Tekshirdi” Kafedra mudiri V. Dadaboyeva 2022 yil Adabiyot fanidan dars rejasi №



Yüklə 0,85 Mb.
səhifə47/56
tarix20.09.2023
ölçüsü0,85 Mb.
#145657
1   ...   43   44   45   46   47   48   49   50   ...   56
1-kurs AF Adabiyot kons 2022

Shoir muxammaslari
Zavqiyning lirik ijodida ,,Qilding” radifli muxammasi alohida o’rin tutadi. Muxammas ko’ngli muhabbat tuyg’usi bilan to’lgan ishq ahlining alamangiz dil izhoni sifatida yozilgan. Olti band, o’ttiz misradan iborat kattagina she’rda shoir tuyg’ulari va kechinmalari ifodasini aslo susaytirmay, bir xil taranglikda ifodalay bilgani uchun ham bu asar hanuzgacha eskirgani yo’q. Unda sho’x va berahim ma’shuqaning erkaliklari, zararsizday ko’ringan qiliqlari tufayli oshiq tortayotgan ozorlarning ko’lami juda ham dardchil tarzda ifoda etilgan. Umidvor oshiqning boshlang’ich holati birinchi bandda:
Yuzingni ko’rsatib avval o’zungga bandalar qilding,
Yana ko’nglum olib, yuz noz birla xandalar qilding,
Jamoling partavin solib, ajoyib jilvalar qilding,
Masihdek bir boqishda murda jismim zindalar qilding,
,,Senga men to qiyomat oshno”, deb va’dalar qilding.
tarzida ifodalanadi. Lekin muxammasning ikkinchi bandidayoq ishonch shubhaga, umid zorlanishga aylanadi. Negaki, oshiqni umidlantirgan ma’shuqa bergan va’dalami unutib, o’zini tamomila boshqacha tutadi:
Qani, menga vafoyi ahd qilg’oning, guli g’uncha,
Qani,bulbulsifat oldingda turgonim ochilg’uncha,
Qani, bizlarg’a hamsuhbat raqiblardek tong otquncha,
Sani dardi firoqing aytib-aytib yig’lay o’lguncha,
Na deb ey mehri yo’q, men xasta qulg’a g’amzalar qilding. Uchinchi bandda oshiq o’z holatining izohini beradi. Ma’shuqa unga:
Deb erding: kecha-kunduz men seni yoring bo’lurman deb,
Tikandek suhbatingda bir guli noring bo’lurman deb,
Jafoni senga oz aylab, vafodoring bo’lurman deb,
Umidim ko’p edi, yolg’iz xaridoring bo’lurman deb
va’dalar qilgan. Lekin va’daga vafo qilish o’rniga uni ,,bul havas, ya’ni har narsaga ishqi tushaveradigan betayin deb gap ham chiqargan. To’rtinchi bandda yorning jafolaridan ko’zi bir qadar ochilgan oshiq holati, o’zicha chiqara boshlagan xulosalari tasvir beriladi. U o’zining adashganidan o’kinadi:
Manga mardumlar aytdi: berma ko’ngul bevafo yora,
Netay, ey bemuruvvat, oxiri sharmandalar qilding.
Muxammasning beshinchi bandi oshiq holati ifodasining avj nuqtasi ekanligi bilan ajralib turadi. Uning iztiroblari chegara bilmaydi, zorlanishlari olamni buzguday darajaga ko’tariladi. Chunki abgor oshiqning dardini kimga aytishni bilmay o’rtanishi, jilvagar va kuydirmajon ma’shuqadan marhamat kutishi, uni insofga chaqirmoqchi bo’lib, behuda urinishi mazkur bandda mahorat bilan aks ettirilgan. Yigitning nolasi beg’ubor ko’ngil ifodasi kabi yangraydi:
Kima aytib, kima yig’lay bu zolim yor jafosini,
Haqiqat qilmasa ma’shuq degan oshiq xatosini,
Hamisha farqatin tortsam, raqib ko’rsa vafosini,
Qay-u Laylisifat mundoq qilur Majnun gadosini,
Yuzingni bir ko’ray desam, qo’lingni pardalar qilding.
Band so’ngidagi misra oshiq ahvolining nechog’lik g’aribligini ko’rsatishi jihatidan ham, ma’shuqaning qanchalar ustomon ya makkorligini ifodalashi jihatidan ham xarakterlidir. Bir zamon yuzini ko’rsatib, oshiqni o’ziga rom etgan qiz endi qo’lini pardalar qilib, uni kuydirmoqda. Ha, ma’shuqa atay qo’lini pardalar qiladi. U oshiq bilan aloqani uzmoqchi ham, uni o’ziga yaqinlashtirmoqchi ham emas.
Muxammasda umidning yashovchan bo’lishi, uning so’nggi damgacha ham turishi aks etgan. Shuning uchun ham oshiq muxammasning so’nggi bandida shunchalik kuydirgan bo’lsa-da, ma’shuqadan ko’ngil uzolmay:
Yuragim raxna bo’ldi, has qil istig’noni, jononim,
Arazingni qo’yub, lutf aylasang hech yo’qdir armonim,— deya tavallo qiladi. Ushbu muxammas Zavqiyning muhabbat lirikasida alohida salmoq kasb etadigan badiiy barkamol asardir.
Zavqiy tili achchiq, mo’ljali aniq hajvchi shoir edi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, ma’rifatchilik adabiyotining deyarli barcha vakillari hajvchilik bilan shug’ullanishgan. Chunki xalqning tirikchiligiga aralashgan, uni bir qadar yaxshilamoqchi bo’lgan odam badiiy tanqidga, kuydiruvchi tasvirga qo’l urmasligi mumkin emasdi. Tabiatan haqgo’y va murosasiz Zavqiy ko’plab hajviy asarlar yaratgan. Qizig’i shundaki, shoir hajviyalari ko’pincha muxammas janrida yaratilgan. ,,Zamona kimniki” she’ri Zavqiyning ana shunday muxammaslaridan biridir. Shoir o’zi yashayotgan davr tartibotlarini taftish qiladi. Uni sog’lom aql tarozisi bilan tortmoqchi bo’ladi. Shoir hayot ma’noliroq bo’lishi, adolat qaror topishi uchun bilimli, insonni, to’g’riso’z, imonli kishilar zamon egalari bo’lishi kerak deb hisoblaydi. Lekin she’rda uning o’ylaganiarining aks bo’layotgani ifoda etiladi:
Shahr-u qishloq demangizkim, fisq ila to’ldi jahon,
Ahli dunyo qoshida yolg’onchilardur nuktadon,
Yo’q rivoj kasb-u hunarga, sovrilibdur xonumon,
Xoh kosib, xoh dehqon qayg’a borsa bag’ri qon,
Holo’ har yerda suxan sharmanda-yu rasvoniki.
Shoir jamiyat chinakam ulug’larni oyoqosti qilib, pastkash-u olchoq kimsalarga e’tibor qilayotganidan, ilm-u amal o’rnini siym-u zar va zo’r egallayotganidan kuyinadi. Zavqiy zamon haq va xalqni sevguchi, ularga xizmat qilguvchilarniki emas, balki uni talaguvchilarniki ekanidan o’rtanadi. U o’z xulosalarini juda ta’sirli yo’sinda, esda qoladigan qilib bayon etadi: ,,Davr-u davron hama joyda hokim-u mirzoniki “. Shunisi e’tiborliki, shoir zamona zo’rlariga qarshi chiqishdan cho’chimaydi. Balki ularga qarshi ekanidan, muxolifatda turganidan, hunarmandligidan g’ururlanganday bo’ladi. Bu hol muxammasning so’nggi bandidan olingan quyidagi baytda ochiq ko’rinadi:
So’rsalarkim, bu muxammasni kim aydi, deb agar,
Zavqiy degan bir yamoqchi mahsido’z ustoniki.
Shoir muxammasda an’anaviy timsollarga yangi ma’no yuklay bilgani uchun hamta’sirchan she’r yarata olgan.
Zavqiy hajviyotida ,,Muncha ko’p” deb nomlangan muxammas ham alohida ahamiyatga ega. Insonparvar shoir, avvalo, insoniylikni qadrlaydigan ma’rifatli ziyoli sifatida Zavqiy hamisha inson qadrini ulug’lashga intiladi. Odamning xor bo’layotgani, inson qadrining toptalayotgani uni qattiq g’amga botiradi. Bu hol ushbu hajviyada o’zining haqqoniy ifodasini topadi:
Derlar birov ulug’, birning past taqdiri,
Biri to’q-u biri och, balolarning sobiri,
Inson sharafli nomida emasmi har biri,
Yoxud ona tug’g’anida bo’lganmidi bir siri,
Yolg’on e’tiqod ila bid’at shior muncha ko’p?
Shoir dunyo tartiblari haqida teran o’yga tolgan mutafakkir kabi fikr yuritadi. Axir odam teng yaratilgan edi-ku? Ijtimoiy tengsizlik shaxsni xor qilar ekan, Zavqiyning qayta-qayta:
Inson sharafli nomida xor muncha ko’p?
Inson sharafli nomida emasmi har biri?
Inson sharafila qadrsizdir, deya iztirob chekishiga asos bor. Shoir odam, uning hayotdagi o’rni haqidagi o’ylarini bu muxammasda to’la ifoda etadi. U bechoralarga e’tiborsizlik, ojizlarni xo’rlash insonning o’zini tubanlashtirishini aytadi.
Shoir muxammasda mumtoz she’ riyatimizdagi badiiy san’atlardan ustalik bilan foydalanadi. Ayniqsa, o’zagi bir so’zga o’xshab ketadigan, ammo turli ma’nolarni ifodalaydigan ,,qarn” va ,,aqron” so’zlarining yonma-yon kelishidan go’zal badiiy vaziyat vujudga keltirgan. ,, Sahob”, ,,oftob”, ,,hubob”, ,,niqob”, ,,hijob” singari an’anaviy timsollanga zulmning o’tkinchiligini aks ettiradigan yangi ma’no yuklab, she’rga yorug’ bir badiiy nur kiritishga erishadi. Muxammas jangovar ruhi, ertangi kunga ishonchni ifodalashi bilan nafaqat Zavqiy ijodida, balki butun ma’rifatchilik adabiyotida o’ziga xos estetik hodisa bo’lgan.

Yüklə 0,85 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   43   44   45   46   47   48   49   50   ...   56




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin