriga ingliz tili, bir necha tanlov fanlar kiradi. Bu fanlarning tarkibi maktablarga bog‘liq. Eng qiyin fanlar matematika va yapon tili hisoblanadi.
Yaponliklar farzandlarining eng yaxshi, yuqori ta’lim olishini juda hohlaydilar. Ta’limga bunday katta e’tibor “dzyuku” maktablarining yaratilishiga asos bo‘ldi. “Dzyuku” -nufuzli o‘quv muasasalariga tayyorlovchi maxsus kechki maktablardir. Bunday maktablarning analogi XVIII asrda yapon cherkovida paydo bo‘lgan, hozirgi kunda dzyukular soni 100 mingdan oshiq. “Kichik dzyuku” lar 5-6 ta’lim oluvchidan iborat bo‘lib, pedagogning uyida shug‘ullanadi. “Katta dzyuku”lar 5 minggacha ta’lim oluvchilarni yig‘adi. O‘qish bu maktablarda soat 16:50dan 20:50gacha davom etadi, darslar dushanbadan jumagacha bo‘ladi, haftalik nazoratni odatda yakshanba ertalabgacha belgilashadi.
Yuqori (o‘rta) maktab-kotogakko. Yuqori (o‘rta) maktab majburiy emasligiga qaramay, unda 94% ta’lim oluvchilar tahsil oladilar. Yuqori o‘rta maktab soni 55%ni tashkil etadi, shunga qaramay davlat va xususiy katta maktablar pullik. Yuqori o‘rta maktabning 1-yil uchun dasturi hammaga bir xil, lekin keyingi 2 yil ichida oliy ta’lim olish maqsadiga ko‘ra kursni tanlash nazarda tutilmoqda.
Yuqori maktab dasturlari o‘rta maktab va boshlang‘ich maktab dasturlariga ko‘ra xilma-xil, lekin ta’lim oluvchilarga bilimning u yoki bu sohasiga ixtisoslanishi bo‘yicha imkoniyatlar yaratiladi. Yuqori maktablarda o‘qish pulli, lekin davlat muasasalarida arzonroq. Pulli, xususiy o‘rta va boshlang‘ich maktablar ham bor. Barcha pulli ta’lim muasasalarida stipendiyalar konkursi g‘olibi bo‘lsa, tekin o‘qish mumkin yoki chegirmalar olish mumkin. O‘rta maktabdan yuqori maktabga o‘tish imtihonlar natijalariga bog‘liq holda amalga oshiriladi. O‘rta maktabda o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga ko‘ra ta’lim oluvchi kirish imkoniyati bor bo‘lgan katta maktab ro‘yxatini oladi.
Odatdagi davlat maktablaridan tashqari pulli xususiy maktab-akademiyalar (gakuenlar) bor. SHuningdek, umumdavlat maktabi maqomidagi “milliy maktablar” mavjud. Bu akademiyaga kirish uchun yuqori konkurs asosida alohida imtihonlar topshiriladi. Bir tarafdan akademiyada yaxshi ta’lim dasturlari mavjud bo‘lib, ularning ko‘pchiligi oliy maktab yoki universitetga kirish uchun imkoniyat beradi.
Yaponiya hukumati OO‘Yulari bitiruvchilarini pedagog lavozimiga tayinlashda qattiq tanlov siyosatini olib boradi. Boshqa davlatlardan farqli o‘laroq, davlat maktabi o‘qituvchisi bo‘lish uchun yapon fuqarosi o‘qituvchi diplomini olishi kerak va o‘qituvchilikka tayinlash imtihonidan o‘tishi kerak.
Yaponiyada yuqori o‘rta maktablarning kunduzgi (o‘qish -3yil), kechki va sirtqi (o‘qish 4 yil) turlari bor. Kechki va sirtqi maktabni bitirganlik haqidagi guvohnomasi xuddi kunduzgi yuqori maktabnikiday bo‘lsa ham, 95% ta’lim oluvchilar maktabning kunduzgi bo‘limida tahsil olishadi. Yuqori maktablarga qabul qilish kichik maktabni tugatganlik va kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha konkursdan o‘tganligi haqidagi hujjat asosida amalga oshiriladi. Yuqori o‘rta maktabda yapon tili, matematika, tabiiyot, jamiyatshunoslik va b. majburiy umumta’lim fanlariga qo‘shimcha holda ta’lim oluvchilar tanlov bo‘yicha fanlarni taklif qiladilar, bu ingliz tili, yoki boshqa chet tillar, shuningdek, texnik va maxsus fanlar bo‘lishi mumkin. 12-sinfda ta’lim oluvchilar o‘zi uchun ta’lim profillaridan birini tanlashi kerak.
Ta’lim, fan va madaniyat vazirligi ko‘rsatmasiga ko‘ra, Yuqori o‘rta maktabda bilimlarni baholashda OO‘Yu tizimidan foydalaniladi. Bu har bir ta’lim oluvchi 12 yillik o‘rta ta’limni tugatganligi haqida guvohnoma olishi uchun 80 kredit (zachyot birligi)ni yig‘ishi lozim deganidir. Masalan, yapon tili va zamonaviy yapon adabiyotini har bir kursini o‘rganish natijalari bo‘yicha 4ta kredit beriladi, yapon tili leksikologiyasi bo‘yicha 2 kredit, klasik til bo‘yicha-2 kredit.
Yaponiyada kasb-hunar ta’limi
Yaponiyada yuqori o‘rta maktabda o‘qishni hohlamaganlar 5 yillik “texnik kollej”lar-kasbiy texnika bilim yurtlariga kirishlari mumkin. Lekin bu o‘qishlarga kirish shunchalik oddiy emas, eng yaxshilaridan juda katta konkurs asosida qabul qilinadi, chunki Yaponiyada yuqori malakali ishchilar juda ham zarur.
Universitet o‘rniga 2 yillik kollejga kirish mumkin, unda maxsus ta’lim beriladi. Bu kollejlarda yapon qizlarining 90% o‘qiydilar va ayollar kasbini egallaydilar: tibbiyot hamshirasi, bolalar bog‘chasi tarbiyachisi, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, yuqori malakali uy xonimlari, aktrisa (seyyu). Yaponiya kollejlari o‘z maqomi bo‘yicha bizning o‘rta maxsus ta’lim muasasalari bilan teng. Ular kichik, texnologik, va maxsus tayyorgarlik kollejlariga bo‘linadi.
Kichik kollejlar gumanitar, tabiiy, tibbiyot va texnik fanlar sohasida tayyorgarlikning ikki yillik dasturini tavsiya qiladi. Bu kollej bitiruvchilari universitetning 2 yoki 3-kursida o‘qishni davom ettirishlari mumkin. Kichik kollejlarga qabul to‘liq o‘rta maktab bazasida amalga oshiriladi. Talabgorlar kirish imtihonlari va undan kamroq “Birinchi bosqich yutuqlari testi”ni topshiradilar.
Yaponiyada texnologik kollejlarga to‘liq emas yoki to‘liq o‘rta ta’limni tugatgach kirish mumkin. Birinchi holatda o‘qish muddati 5 yil, ikkinchisida-2 yil. Bu tipdagi kollejlarda elektronika, qurilish, mashina qurilishi va boshqa fanlar o‘qitiladi. Maxsus tayyorgarlik kollejlari buxgalter, mashinist, dizayner, dasturchi, avtomexanik, tikuvchi, oshpaz va boshqalarkabi 1 yillik kasbiy kursni tavsiya etadi. Bitiruvchilar OO‘Yuda, kichik va texnik kollejlarda o‘qishni davom ettirish xuquqiga ega bo‘ladilar.
Noto‘liq va to‘liq o‘rta maktab bitiruvchilarini ma’lum kasbga tayyorlash uchun 2 tipdan iborat maktab tizimi yaratilgan bo‘lib, bular majburiy ta’lim bazasidagi 1-4 yillik maxsus tayyorgarlik maktablari, bir necha oydan 1-3 yilgacha davom etadigan ko‘p tarmoqli maktablardir.
1978 yil joriy qilingan va oxirgi yillarda uning sezilarli darajada oshgan maxsus tayyorgarlik va ko‘p tarmoqli maktablar Yaponiya uzluksiz ta’lim tizimida muhim o‘rin tutadi. Bu maktablar ta’lim oluvchilarga kasbiy-texnik va umumta’lim yo‘nalish kurslarini taklif etadi. O‘rta kasbiy ta’lim 2-3 yillik kichik kollejlar va 5 yillik texnik kollejlarda olinadi. Kichik kollejlar “tanki-daygaku” deb ataladi va butun Yaponiya ta’lim tizimining ko‘p qismini tashkil etadi.
Ko‘pchilik milliy kichik kollejlar milliy universitetlar qoshida tashkil etilgan. Kichik kollejlarning yarmi o‘rta tibbiy xodimlarni, choragi yurist va iqtisodchilarni, qolganlari- texnik mutaxasislarni tayyorlaydi. Munitsipal kichik kollejlar jamiyatning ijtimoiy talablariga ko‘ra ta’limiy va tadqiqot faoliyatini olib boradi.
Yaponiyada davlat universitetlariga to‘liq o‘rta maktabni bitirib kirish mumkin. Qabul 2 bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda abiturientlar markazlashgan holda universitetlarga qabul bo‘yicha Milliy markazlarda o‘tkaziladigan “Yutuqlar birinchi bosqichining umumiy testi”ni topshiradilar. Testni muvaffaqiyatli topshirganlar universitetda o‘tkaziladigan kirish imtihonlariga kiritiladilar. Testdan yuqori ball olganlar davlatning eng nufuzli universitetlariga kirish uchun imtihon topshiradilar.
Oliy ta’lim bakalavr darajasini olish uchun 4 yillik o‘qish belgilangan. Ba’zan ma’lum kasbiy darajani egallash uchun 6 yillik dastur tavsiya qilinadi. 2 tipdagi universitetlar mavjud: milliy universitetlar davlat universitetlari. Yaponiyada kuchli 20talikka kirgan eng zo‘r Osiyo universitetlari: Tokio universiteti, Osako universiteti, Kioto universiteti, Toxoku universiteti, Nagoya universiteti, Tokio texnologiya instituti, Kyusyu universiteti, TSukuba universitetlaridir.
Universitet tanlashda birinchi mezon-uning nufuzliligida. Bunday nufuzli OO‘Yu bitirgan yosh yigit-qizlar darhol ishga olinadi. Yaponiya universitetlarida o‘quv jarayonini tashkil qilishning o‘ziga xos xususiyati shundaki, umumilliy va maxsus fanlar aniq bo‘lib o‘qitiladi. Birinchi ikki yillikda barcha talabalar umumta’lim tayyorgarligini oladilar. Bunda umumilliy fanlar: tarix, falsafa, adabiyot, jamiyatshunoslik, chet tillari o‘tiladi, shuningdek, bo‘lajak kasbi bo‘yicha maxsus kurslarni eshitadilar. Ilk ikki yillikda talabalar tanlagan kasblari mohiyatiga chuqurrok kirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, o‘qituvchilar esa-talabaning kasblarining to‘g‘ri tanlaganliklariga ishonch hosil qiladilar va ilmiy salohiyatini aniqlashga erishadilar.
Nazariy jihatdan umumilliy tsikl tugagandan so‘ng talaba mutaxasislik va hatto fakultetni o‘zgartirishi mumkin. Aslida, bunday holatlar kam uchraydi va bitta fakultet doirasida bo‘lishi mumkin, bunda ham tashabbuskor talaba emas, rahbariyat bo‘ladi. Oxirgi 2 yilda tanlangan kasb o‘rgatiladi. Barcha universitetlarda o‘qish muddati standartlashtirilgan. Oliy ta’limda ta’limning asosiy yo‘nalishlari va mutaxasisliklari bo‘yicha 4 yil o‘qitiladi. Tibbiyot xodimlari, stomatolog va veterinarlar 6 yil o‘qishadi. Asosiy kursni tugatgach, bakalavr darajasi beriladi: gakushi. Ayrim mustasno holatlardan tashqari bitta universitetdan ikkinchisiga o‘tish amalda yo‘q. Lekin ba’zi universitetlar chet ellik talabalarni 2 yoki 3-kursga qabul qiladilar, shunda talabalarni o‘tkazish bo‘yicha maxsus imtihonlar o‘tkaziladi (transfer examination). Oliy o‘quv yurtining tadqiqot ishlariga layoqati bor talabalari o‘qishni magistraturada davom ettiradi.
Ko‘plab universitetlar o‘quv jarayonini semestr tizimi bo‘yicha tashkil qiladi. Universitetda zachet birliklari tizimi tashkil qilingan. Unda auditoriya va laboratoriyada semestr davomida har hafta ichida sarflanadigan soatlar sonidan kelib chiqib, o‘qitilayotgan kursning hajmi belgilanadi. Bakalavr darajasini olish uchun 124dan 150 gacha zachet birliklarini to‘plash lozim.
Magistrlik darajasi dasturi chuqur ilmiy va kasbiy ixtisoslashtirishni nazarda tutadi. 30 zachet birligidan iborat bo‘lgan dastur bo‘yicha 2 yillik ta’lim, bitiruv imtihonlari va disertatsiya himoyasidan keyin magistratura bitiruvchisiga magistr darajasi beriladi. 3 yillik doktorlik dasturlari 50 zachet birligi, bitiruv imtihonlari va individual tadqiqot asosida o‘tkazilgan disertatsiya himoyasidan iborat o‘quv kursini o‘z ichiga oladi. Talaba, magistr va doktorantlardan tashqari yapon oliy o‘quv yurtlarida, erkin tinglovchilar, ko‘chma talabalar, tadqiqotchi-talabalar va kollegial tadqiqotchilar bor
Erkin tinglovchilar asosiy kursga yoki magistraturaga bir yoki qator kurslarni o‘rganish uchun qabul qilinadilar. Yaponiya yoki chet el oliy o‘quv yurtlaridan kelgan ko‘chma talabalar bitta yoki qator ma’ruzalarda qatnashish yoxud magistratura va doktoranturadan ilmiy rahbarlikni olish uchun qabul qilinadilar. Tadqiqotchi talabalar (Kenkyu-sei) mazkur universitet profesori rahbarligi ostida ma’lum ilmiy mavzuni o‘rganish uchun bir yillik magistraturaga kiradi, lekin akademik daraja berilmaydi.
Globallashuv davrida oliy ta’lim jamiyat hayotida o‘ta muhim ahamiyatga ega. SHu nuqtai nazardan Yaponiyada oliy ta’lim tizimi juda qadrlidir.
Yaponiyada oliy ta’lim 12 yillik boshlang‘ich va o‘rta ta’limdan keyin boshlanadi. Yaponiya oliy ta’lim muasasalariga universitetlar, kichik mutaxasis diplomini beruvchi 2 yillik kollej, amaliy va ijodiy ta’lim beruvchi texnologik kollejlar va kasbiy va amaliy qobiliyatlarni rivojlantirishga qaratilgan maxsus o‘quv kollejlari kiradi.