«Tasdiqlayman» Pedagogik markaz direktori F. A. Saxibova


Janubiy koreya ta’lim tizimi



Yüklə 5,71 Mb.
səhifə152/217
tarix14.07.2023
ölçüsü5,71 Mb.
#136528
1   ...   148   149   150   151   152   153   154   155   ...   217
pechat uchun Umumiy pedagogika

Janubiy koreya ta’lim tizimi. Janubiy Koreyada zamonaviy ta’lim tizimining qaror topishi 1945 yillardan, ya’ni mamlakatning yapon hukmronligidan ozod bo‘lgan vaqtidan boshlanadi. 1945 yildan 1970 yillargacha ta’lim tizimi ayniqsa jadal rivojlandi. 1950–1953 yillardagi Koreya urushi natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy yo‘qotishlar va vayronagarchiliklarga qaramay Janubiy Koreya savodsizlikni tugatishga qat’iy kirishdi.
1968 yilda qabul qilingan Milliy ta’lim xartiyasi koreys xalqi mentaliteti va vatanparvarligining o‘ziga xos tomonlarini ayniqsa yorqin ifoda etadi. Xartiyaga muvofiq milliy ta’lim millatni jipslashtirishga, tarix va an’anlariga hurmat bilan qarashga, qadriyatlarni ulug‘lashga, millatni yanada kuchliroq qaror topishiga va umuman, xalqning farovonligini ta’minlashga yaqindan yordam beradi va asos bo‘lib xizmat qiladi. Ta’limga bu kabi munosabatda bo‘lish, koreys xalqi uchun tabiiy bir holatdir va aynan mana shu holat mamlakatning muvaffaqiyati uchun kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
Koreya ta’lim tizimi muayyan bir xillikka ega bo‘lish bilan bir qatorda, alohida maktablar uchun mahalliy va milliy dasturlar doirasida davlat ta’lim standarti doirasidan chekinishga ruxsat beradi. Davlat ta’lim dasturi davriylikka ega bo‘lib, ta’limga bo‘lgan talabdan kelib chiqqan holda, jamiyatning dunyoqarashlari va yangi fanlarning yuzaga kelishiga bog‘liq ravishda o‘zgarib turadi. Ta’lim dasturi standartlari maktablar uchun o‘quv mazmunini aks ettiruvchi va rahbarlarning o‘quv dasturlari ishlab chiqishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Hukumat milliy va ijtimoiy talablarni qondirish maqsadlarida, shuningdek, ilmiy tadqiqot ishlanmalari bo‘yicha turli ko‘rsatkichlarni e’tiborga olgan holda, shu kungacha davlat dasturiga yetti marotaba o‘zgartishlar kiritdi. “Ettinchi dastur” 1997 yilning dekabr oyida joriy etilgan. Yangi globallashuv davri va modernizatsiyalashuv asrida har taraflama mukammal inson resurslarini kamol toptirish maqsadida Yettinchi dastur eskicha ta’lim metodlaridan voz kechib, yangi mukammal ta’lim tizimini yaratishga intildi. Har bir fan bo‘yicha talabalarning individual xususiyatlarini inobatga olgan holda, ta’lim berish metodlari ishlab chiqildi. Bunda talabalarning mustaqil bilim egallashiga, ularning dunyoqarashlarini yanada kengaytirishga katta e’tibor qaratildi. SHunday qilib, Yettinchi dastur talabalarning individual talanti, ijodiy kuchi, mustaqillikka intilishlarini inobatga olishi bilan avvalgi dasturlardan farq qiladi. Bunda shaxsning mustaqilligiga ijodiy kuch uchun poydevor sifatida qaraladi.
Yettinchi dastur ikki qism: umumiy va maxsus qismlardan iborat. Yangi dastur bo‘yicha o‘rta maktab o‘n yillik bo‘lib, keyingi 11- va 12-sinflarda ta’lim oluvchilar kelgusida egallaydigan kasblari bo‘yicha ixtiyoriy tanlov asosida maxsus tayyorlov kurslarida ta’lim oladilar.
Milliy dastur doirasida pedagoglar uchun maxsus o‘quv rejalari ham ishlab chiqilgan. O‘rta maktab doirasida o‘qitiladigan fanlar majburiy va qo‘shimcha darslarga ajratiladi. Oliy maktab va universitetlarda maxsus fanlar o‘qitiladi. Maktablarda ba’zi fan sohalari bo‘yicha chuqurlashtirilgan bilimlar beriladi. Davlatning ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirgan islohotlari natijasida Koreya Respublikasi ba’zi bir ko‘rsatkichlar bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinlarni egallaydi.
Janubiy Koreya Respublikasi ko‘plab tadqiqotchilarning diqqatini o‘ziga tortmoqda, sababi bu davlat postindustrial tsivilizatsiya yutuqlarini egallagan Osiyo-Tinch okeani regionining noyob davlatlaridan biridir. Koreyaliklar bajarilishi shart bo‘lgan asosiy vazifa - o‘z an’anaviy madaniyatini saqlash, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni o‘z madaniy-siyosiy identivlik, SHarqning an’anaviy qadriyatlari va orientirlari bilan bog‘lashga intilish deb hisoblaydilar. Bu davlatning ta’lim tizimi YuNISEF ekspertlari xulosasiga ko‘ra sanoati rivojlangan davlatlar ichida “eng samaralisi” deb tan olingan.
Janubiy Koreyaning iqtisodiyoti va texnikadagi yutuqlari “Inson resursiga investitsiyani to‘g‘ri tikkanligida” deb ta’kidlashadi. Konfutsiy davridan saqlanib qolgan ziyoli odamga jamoat xizmati xozirgi kungacha bor. Janubiy Koreyada 1980 yillardan beri ilmiy kasblar eng nufuzli hisoblanadi.
Janubiy Koreya ta’lim tizimi yana bitta butunjahon tamoyilini amalga oshiradi: bu ta’lim va fan integratsiyasidir. Dunyo amaliyotida o‘quvmuasasalari va ilmiy-tadqiqot institutlarini o‘z ichiga oluvchi akademik konglomeratlar samarali faoliyat olib borishmoqda. Bunday birlashuv ilm va ta’lim integratsiyasining aniq asosi bo‘lib xizmat qiladi va mamlakatda yagona ilmiy-texnik va ta’lim siyosatini olib borish imkoniyatini beradi. Oliy o‘quv yurtlari va ilmiy tadqiqot institutlarining qo‘shilishi bugungi kunda integratsiyaning eng samarali shakli hisoblanadi.
Ko‘p rivojlanayotgan davlatlarda ta’lim bugungi kunda jamiyatning faqat sarf-harajatlar sohasi emas, balki asosiy ishlab chiqaruvchi kuchiga aylandi. Ya’ni, ta’lim raqobatbardosh, jiddiy moliyaviy mablag‘larni olib keluvchi soha bo‘lishi kerakligi isbotlandi. Ta’limning deyarli 1-bosqichidayoq davlat va iqtisodiyotning rivojlanishiga qaratilgan bo‘lishi kerak. Faqat bilim olish uchungina emas, balki olingan bilimlarni amaliyotda samarali qo‘llash uchun o‘qish zarur.
Lekin shuni hisobga olish joizki, ta’limni tizimli modernizatsiya qilish jarayoni o‘z-o‘zidan eski tartib elementlarni yengib o‘tish, yangi g‘oyalarni ishlab chiqish va tabiiy boshqaruvning boshqa metod va mexanizmlarini shakllantirishni nazarda tutadi. Lekin bu shundoqligicha nusxa olish shaklida emas, balki yangiliklarni qabul qilish bilan birga ta’lim rivojlanish bosqichidagi eng yaxshi an’analar va qo‘lga kiritilgan yutuqlarni saqlab qolishni taqozo etadi.
Maktabgacha ta’lim. Koreyada bolalar bog‘chalari umumiy ta’lim dasturining bir qismi hisoblanmaydi, ota-onalar bolalarni xususiy muasasalarga topshiradilar. Bolalar bog‘chasiga bolalar 3 yoshdan 5 yoshgacha qabul qilinadi. Olti yoshga to‘lgan bolalar odatda maktabga boradi. 1980-yillardan boshlab bolalar bog‘chalari va maktabgacha muasasalarga boradigan bolalar soni keskin o‘sdi: bunday 901 ta muasasaga 1980 yilda 66 433 bola borgan bo‘lsa, 1987 yilda 7 792 muasasa mavjud bo‘lib, ulardagi bolalar soni 397 020 taga yetdi. Ulardagi tarbiyachi va pedagoglar soni ham ortdi, ularning katta qismini ayollar tashkil etdi.
Koreya bog‘chalari quyidagi turlarga bo‘linadi: boshlang‘ich; o‘rta; yuqori. Janubiy Koreya maktabgacha ta’lim tizimi asosan bolaning boshlang‘ich xar tomonlama rivojlantiruvchi ko‘nikmalarni o‘rgatishga qaratilgan. Bolalar uch yoshdan boshlab koreys va ingliz tillarida o‘qish va yozishni o‘rganadilar. SHu yoshdan boshlab bolajonlar matematika sir-asrorlarini o‘rganadilar. Koreyslar bolalarning jismonan sog‘lom va baquvvatligiga, shuningdek musiqa darslarining o‘zlashtirishiga alohida e’tibor qaratadilar. Bog‘chadan boshlab bolalarga judayam katta xajmda uyga vazifalar beriladi, ingliz tili darslarida alohida so‘z va jumlalarni tarjima qilishdan tashqari, bolalar o‘z fikr va qarashlarini ingliz tilida ravon va sodda so‘zlashni o‘rganadilar.
Koreyada boshlang‘ich ta’lim uchun o‘quv yilida 1 martga qadar 6 yoshdan yuqori bo‘lgan bolalar qabul qilinadi. Lekin 5 yoshli bolalar ham o‘qishga kirishga xuquqli bo‘lib, buning uchun maktab mas’ul shaxsining ruxsatnomasini olishi lozim bo‘ladi.
Bolalar bog‘chasining asosiy vazifasi oilalarni har tomonlama rivojlanishi uchun sharoit yaratishdan iborat. Bog‘chalarda asosan musiqa, rasm, hisoblash darslari o‘tiladi. Koreys bog‘chalarida bolalarda mustaqillikni shakllantirishga katta e’tibor beriladi. Bolalar yoshi orasidagi farq 3 yilgacha bo‘lishi mumkin.
Boshlang‘ich ta’lim
O‘quv yili esa 1 mart Koreya Respublikasida davlat bayrami munosabati bilan 2 martdan boshlanadi. 6 yil davom etadigan boshlang‘ich ta’lim majburiy etib belgilangan. Boshlang‘ich ta’limda 1 yil ikki semestrga bo‘lingan holda olib boriladi. Asosiy o‘qitiladigan fanlar: koreys tili, matematika, aniq fanlar, jamiyatshunoslik, tillar, tasviriy san’at, musiqa. Odatda bu fanlarning barchasini bitta pedagog o‘qitadi, chet tillaridan tashqari.
Janubiy Koreyada bolalar (6 yoshdan oshgan) 7 yoshdan 13 yoshgacha boshlang‘ich maktabga boradilar. O‘qish muddati 6 yil, majburiy va bepul. Boshlang‘ich maktabda quyidagi 9 ta fanlar o‘qitiladi:
Koreys tili, matematika, aniq fanlar, jamiyat haqidagi fanlar, chet tili, tasviriy san’at, musiqa. Odatda bu fanlar sinf rahbari tomonidan o‘qitiladi, faqatgina ba’zi fanlar uchun maxsus pedagoglar tayinlanadi. Boshlang‘ich ta’limdan o‘rta ta’limga, undan yuqori ta’limga imtihonlar topshirish orqali emas, balki faqatgina yoshiga qarab o‘tiladi. XX asrning 80 yillariga qadar ingliz tili o‘rta maktablarda o‘qitilgan, hozirda esa boshlang‘ich maktabning 3-sinfidan o‘qitilyapti. Koreys va ingliz tili grammatikasi juda juda katta farqli bo‘lganligi uchun ingliz tilini o‘rganish juda qiyin. SHu bois, ota-onalar o‘z farzandlarini xususiy o‘quv muasasalariga qo‘shimcha o‘qishga jo‘natadilar. Xususiy o‘quv muasasalari, ya’ni “xagvon”larbolalarga til o‘rganishda individual yondashadilar. SHu maqsadda, ingliz tilida gaplashuvchi chet elliklarni boshlang‘ich maktabga jalb qilish yo‘lga qo‘yilgan.
Boshlang‘ich maktab koreyschasiga “chxodыn xakkyo” deb nomlanar va boshlang‘ich ta’lim ma’nosini anglatar edi. 1996 yil Janubiy Koreya hukumati bu nomni o‘zgartirdi va “gukmin xakkyo” deb nomladi. Bu atama “fuqarolik maktabi” degan ma’noni anglatadi.
Koreyada davlat tasarrufidagi boshlang‘ich maktablardan tashqari qator xususiy maktablar ham mavjud. Bu maktablarning o‘quv dasturlari davlat maktablari o‘quv dasturlariga birmuncha mos keladi, lekin o‘qitish yuqori darajada amalga oshiriladi. Masalan, kam sonli ta’lim oluvchilarga ko‘p pedagoglarning jalb etilishi, qo‘shimcha fanlarning kiritilishi, umuman ta’limning yuqori standartlarga egaligi va h. k. SHu bois ko‘pchilik ota-onalar o‘z farzandlarini xususiy maktabga berishga intiladilar. Lekin bunday maktablarda o‘qish narxining balandligi ota-onalarni o‘ylantirib qo‘yadi. Boshlang‘ich maktabni bitirgan ta’lim oluvchilar keyingi bosqichlarga imtixonsiz o‘tadilar. Janubiy Koreyada sinflarni raqamlash odatdagiday pastdan yuqoriga emas, balki har bir ta’lim bosqichida 1 dan boshlanadi.
Masalan, boshlang‘ich maktab 1 dan 6 gacha, o‘rta maktab (3 yil) 1 dan 3 gacha, sanaladi: boshlang‘ich maktabning 1-sinfi (2, 3, 4, 5, 6-sinfi), o‘rta maktabning 1-sinfi (ya’ni, o‘zbek maktablaridagi 7-sinf), oliy maktabning 2-sinfi (ya’ni o‘zbek akademik litsey va kasb-hunar kollejining 2-kurs talabasi) kabi.
Janubiy Koreyada maktab tizimi: o‘rta va yuqori maktablar
Koreys tilida o‘rta maktab ―”chunxakyo”deb nomlanadi va “o‘rta maktab” ma’nosini beradi. O‘rta maktabda ta’lim majburiy, bepul va 3 yil o‘qitiladi. O‘rta maktabga 11 yoshdan oshgan, 12 yoshdagilar qabul qilinadi.
Boshlang‘ich maktabga nisbatan o‘rta maktabda ta’lim oluvchilarga ancha yuqori talablar qo‘yiladi. Sinf rahbarlari-xangыllar ta’lim oluvchilar hayotida muhim o‘ringa ega, ta’lim oluvchilar ularni qattiq xurmat qilishadi. O‘rta maktabda bir kunda 6 ta fan o‘qitiladi, shuningdek, alohida maxsus 7-dars ham bor. O‘quv dasturining negizini quyidagi fanlar tashkil etadi: matematika, koreys va ingliz tili, qator aniq fanlar, “qo‘shimcha”fanlar: san’at sohalari bo‘yicha, jismoniy tarbiya, tarix, xancha (xitoy peroglifi), etika, uy iqtisodini yuritish, kompyuter savodxonligi.
Mashg‘ulotlar 45 daqiqa. Boshlang‘ich sinfdagi 9 ta fanga, o‘rta maktabda yana 4 ta fan qo‘shilib, jami 13 ta fan o‘qitiladi. Maktabda chet tillariga e’tibor kuchli. Ko‘pchilik ingliz tilida bemalol gaplasha oladi.
Koreyalik ta’lim oluvchilar ingliz tilidan tashqari klasik xitoy tilini majburiy ravishda o‘rganadilar va 5-sinfdan boshlab, Xitoy tarixi o‘rgatiladi. Boshlang‘ich maktabdagi kabi o‘rta maktabda ham ta’lim oluvchi sinfdan-sinfga imtihonsiz o‘tadi. Ma’lum fanlar uchun imtihonlarning standart shakllari mavjud, fan o‘qituvchilar tavsiya qilingan o‘quv qo‘llanma va darsliklardan foydalanadilar. O‘rta maktabning ko‘plab ta’lim oluvchilari darsdan keyin qo‘shimcha kurslar “xagvonlar”ga boradilar, yoki xususiy repetitorlarga qatnaydilar. Alohida e’tibor ingliz tili va matematikaga qaratilgan. Ba’zi xavgonlar bitta fanga asoslanadi, ba’zilari barcha asosiy fanlarni qamrab oladi. Bu o‘z navbatida maktab mashg‘ulotlarining yanada qiyin bo‘lgan ikkinchi qismiga aylanadi. Undan tashqari juda irodali ta’lim oluvchilar kurash turlari va musiqa maktablariga qatnashadilar. Ta’lim oluvchilar shu tariqa darsdan keyin uylariga juda kech qaytadilar.
Yuqori maktab koreyschasiga “kodыnxakkyo” deb nomlanadi. Koreyalik bolalar yuqori maktabga o‘rta maktabdan keyin 17 yoshdan 1-kursga qabul qilinadi va 19 yoshgacha tahsil oladi. Yuqori maktablar bir necha turlarga ajratiladi:
- Davlat yuqori maktablari: Koreya Ta’lim va texnika fanlari vazirligi, Madaniyat, Jismoniy tarbiya va sayyohlik vazirligi boshqaradi;
- Umumiy yuqori maktablar: har bir viloyatdagi yuqori tashkilotlar tomonidan boshqariladi;
- Xususiy yuqori maktablar.
SHuningdek, yuqori maktablar o‘qitish fanlariga ko‘ra ham bir qancha turlarga bo‘linadi:
- Ixtisoslashtirilgan maktablar (qishloq xo‘jaligi, sanoat, dengiz xo‘jaligi, axborot);
- Umumiy maktablar; Maxsus maktablar (litsey shaklidagi maktab);
- Texnika maktablari; CHet tili maktablari;
- Jismoniy tarbiya maktablari;San’at maktablari.
Janubiy Koreya Respublikasida ta’lim vazirligi maxsus tashkil etgan yuqori maktablar ham bor. Bular asosan qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, sanoat, xalqaro tillarga ixtisoslashgan bo‘ladi. Yuqori maktab o‘rta maktab kabi majburiy emas. Biroq keyingi yillarning barchasida statistik ma’lumotlarga qaraganda 97-98 % koreys yoshlari yuqori maktabni tamomlaganlar. “Ilmiy” yuqori maktablar, chet tillar va san’atshunoslik maktablariga kirish ancha murakkab imtihonlarni topshirishni talab etadi. Yuqori maktablar xususiy va davlat tasarrufida bo‘lishi mumkin, bu maktablarda mutaxasislik berilmaydi, balki ularni keyingi ta’lim bosqichiga tayyorlaydi.
Kollejda tahsil olishni istamagan ta’lim oluvchilar kasbiy bilim yurtlariga kirib o‘qishlari mumkin. Bu bilim yurtlari texnologiya, agrokultura yoki moliya yo‘nalishlariga ixtisoslashgan. Yuqori maktablarning jadvali haqida gapiriladigan bo‘lsa, har bir ta’lim oluvchi uchun kun yarmida qaytib kelish odatdagi holatga aylangan.
Janubiy Koreyada hunar maktablari 600 tani tashkil etadi. Bu maktablarning 45% bo‘lajak mulkdorlarni tayyorlaydi, 23% da texnik kasb egalari yetishib chiqadi. Qolgan maktablarda dengizchilik, qishloq xo‘jalik ixtisosliklari o‘zlashtiriladi. SHunisi diqqatga sazovorki, bu maktablarga korxonalar otaliq qiladilar. Janubiy Koreya “Ta’lim haqidagi qonun” talablaridan biri shudir. Janubiy Koreyada ham alohida iqtidorli bolalarga e’tibor juda kuchli. Jismoniy tarbiyaning rivojlanishiga Seul olimpiadasi katta ta’sir ko‘rsatgan. Rivojlanishdan orqada qolgan bolalar uchun maxsus maktablar mavjud. Bu maktablarning aksariyati xususiy yoki diniy tashkilotlarning xayriya mablag‘lari hisobiga qurilgan.
Davlat maktablarida din fan sifatida o‘qitilmaydi. Lekin 3-sinfdan boshlab “Odobnoma” kabi kabi maxsus fan joriy etiladi. Bu fan 12-sinfgacha o‘qitilib, haftasiga 2 soat ajratilgan. Bu fan o‘z ichiga dinni ham qamrab oladi. Din qotib qolgan bir aqida sifatida emas, qadriyat sifatida o‘qitiladi. Bu butun bir tarbiya tizimi natijasidir. Ehromlarga borish, tarixiy yodgorliklar bilan tanishish, ma’naviy tarixni o‘rganish maktab fanlarining majburiy davomi hisoblanadi.
Maktablar uchun pedagog kadrlar tayyorlash masalasiga ham katta e’tibor beriladi. Koreyadagi barcha talabalarning 6. 5% bo‘lajak pedagoglardir. Mamlakatda 11 ta pedagoglar tayyorlaydigan kollejlar mavjud har bir provintsiya (viloyat) o‘z kollejiga ega. Yuqori maktab bitiruvchilari “susen” deb nomlanuvchi standart test topshiradilar. Maktab o‘quv dasturlari kirish testlari-imtihonlari mazmunini qamrab olgan. Susen 3 ta asosiy sektsiya fanlardan iborat: koreys tili, matematika va ingliz tili. Undan tashqari tabiiy va ijtimoiy fanlardan tanlov asosida qator fanlar kiritiladi. Bunday test 1 yilda 1 marta topshiriladi, u intensiv tayyorgarlikni talab etadi. Bu testga bo‘lajak OO‘Yu talabalari bog‘cha yoshidan tayyorlanishni boshlashadi.
Testni topshirolmagan va kollejga kirish 1 yilga surilgan ta’lim oluvchilarni “chesusenlar” deb atashadi.
Janubiy Koreyada kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim tizimi Janubiy Koreyada oliy ma’lumotga ega bo‘lish har bir koreys fuqarosining keyingi mavqei muvaffaqiyati uchun juda katta ahamiyat kasb etadi. SHuning uchun ham bu martabali ta’lim muasasalariga o‘qishga kirishga bo‘lgan ehtiyoj ham katta. Janubiy Koreyada e’tibor ko‘proq matematika, koreys tili va ingliz tillariga, aniq fanlarga va jamiyat bilan bog‘liq fanlarga qaratiladi.
Janubiy Koreyada quyidagi ta’lim muasasalari turlari mavjud:
- kollej va universitetlar (xususiy va milliy, davlat tasarrufida);
- industrial universitetlar; pedagogika institutlari;
- sirtqi universitetlar; ochiq universitetlar.
Janubiy Koreya ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida bo‘lganidek, oliy ta’lim sohasida ham chuqur islohotlar olib borilgan. Mamlakatda ta’limni isloh qilish va rivojlantirishga oid qabul qilingan qonunlar va me’yoriy hujjatlarni oliy ta’limni raqobatga tayyorlash, universitet ta’limini rivojlantirishda tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish, bitiruv maktab ta’limi va amaliy mutaxasisliklarni kuchaytirish, universitetlarning mahalliy sanoat bilan aloqadorligini yaxshilash, sanoat talablariga javob beradigan kasbiy ta’limni rivojlantirish, maktab bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ijtimoiy kam ta’minlangan oilalar va ishchilar uchun kasbiy ta’limni kuchaytirish, oliy ta’lim uchun o‘smirlar imkoniyatlarini yaxshilash, axborot asrida ta’lim boshqaruvi va uni moliyalashtirish xalqaro ta’lim almashinuvini mustahkamlash kabi dolzarb masalalarga katta e’tibor qaratildi.
Koreyada oliy ta’lim muasasalariga qabul qilish qattiq nazorat ostida bo‘lib, har bir da’vogarning ma’lum bir kollej yoki universitetga muvofiqligi talabaning ta’limni o‘zlashtirish qaydlari va standartlashtirilgan milliy test natijalari orqali belgilanidi.
Mamlakatda yagona sirtqi oliy o‘quv yurti - Seuldagi sirtqi universitet o‘ziga hos ahamiyatga ega. “Ochiq universitetlar” ning vazifasi ham shunga o‘xshash bo‘lib, ularga ishlab chiqarishda ishlayotganlargina kirishi mumkin, ularda kirish imtihonlari yo‘q. Janubiy Koreyada kollejlarning asosiy vazifasi malakali ishchilar yoki bo‘g‘in idora xizmatchilarini tayyorlashdir. Talaba kollejni tugatgach, nazariy jihatdan birdaniga universitetning ikkinchi yoki uchinchi kursiga kirish uchun xarakat qilishi mumkin. Maxsus o‘tish imtihonini topshirib, boshqa mutaxasislik bo‘yicha ham kirishi mumkin.
Bakalavriat. O‘qish muddati 4 yil. Talabalar 140-150 kredit soat atrofida tahsil oladilar. Tibbiyot sohasida o‘qish 6 yil davom etadi va 180 kredit soat o‘qishadi. O‘qish tugagach, bakalavr darajasini olganligi haqidagi diplom beriladi. Tipik yirik koreys universitetlari tarkibida 10 tadan 20 tagacha fakultetlar bor. Fakultetlar amerikacha termin bilan “kollixlar”, ya’ni koreyscha “texak” deb ataladi. Koreyada o‘quv jarayoniga axborot texnologiyalarini joriy qilishga alohida e’tibor beriladi. Natijada Janubiy Koreya dunyoda o‘z maktab va ta’lim muasasalarini kompyuter va internet bilan to‘liq ta’minlagan ikkinchi davlatga aylandi.
Magistratura. O‘qish muddati 2-3 yil. O‘qish yakunida talabalar disertatsiya yoqlaydilar. Tibbiyot sohasidagi talabalar Tibbiyot maktabining barcha talablarini bajarib, milliy imtihon topshiradilar. O‘qish yakunida magistrlik darajasi beriladi.
Doktorantura. O‘qish 3-4 yil. O‘qish yakunida doktorlik disertatsiyasi himoya qilinadi, og‘zaki yoki sohaga mos imtihon topshiriladi.

Yüklə 5,71 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   148   149   150   151   152   153   154   155   ...   217




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin