TELEKOMMUNIKATSIYA TARMOQLARI ARXITEKTURASI Telekommunikatsiya (TK) tarmog‘i – yagona boshqaruvli oxirgi qurilmalar, kommutatsiya markazlari va ularni bog‘lovchi aloqa liniyalari va kanallarining majmuasidir. Komyuter, telefon, televizion, radio tarmoqlarining o‘rtasida saqlanib qolayotgan farqlarga qaramay ularning tarkibiy tuzilishida ko‘pgina o‘xshashliklarni topish mumkin. Umumiy holda telekommunikatsiya tarmog‘i quyidagilardan tarkib topadi: -foydalanuvchilarning terminal qurilmalari ( ular tarmoqqa birlashtirilgan bo‘lishi mumkin); -kirish tarmog‘i; - magistral tarmoq; -axborot markazlari yoki xizmat ko‘rsatishni boshqarish markazlari (Services Control Point, SCP). Axborot – bu saqlash, uzatish, o‘zgartirish ob’ekti bo‘lgan ma’lumotlardir. Xabar – axborotni uzoqqa uzatish uchun qulay ifodalash (taqdim etish) shaklidir. Xabarning hajmi ko‘rsatilgan barcha axborot bilan aniqlanadi va gap telefon xabarlari yoki eshitirish dasturlari haqida ketganida ko‘pincha belgilar (harflar yoki raqamlar) soni yoki uni uzatish vaqti bilan baholanadi. Telekommunikatsiya sohasiga nisbatan xabar – bu elektromagnit signallari yordamida elektr aloqa vositasida uzatiladigan axborotdir. Axborot parametrlarining o‘zgarishiga qarab uzluksiz va diskret xabarlarni farqlaydilar Uzatiladigan xabarlarni ifodalovchi fizik jarayonlarni signal deb ataladi. Signallarni, belgilarni, matnlarni, tasvirlarni, tovushlarni simli, radio, optik yoki boshqa elektromagnit tizimlar bo‘yicha uzatish yoki qabul qilish elektr aloqa deb ataladi. Elektr aloqani tasniflash turlicha amalga oshiriladi va u asosan uzatiladigan axborotning turi, elektr signallarning tarqalish muhiti va axborot taqsimoti usullari (kommutatsiyalanadigan va kommutatsiyalanmaydigan). Hozirgi paytda har bir inson elektraloqaning u yoki bu xizmatlaridan foydalanadi: radio eshitadi, televizion eshittirishlar ko‘radi, telefonda gaplashadi, faks uzatadi va qabul qiladi va xakozo. Istalgan xolda elektraloqa xizmati xabarni masofaga uzatishni bajaradi. Xabarlarni jo‘natuvchilar (manbalar) va oluvchilar (iste’molchilar) odamlar yoki odamlar xizmat ko‘rsatadigan qurilmalar, masalan EHM bo‘lishi mumkin. Har bir xabarni uzatish uchun elektraloqa vositalari yoki elektraloqa tizimini tashkil etuvchi, ma’lum texnik qurilmalar to‘plami bo‘lishi zarurdir.