33-modda. Ta’lim berish tili Ta’lim tashkilotlarida o‘qitish tilidan foydalanish tartibi «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinadi.
34-modda. Davlat ta’lim standartlari va davlat ta’lim talablari Davlat ta’lim standartlari umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, profesional hamda oliy ta’lim mazmuni va sifatiga oid talablarni belgilaydi.
Davlat ta’lim talablari:
maktabdan tashqari ta’lim, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, shuningdek kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mazmunini;
ta’lim tuzilmasini va ta’limni amalga oshirish shartlarini;
ta’lim oluvchilarning jismoniy, shaxsiy, intellektual, ilmiy va kasbga oid sifatlari to‘g‘risidagi normalarni belgilaydi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat standarti qo‘llaniladi.
Davlat ta’lim standartlarini va (yoki) davlat ta’lim talablarini bajarish barcha ta’lim tashkilotlari uchun majburiydir, bundan ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Nodavlat ta’lim tashkilotlari mustaqil ishlab chiqilgan va litsenziyada ko‘rsatilgan o‘quv dasturlari asosida ta’lim faoliyatini amalga oshirishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, oliy ta’lim, o‘rta maxsus ta’lim hamda profesional ta’limning o‘quv rejalari va o‘quv dasturlari ishlab chiqilishini ta’minlaydi. Ushbu maqsadlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tayanch davlat oliy ta’lim va profesional ta’lim muasasalarini belgilaydi.
Tayanch davlat oliy ta’lim va profesional ta’lim muasasalari kadrlarning talabgorlari ishtirokida davlat ta’lim standartlarini, malaka talablarini, o‘quv rejalari va o‘quv dasturlarini tayyorlashni amalga oshiradi. Davlat ta’lim standartlari kasbiy standartlar asosida ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari ishlab chiqilishini ta’minlaydi.
Oliy, profesional, o‘rta maxsus va umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejalari va o‘quv dasturlari tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan tasdiqlanadi. Tegishli vakolatlar berilgan boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar davlat ta’lim standartlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi.
Davlat ta’lim talablari ta’lim sohasidagi tegishli vakolatli davlat boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan shaxslarni o‘qitish maxsus o‘quv dasturlari asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi davlat oliy ta’lim muasasalariga mustaqil ishlab chiqilgan va tasdiqlangan o‘quv dasturlari, malaka talablari hamda o‘quv rejalari asosida ta’lim xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha vakolatlarni berishi mumkin.