O’zbek xalq dostonlari. Dars rejasi
1.Doston haqida
2. Doston turlari
Dunyodagi ayrim xalqlarda o‘zining tarixiga oid yirik hajmdagi katta muhim voqea bayon etiladigan janrlar bor.Biz — o‘zbeklarda bu janr ≪doston≫ deb ataladi. ≪Doston≫ so‘zi qiziq-qiziq voqealarni hikoya qilish, maqtash ma’nolarini anglatadi. Badiiy adabiyotimizda asosan ikki usulda yaratilgan dostonlar bor. Birinchisi, asrlar davomida xalq og‘zaki ijodida baxshilar tomonidan og‘zaki tarzda kuylab
kelingan dostonlar. Ikkinchisi, yozma shaklda shoirlar tomonidan ijod qilingan dostonlar. ≪Alpomish≫, Go‘ro‘g‘li turkumidagi ≪Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi≫, ≪Malikai Ayyor≫, ≪Ravshan≫; Kuntug‘mish≫, ≪Rustamxon≫ kabilar og‘zaki dostonlar namunalaridir. Yusuf Xos Hojibning ≪Qutadg‘u bilig≫, Haydar Xorazmiyning ≪Gul va Navro‘z≫, Navoiyning ≪Hayratul abror≫, ≪Farhod va Shirin≫, ≪Layli va Majnun≫ kabi asarlari esa yozma adabiyotdagi dostonlar bo‘lib, ularni og‘zakidan ajratish lozim bo‘ladi. Og‘zaki ijoddagi doston bir qator tarkibiy qismlardan tashkil topadi. Professor M. Saidov ularni she’riy va nasriy parchalardan iborat matndan, musiqadan, doston aytuvchining hofizlik san’atidan va soz cherta bilishidan iborat, deb qayd etadi. Shu bilan birga, doston haqida to‘liq tasavvur hosil qilish uchun baxshining bevosita tinglovchilar davrasida qaynab (ilhomga kirib) doston ijro etishiga guvoh bo‘lish ham muhimdir. Demak, doston bo‘lishi uchun baxshining tinglovchi bilan jonli muloqotini ham
tarkibiy qismlardan biri sifatida baholash mumkin. Dostonni baxshilar kuylaydilar. Qadimgi zamonlarda
≪baxshi≫ xalqona usullar bilan bemorni davolovchi tabib, ayrim hududlarda ustoz ma’nolarini anglatgan. Bugungi kunda bu so‘z asosan xalq dostonlarini kuylaydigan san’atkorni bildiradi. Baxshi soz chertganda sozanda, she’riy parchalarni kuyga solib aytganda xonandadir. Professor Hodi Zarifovning ta’kidlashlaricha, bulung‘urlik Amin baxshi ≪Alpomish≫ dostonini uch oy davomida tinglovchilarini sira zeriktirmay kuylagan ekan. Baxshi doston aytar ekan, ≪Alpomish≫ dostonida Alpomish gapirganida, Alpomish mardligini, Barchin so‘zlaganida go‘zal qizning yuzini ko‘z oldimizda gavdalantiradi. Shuning uchun doston kechalari har bir tinglovchi uchun katta bayram bo‘lgan. Bu kechalarda odamlar o‘rtasidagi hamma ginaxonliklar unutilgan, turmush tashvishlari chekingan. Yoshu kattalar, erkak-ayollarning butun xayoli dostondagi voqealar bilan band bo‘lgan. Dostonlar hajm jihatdan chegaralanmaydi. Doston ijrosi ham ba’zan soatlab, ba’zan kunlab davom etgan. Bunda doston mazmuni, baxshining mahorat darajasi muhim hisoblangan. O‘zbekistonda xalq dostonlari Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Xorazm, Namangan viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston muxtor respublikasida ijro etiladi. Ijrochi baxshilar do‘mbira, tor, dutor chertib, qo‘biz tortib doston aytadilar. Ijro usuliga ko‘ra o‘zbeklarda Samarqand, Xorazm, Farg‘ona (Namangan) dostonchilik an’analari mavjud bo‘lib, Samarqandda ichki bo‘g‘iz ovozda, Xorazmda ochiq qo‘shiq aytish yo‘li bilan, Namanganda ochiq, ammo, musiqa asbobiga mos holda kuylanadi. Samarqand dostonchiligida hajm jihatidan katta dostonlar nasrdan va epik she’rlardan iborat bo‘ladi. Xorazm dostonchiligida dostonlar nasriy parchalardan va lirik she’rlardan iborat bo‘ladi. Bu dostonlarning hajmi katta bo‘lmaydi. Namanganda ham dostonlarning hajmi kichik, ammo ularning matnlari Samarqand dostonchiligi kabi nasrdan va
epik she’riy parchalardan tashkil topadi. Samarqand dostonchiligi an’anasiga mansub ≪Ravshan≫
dostonidan nasriy parcha keltiraylik:
≪Oq qiz shunday qiz edi: oti Oqqiz, Zulxumorga naq qiz.
Oqqiz o‘zi oq qiz, o‘zi to‘lgan sog‘ qiz, o‘rta bo‘yli chog‘ qiz,
o‘ynagani bog‘ qiz, uyquchi emas, sog‘ qiz, eri yo‘q o‘zi —
toq qiz, ko‘p kalondimog‘ qiz, yaxshi — tekis bo‘z bolani
ko‘rsa, esi yo‘q — ahmoq qiz, qora ko‘z, bodomqovoq qiz,
sinli-siyoq qiz, o‘zi semiz — turishi yog‘ qiz; o‘yinga qulayroq
qiz, to‘g‘ri ishga bo‘layroq qiz, o‘zi anqov olayroq qiz,
tanasi to‘sh qo‘ygan keng qiz, sag‘risi do‘ng qiz, urushqoq
emas — jo‘n qiz, a’zosi bari teng qiz...≫.
Endi she’riy parchalarga diqqat qiling:
≪Chu, deb otin uradi,
Oyog‘ini tiradi.
Suvsiz cho‘lda G‘irko‘k ot,
Irg‘ib, sakrab boradi.
Suvsiz cho‘lda mard Hasan,
Qattiq qistab boradi.
Obro‘ ber, deb yo‘llarda
Hasan ketib boradi≫.
Shunday qilib, xalq dostonlari alohida mahorat bilan kuylangan markazlar shu hudud nomi bilan maktab sifatida atalgan. ≪Hozirgi kunda o‘zbek folklorshunosligida Bulung‘ur, Qo‘rg‘on, Shahrisabz, Qamay, Sherobod, janubiy Tojikiston, Xorazm kabi poetik dostonchilik maktablari
— baxshilik san’atining ajoyib markazlari aniqlangan ≫.
Shulardan Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li mansub bo‘lgan Bulung‘ur dostonchilik maktabida ko‘proq qahramonlik
dostonlari badiiy jihatdan mukammal tarzda kuylangan. Bir necha versiya, o‘nlab variantlari yaratilgan ≪Alpomish≫ qahramonlik dostonining Qo‘ng‘irot versiyasi sifatida eng oliy va badiiy barkamol namuna — Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li variantining qabul qilinishi bejiz emas. Professor Hodi Zarifov qayd etgan Amin baxshi ham shu maktab vakili edi. Bu maktab shuhratiga qadimda Muhammad shoir, Sultonmurod Suyar, Rahimbulbul kabi baxshilar o‘z ijodlari va ijrolari bilan munosib hissa qo‘shganlar. Ular ≪Alpomish≫, ≪Oysuluv≫, ≪Hasanxon≫, ≪Chambil qamali≫ kabi dostonlarni alohida mahorat bilan ijro etganlar.
Samarqand dostonchiligida nom taratgan yana bir maktab Qo‘rg‘on dostonchiligi deb ataladi. Ergash shoirlarning ajdod va avlodlari shu maktab vakillari hisoblanadi. Avvalgi sahifalarda qayd etilganidek, bu maktab sohiblari dostonlarni muhabbatli qilib aytganlar. Qo‘rg‘on maktabida boshqalardan farqli o‘laroq Sulton kampir, Tilla kampir ismli ayollar ham baxshilik san’atini egallaganlar. Ulardan tashqari, Yodgor, Bo‘ron baxshi, Jassoq baxshi, Po‘lkan shoirlar ijodi shu maktabda shakllangan usul bilan rivojlangan.
≪Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi≫, ≪Ravshan≫, ≪Kuntug‘mish≫, ≪Dalli≫ dostonlarini ijro etish aynan shu maktab vakillariga xos edi. Yana bir maktab Shahrisabz nomi bilan yuritiladi. Bu maktabda Xidir shoir, Ernazar shoir, Abdulla shoir kabi ijodkor baxshilar yetishib chiqqan. Bu maktabda Go‘ro‘g‘li turkumiga oid dostonlar, ayniqsa, ≪Malikai Ayyor≫ dostoni keng tarqalgan edi. Narpay dostonchiligi maktabi ham bir qator baxshilari va dostonlari bilan o‘zbek eposi rivojiga hissa qo‘shgan. Narpay dostonchiligida Rajab shoirning tarbiyasida bo‘lgan Islom shoir, Nurmon Abduvoy o‘g‘li nomlari alohida hurmat
bilan tilga olinadi. Islom shoir o‘z ijodida Qo‘rg‘on va Shahrisabz maktablari an’analarini uyg‘unlashtira oldi. Bu maktab vakillari ko‘proq ≪Orzigul≫, ≪Sohibqiron≫, ≪Gulixiromon≫ kabi dostonlarni ijro etishgan. Shernazar Beknazar o‘g‘li, Umir Safar o‘g‘li, Ahmad baxshi kabi ijodkorlar esa Sherobod dostonchilik maktabiga mansub san’atkor edilar. Ular ijodida ham Go‘ro‘g‘li turkumi dostonlari alohida o‘rin tutadi. Bu maktab vakillari ayniqsa, ≪Malla savdogar≫, ≪Ollonazar Olchinbek≫ dostonlarini
badiiy jihatdan mukammal ijro etganlar. Janubiy Tojikistonda yashovchi Haybat Shamol o‘g‘li,
Qunduz soqi kabilarning nomlari o‘zbek baxshilari orasida hurmat bilan tilga olingan. Bu baxshilar ham Go‘ro‘g‘li turkumi dostonlarini o‘ziga xos usulda ijro etganlar. Xorazm dostonchiligi musiqiyligi, dostonni jo‘r ovoz bo‘lib ijro etilishi, doston ijrosida bir necha musiqa asboblarida jo‘r bo‘lishi bilan ajralib turadi.
Doston turlari: