Qobiliyatning pedagogik – psixologik tasnifi. Qobiliyat – shaxsning individual-psixologik xususiyati bo‘lib, muayyan faoliyat yuzasidan layoqati va ishni muvaffaqiyatli amalga oshirish subyektiv shart–sharoitini ifodalovchi individual psixik sifatlar yig‘indisidir. Zarur bo‘lgan bilim, malaka va ko‘nikmalarni egallash dinamikasidagi farqlarni aniqlaydi. Qobiliyatlar individual-psixologik xususiyat bo‘lgani sababli, shaxsning boshqa sifatlari va xususiyatlariga, ya’ni aql sifatlariga, xotira va xarakter xususiyatlariga, his-tuyg‘ulariga qarama-qarshi qo‘yilmaydi, balki ular bilan bir qatorga qo‘yilishi kerak. Qobiliyatni inson tug‘ma, tabiat in’omi sifatida tayyor holida olmaydi, balki hayotiy faoliyati davomida shakllantiradi.
Govard Gardner qobiliyatlarni intellektlar to‘plami deb atadi va uning ettita jihatini ajratib ko‘rsatdi. Biz intellektning ushbu jihatlaridan oltitasini o‘qituvchi pedagogik mahoratini takomillashtirish nuqtai nazaridan tahlil qilishimiz mumkin. Psixolog olim Olga Matveeva ushbu jihatlarni psixologik texnologiya bilan kuchaytirib modifikatsiyalaydi va o‘qituvchining kasbiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, quyidagi qobiliyatlarni ko‘rsatib o‘tadi:
Muloqot qilish (kommunikativ) qobiliyati. O‘qituvchi o‘quvchilar bilan dars va darsdan tashqari jarayonlarda, sinfda ijobiy ruhiy iqlim yarata oladi.
Voqealarni oldindan ko‘ra olish qobiliyati: Ushbu qobiliyat turi har bir o‘qituvchining sergakligida, o‘quvchilarning ruhiyatini, ichki dunyosini ko‘ra olishida namoyon bo‘ladi. Shunda o‘qituvchi kim nimaga qodir ekanligini oldindan bashorat qila oladi.