Alfons Dode. “So’nggi saboq” hikoyasi (1840–1897)
Dars rejasi:
1.A.Dode haqida
2.”So’ngi saboq ” hikoyasi
Mashhur adib Alfons Dode o‘zining roman va hikoyalari bilan fransuz adabiyoti tarixida yorqin iz qoldirdi. U 1840-yil 13-mayda Fransiyaning Nim shahrida tug‘ilgan. Yoshlik yillari maktablarda muallim bo‘lib ishlaydi. O‘n yetti yoshida Ernest ismli akasi bilan Parijga ko‘chib borishadi. Ularning maqsadi jurnalistika bilan mashg‘ul bo‘lish va shu orqali tirikchilik o‘tkazish bo‘ladi. Yoshi yigirmaga yetmasidanoq bir qancha jurnallar bilan muxbir hamda teatr tanqidchisi sifatida hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. «Tegirmonimdan xatlar» (1869) deb nomlangan birinchi kitobida hikoyalari jamlangan edi. Bu hikoyalarda oddiy insonlar hayoti tabiat bilan uyg‘unlikda, shuningdek, ularning halol mehnat bilan turmush kechirishlari xalq og‘zaki ijodidagi hikoyat va ertaklarga o‘xshash uslubda tasvirlanadi. Yoshlikdagi mashaqqatli yillari to‘g‘risida avtobiografik xarakterga ega bo‘lgan «Kichkintoy» (1868) nomli roman yozadi. Dastlabki ikki kitobi bilan A. Dode fransuz adabiy muhitida shuhrat topadi. O‘z davrining Gyustav Flober, Emil Zolya, shuningdek, o‘sha yillarda Parijda yashagan rus adibi Ivan Turgenev bilan yaqin munosabatda bo‘ladi. «Tarasonlik Tartaranning sarguzashtlari», «Kichik Fromon va katta Risler», «Roza va Ninetta» kabi bir qancha romanlar yozadi. Adabiyotshunos lar uning ijodidagi ikki qirraga alohida urg‘u beri shadi. Birinchisi – yumor, kinoya hamda tasvirdagi aniqlik. Ikkinchisi esa kuzatishlaridagi teranlik hamda adibning voqe likni naturalistik uslubda tasvirlaydigan yozuvchilarga usluban yaqinlashganidir. A. Dodening XIX asr 80-yillarida yozgan asarlarida psixologik tahlil yetakchilik qiladi. 1867-yilda adib uylanadi. Undan uch farzand dunyoga keladi. A. Dode 1897-yil 17-dekabrda Parijda vafot etadi.
«SO‘NGGI SABOQ» HIKOYASI HAQIDA
Fransuz adibining ushbu hikoyasi yosh bola tilidan bayon qilinadi. Uning ismi Frans. Adib Frans nazari bilan kichkinadek tuyulgan milliy-madaniy hodisaga nazar tashlaydi; baho beradi. Ayniqsa, hikoyada fransuz tili muallimi mosye Amelning g‘amginlikka uyg‘un jonkuyarligi va qat’iyati, o‘z ona tili va yurtini yurak-yurakdan sevishi sezilib turadi.To‘g‘risi, hikoyani tushunish uchun XIX asr Fransiya tarixini, ma’lum bir muddat qaysi mamlakatga qaram bo‘lgani kabi ma’lumotlarni ham bilish lozim. Hikoyada Fransiyaning Elzas va Lota ringiya hududi o‘z vaqtida nemislar tomonidan ishg‘ol qilinganiga ishora bor. Undagi «... nemislarning safda yurish mashg‘ulotlari» degan jumla, shuningdek, muallimning o‘quvchilarga: «Bolalar, bugun sizlar bilan so‘nggi bor dars o‘tishimiz. Berlindan Elzas va Lotaringiya maktablarida faqat nemis tili o‘qitilishi haqida buyruq keldi. Yangi o‘qituvchi ertaga keladi. Bugun fransuz tilidan oxirgi mashg‘ulotimiz. Iltimos, e’tiborliroq bo‘linglar!» degan murojaati hamda «Maktab tomida kaptarlarning g‘uv-g‘uvlagani qulog‘imga chalindi. O‘ylanib qoldim: «Hali ularni ham nemischa kuylashga majburlash kerakdir?» degan e’tiroznomasi ham shundan dalolat beradi.Hikoyada sinf xonasi, undagi har bir predmet birma-bir aniq tasvirlanadi. Ushbu darsga har kungidan boshqacharoq kiyinib kelgan muallimning ust-boshini batafsil ta’riflaydi. U bamisoli bay ramdagidek kiyingan. Bu, tabiiyki, adibning badiiy mahoratini ko‘rsatadi. Ammo fransuz xalqi bu yerda og‘ir musibatni boshidan kechirayotganiga, xuddi o‘z ona tillarini qabrga qo‘yayotgandek bo‘lganiga, ayni paytda sinf xonasida yoshi ancha katta kishilar ham o‘tirganlariga urg‘u beradi.Hikoyadagi «biz fransuzlar doim o‘qishni orqaga suramiz» degan gap ham har kimni o‘ylantiradi. Hozirgi zamonga xolis baho beradigan bo‘lsak, nafaqat fransuzlar, balki butun dunyo yoshlari ham ko‘pincha yalqovlik bilan o‘qishni, bilim olishni orqaga suradi. Hurmatli o‘quvchi! Siz ushbu hikoyani o‘qish jarayonida dili ngizda bir marotaba bo‘lsa ham «iye, men ham shunday qilgandim, darsga kirishni istamay qish kunlari ko‘chada sirpanchiq uchgandim, bahor kunlari esa daraxtlarga tirmashardim» kabi o‘ylar kech gan bo‘lishi mumkin. To‘g‘risi, o‘tib borayotgan har bir daqiqa bir tomchi suvga o‘xshaydi, u yerga tushishi bilan singib yo‘qoladi. Uni qaytarib bo‘lmaydi. Guvohi bo‘lganingizdek, hikoya qahramoni Frans ham vaqtini behuda o‘tkazib, so‘nggi fransuz tili darsida o‘z qilmishlaridan pushaymon bo‘lib o‘tiribdi. Aziz o‘quvchi! Agar bu hikoyani jon-u dilingiz bilan berilib, hikoyadagi qahramonlar holatiga tushib o‘qisangiz, ta’sirlanib beixti yor o‘yga tolishingiz tabiiy. Muallimga ham, hikoya qahramoni Fransga ham hamdard bo‘lgingiz keladi. Hikoyadagi bayonga ko‘ra, mosye Amel o‘z mashg‘ulotini yuksak bir pafosda, dars o‘quvchilari va boshqa tinglovchilar eslab yuradigan bo‘lishini, shu bilan birga ular tasavvuriga butun umr «Yashasin Fransiya» degan yozuv muhrlanib qolishini istaydi. Muallimning «fransuz tili dunyodagi eng ajoyib til ekani», uni asrash lozimligi, «chunki mustamlaka xalq o‘z ona tili yordamidagina yorug‘likka chiqa olishi» to‘g‘risidagi fikrlari bevosita o‘zbek tilining yaqin o‘tmishdagi taqdiriga ham taalluqli, albatta.Fransuz adibi Alfons Dode har bir millat uchun beqiyos o‘rin tutadigan milliy til taqdiri to‘g‘risida ana shunday ta’sirli hikoya yozgan.
Savol va topshiriqlar
1. Alfons Dode hayoti va ijodi to‘g‘risida so‘zlang.
2. Hikoyada tasvirlangan davrga munosabat bildiring?
3. Mosye Amelga tavsif bering.
4. Frans nima uchun so‘nggi saboqda muallimning barcha fikr-mulohazalarini yaxshi tushuna boshladi?
5. Fransning «Hali ularni ham nemischa kuylashga majburlash kerakdir?» degan gapini izohlab bering.
6. Hikoya voqelarini o‘zbek tilining yaqin o‘tmishdagi taqdiri bilan qaysidir jihatdan bog‘lash mumkinmi?
7. «Ona tilim, sen borsanki...» mavzusida ijodiy matn yarating.