Termiz davlat universiteti


Toʻg’ridan-toʻg’ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rivojlantirish istiqbollari



Yüklə 0,87 Mb.
səhifə25/29
tarix03.06.2022
ölçüsü0,87 Mb.
#60499
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   29
Togridan togri disertatsiyam

3.2. Toʻg’ridan-toʻg’ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rivojlantirish istiqbollari
Mamlakatimizda tarkibiy oʻzgarishlarni, iqtisodiyotning soha va tarmoqlarini diversifikatsiya va modernizatsiya qilishni izchil davom ettirish, ishlab chiqarishni texnik va texnologik yangilash, shuningdek, transport, muhandislik, kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirishga qaratilgan faol investitsiya siyosati olib borilmoqda.
Ma‘lumki, xorijiy investitsiyalarni muvaffaqiyatli jalb qilish uch guruh omillariga ham bog‘liq boʻladi. Birinchidan, investitsiya quvvatini mavjudligi. Uni tabiiy, mehnat zahiralari, shuningdek ishlab chiqarish, iste‘mol, moliyaviy, innovatsiya, institutsional va infratuzilmaviy quvvatlar tashkil qiladi. Ikkinchidan, mavjud investitsiya sharoitlari muhim ahamiyatga egadir. Bularga: umumiqtisodiy, bozor me‘yoriy-huquqiy, axborot bilan ta‘minlash, ekologik, ijtimoiy, etnografik va ijtimoiy madaniy sharoitlar kiradi. Uchinchidan, investitsiya tavakkalchiligi (riski) omillaridir. Ular xorijiy investorlarning investitsiya quvvati va investitsiya sharoitlarining qulay afzalliklaridan foydalanish boʻyicha vazifalariga qaramaqarshi turadi.
Barcha guruhlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq boʻladi. Misol uchun etarli darajada jalb qiluvchi boʻlmagan investitsiya sharoitlari, hatto yuqori quvvatli investitsiya loyihlarini amalga oshirish imkoniyatlarini ham pasaytirib yuboradi.
Respublikamizda toʻg‘ridan-toʻg‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etilishi bilan etarlicha soliq imtiyozlari va preferentsiyalar berilgan boʻlsada, biroq, ularning soliq toʻlovchilar tomonidan samarali foydalanayotganligining doimiy monitoringi toʻliq yoʻlga qoʻyilmagan, shu sababli ushbu jarayonni doimiy tahlil etib soliq imtiyozlaridan samarali foydalanmayotgan soliq toʻlovchilardan soliqlarni toʻlaligicha undirish maqsadga muvofiq. Ayniqsa, bu imtiyozga ega boʻlish maqsadida faoliyatining dastlabki vaqtlarida normal ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etib, keyinchalik sun‘iy ravishda foydani kamaytirib koʻrsatayotgan yoki bankrotlik holatini yuzaga keltirayotgan korxonalarga nisbatan soliq imtiyozlarining samaradorligi nazorat tartibida monitoring qilinishi lozim.
Investitsiya tavakkalchiligi (riski) - oʻtish iqtisodida boʻlgan, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha sharoitlarni shakllantirayotgan davlatlar uchun riskning muhim turlaridan biridir. Shuning uchun ham tavakkalchilikni, uning manbalarini va uning oldini olish usullarini aniqlash rivojlanayotgan mamlakatlar uchun hayotiy vazifa boʻlib hisoblanadi.
Tavakkalchilikni ma‘lum bir qarorni qabul qilish natijasida zaxiralarni yoʻqotish imkoniyati, daromadlarni ololmaslik yoki qoʻshimcha xarajatlar zarurati sifatida belgilash mumkin. Tavakkalchilik - bu bashorat qilinayotgan loyihani amalga oshirishda haqiqiy sharoitlardan ozgina chekinilgan daromadlarni ololmaslik yoki zararlarni paydo boʻlib qolishi ehtimolidir.
Bozor iqtisodiy sharoitlarida mamlakatda mavjud boʻlgan tavakkalchilik omillarini tahlil qilish muhim ahamiyatga ega. Sababi investitsiya muhitiga birinchi navbatda ana shu omilning ta‘siri kuchli boʻladi. Ta‘sir koʻrsatish xususiyati va paydo boʻlish manbalariga qarab, omillarning quyidagi guruhlarini ajratib koʻrsatish mumkin: siyosiy, makroiqtisodiy, mikroiqtisodiy va infratuzilmaviy.
Siyosiy omillarga davlat tuzumining barqarorligi; rivojlangan mamlakatlarda boʻlgani kabi investor huquqlarini samarali himoya qilishni ta‘minlaydigan rivojlangan qonunchilik asosining mavjudligi; investitsiyalarni uzoq muddatga jalb qilish uchun sharoitlarni yaratishga yoʻnaltirilgan, oldindan bashorat qilib boʻladigan ishonchli-iqtisodiy siyosatning mavjudligi; iqtisodiy samarasi va izchil tartibga solishni amalga oshiruvchi davlat organlarining mavjudligi; mahalliy va xorijiy investorlar uchun axborot va ma‘lumotlarning ochiqligi hamda oʻtkazilayotgan siyosatning oshkoraligi.
Makroiqtisodiy omillar iqtisodning umumiy holatini, uning oʻsish sur‘atlarini belgilaydi va mamlakat iqtisodi tsiklining qaysi fazasidaligini aniqlash hamda yaqin yillar ichidan boʻladigan oʻzgarishlarni bashorat qilish imkonini beradi. Omillarning bu guruh quyidagi koʻrsatkichlar bilan aniqlanadi: Inflyatsiya darajasi, ishsizlik, aholi jon boshiga oʻrtacha daromad, milliy valyutaning barqarorligi, davlat byudjeti va toʻlov balansining holati, qayta moliyalash stavkasi, daromadlarning har xil turlariga soliq solish darajasi. Bu erda iqtisodning rivojlanishida tizimlarning proportsiyasi ham muhim ahamiyat kasb etadi, ya‘ni; yalpi ichki mahsulotda sanoat, qishloq xoʻjaligi va iqtisodiy boshqa tarmoqlarining nisbiy ulushi, shuningdek, bu koʻsatkichlar oʻzgarishlarining dinamikasi.
O‘zbekistondagi mavjud investitsiya muhiti, fikrimizcha, investorlarning investitsiya risklarini baholash asosida chet el investitsiyalari kirib kelishiga qulayliklar yaratish kerak. Chet ellik investorlar qabul qiluvchi mamlakatdagi investitsiya muhitini, uning xavfsizligi, siyosiy risklar darajasi va ularning sug‘urtalanishi, investitsiyalash maqsadlarga muvofiqligi, iqtisodiyotning boshqalarga qaraganda qulayligi nuqtai nazardan baholaydilar.
Mamlakatga xos risk darajasi (qarzlar masalasi, import va eksport balansi, hukumatning barqarorligi va boshqalar), mahalliy sharoitning qoʻshni mamlakatga nisbatan ustun tomonlari muhim oʻrinda turadi. Investitsiyalarni rag‘batlantirish tadbirlari (import xom ashyoga bojxona bojlarini bekor qilish, korporativ soliqni qisman yoki butunlay bekor qilish, soliqlar boʻyicha imtiyozlar), eksport sanoati rayonlari, erkin savdo zonalari, bojxona bojlari amal qilmaydigan zonalarning boʻlishi va boshqalar alohida ahamiyatga ega.
Fikrimizcha, respublikada yaratilgan qulay investitsiya muhitini rivojlantirish uchun rag‘batlantirish omillarini kuchaytirish talab etiladi. Shu munosabat bilan ishlab chiqarishga investitsiyalarni rag‘batlantirish uchun tadbirkorlik tuzilmalariga jadallashgan amortizatsiya usullarini qoʻllashda toʻla erkinlik berish kerak. Jamg‘arish va investitsiyalashni rag‘batlantirish uchun, bizning nazariyamizda, investitsiya boʻyicha soliq kreditlarining turli shakllaridan kengroq foydalanishni yoʻlga qoʻyishi zarur.
Qulay investitsiya muhitini rivojlantirishda soliqlarning rag‘batlantiruvchi rolini kuchaytirish beqiyos ahamiyatga ega. Soliqlarning rag‘batlantiruvchi rolini toʻrt jihatdan olib qarash mumkin, ular: soliq toʻlashdan vaqtinchalik ozod qilish; soliq stavkasini kamaytirish; soliqqa tortiladigan bazani toraytirish; soliq majburiyatini bajarishni kechiktirish (soliq krediti). Qayd qilingan rag‘batlar u yoki bu darajada chet el investitsiyalari ishtirokidagi keng doiradagi korxonalar uchun tatbiq etiladi.
Iqtisodiyotning globallashuvi va bir-biriga kirib borish, chet el investitsiyalarini milliy iqtisodiyotga jalb qilish hayotiy zaruratga aylanib borayotgan hozirgi sharoitlarda, investitsiya kapitalini mamlakatimizga eksport qiladigan mamlakatlarning amaldagi qonunlarini, investitsiya muhitini hisobga olgan holda takomillashtirish talab etiladi.
Rag‘batlantiruvchi soliq imtiyozlarining amal qilishini, shuningdek investitsiyalarni inson kapitaliga, texnologik oʻsish va texnika bilimlari sohalarini rivojlantirishga, kengaytirishga ham joriy qilish kerak. Bularning barchasi O‘zbekistonda investitsiya muhitini modellashtirish masalasini kun tartibiga qoʻyadi. Bu model xorijiy investorga ta‘sir koʻrsatadigan omillar toʻg‘risida mukammal ma‘lumot toʻplash, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatni yaqqol baholash hamda chet ellik sheriklar harakatlari motivatsiyasini anglash, chet el investitsiyalarini tartibga solishning asosiy vositalarini bir xil qilish imkoniyatlarini yaratadi.
Xullas, milliy investitsiya muhiti bevosita chet el investitsiyalari oqimi uchun qulay va maqbul boʻlishi kerak. Buning uchun jami investitsiya risklari, xavfsizlik, daromadlilik, chet el investitsiyalari likvidligi, investitsiyalash maqsadlari inobatga olinishi zarur va bular asosida baholanishi shart. Bu borada qulay mahalliy sharoitlar, investitsiyalarni rag‘batlantirish tadbirlari, kontsessiyalar tashkil etish, eksport sanoati rayonlari, bojxona bojlari amal qilmaydigan va erkin savdo zonalarini tashkil qilish maqsadga muvofiqdir.
Ma‘lumki, dunyo mamlakatlari orasida chet el investitsiyalarini oʻz milliy iqtisodiyotiga jalb etishning raqobat shakli yildan-yilga kuchayib bormoqda. Shu bois, chet ellik investorlarga yaratilgan qulaylik qaysi davlatda ustun darajada boʻlsa, boshqacha qilib aytganda, foyda olish ehtimoli kattaroq boʻlsa, tabiiyki, ularning aynan oʻsha davlat iqtisodiyotiga oʻz sarmoyasini kiritishga qiziqishi ortmoqda. Bu esa, bozor iqtisodiyotining nisbiy samaradorlik qonuniga mos keluvchi echim hisoblanadi, ya‘ni qaerda samara (foyda) olish imkoniyati nisbatan yuqori boʻlsa, tadbirkorlar oʻsha erdagi bozorga koʻproq intiladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugun O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga oʻtayotgan davlatlar ichida eng yuqori investitsiya muhiti yaratgan mamlakatlardan biri boʻlib qoldi. Bu, shubhasiz, iqtisodiyotimizga toʻg‘ridan-toʻg‘ri jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalar oqimini yanada koʻpaytiradi.
Davlatimiz iqtisodiy siyosati koʻproq toʻg‘ridan-toʻg‘ri investitsiyalarni jalb etishga va uni rag‘batlantirishga qaratilganligi bois, turli shakldagi investitsiyalar oqimi yildan-yilga oshib borayapti. Chunki, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar doirasida aynan sarmoyadorlarning oʻzlari bevosita ishtirok etishi hisobga olingan va buning uchun bizda etarlicha shart-sharoitlar mavjud. Ayniqsa, respublika mintaqalaridagi boy mineral xom ashyo resurslari, etarli miqdordagi malakali ishchi kuchlari, sog‘lom atrof-muhit, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik kabi omillar shubhasiz, xorijiy investitsiyalar oqimining yanada koʻpayishiga, respublika mintaqalarida faoliyat yuritadigan korxonalar rivojiga xizmat qiladi.
G‘arb mamlakatlarida hukumat kapital qoʻyilmalarni faollashtirish strategiyasida koʻproq xorijiy investitsiyalarni muvofiqlashtirishning egri usulidan (soliq, amortizatsiya, moliya-kredit siyosati) foydalanishni afzal koʻrishadi. Soʻnggi ikki oʻn yillikda g‘arbda investitsiya qarorlarini qabul qilishda va amalga oshirishda mahalliy hududlarning javobgarligi va roli oshib bormoqda. Qator mamlakatlarda (AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniya) mahalliy organlar xorijiy investitsiyalarni va investorlar faoliyatini muvofiqlashtirishda etarlicha mustaqillikka egadir. Bu erda investitsiya bozorini muvofiqlashtirishning asosiy vositasi sifatida daromad solig‘i (foyda solig‘i) qoʻllaniladi. Bu soliq stavkasining oʻzgarishi firma va kompaniyalarning investitsiya faoliyatiga bevosita ta‘sir etadi.
Umuman soʻnggi 20 yil mobaynida rivojlangan mamlakatlarda investitsiya faoliyati keng kompyuterlashtirish, resurslarni tejash, yangi zamonaviy texnologiya, shuningdek mahalliy xokimiyatni roli va javobgarligini oshirish asosidagi yangi boshqaruv tizimi asosidagi iqtisodiyotni tuzilmaviy qayta qurishga yoʻnaltirilgan. Mahalliy xokimiyatlarga investitsiya dasturlarini boshqarishda, ekologik siyosatni yurgizishda va hududiy rejalashtirishda asosiy rol belgilangan. Jahon tajribasi shundan guvoh beradiki, investitsiya dasturi va loyihalarining muvaffaqiyatli amalga oshishi uning ishtirokchilari oʻrtasida optimal proportsiyani ta‘minlashga bog‘liqdir.
Davlat ham bu jarayonda muhim rolni oʻynaydi, uning funktsiyasiga asosan quyidagilarni kiritish mumkin: huquqiy muvofiqlashtirishni ta‘minlash, munitsipial tashkilotlar bilan shartnomaviy munosabatlarni rasmiylashtirish; moddiy va moliyaviy resurslarni birlashtirish uchun sharoit yaratish, soliq engilliklarini va boshqa moliyaviy imtiyozlarni belgilash; loyihani hayotga tatbiq etishda va uning noxush oqibatlari (ekologiya buzilishi, hududiy er uchastkasining buzilishi va boshqalar) uchun mahalliy organlarning javobgarligini aniqlash; loyihani amalga oshirish uchun aholini, ijtimoiy tashkilotlarni jalb etish maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali loyihani hayotga tatbiq etishning maqsadga muvofiqligini keng targ‘ib etish.
Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, chet el investorlariga turli engillik va imtiyozlarni joriy etish boʻyicha Xitoy davlati tajribasi ham ahamiyatlidir. Xitoy hukumati investitsiyalar oqimini hududlar darajasida, mahalliy hokimiyatga katta vakolat bergan holda muvaffaqiyatli muvofiqlashtirib kelmoqda.
Hozirda Xitoy hukumati mamlakatning ichki regionlariga koʻplab, xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun, ularga uzoq muddatga soliq toʻlashdan ozod etish, foydasini har qanday toʻsiqlarsiz olib chiqib ketish kabi shart-sharoitlarni yaratmoqdalar. Mahalliy hokimiyatlar mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish uchun chet el kapitalini jalb qilishni rag‘batlantirish dasturlarini markaziy organlarning ruxsatisiz hayotga tatbiq etishlari mumkin.
Xitoy davlatining investitsiyalar boʻyicha qonunlari Yaponiya, Janubiy Koreya, Tayvan, Singapur kabi davlatlarining qonunlariga koʻp jihatdan oʻxshash holda ishlab chiqilgan. Shuning bilan birgalikda ta‘kidlash lozimki, turlicha davlatlarning qonunlarida chet el investorlari faoliyatiga cheklanmalar ham belgilangan. Deyarli barcha davlatlarda chet el kapitali kiritilishi mumkin boʻlmagan tarmoqlar mavjuddir. Qator davlatlarda chet el investitsiyalari uchun ayrim tarmoqlar toʻliq yopiqdir.
Xorijiy investorlarning faoliyati boʻyicha cheklovlarni muvofiqlashtirishda mahalliy organlarning ishtiroki ham salmoqlidir. Qator davlatlarda mahalliy hududdagi iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib, xorijiy investorlarning faoliyatida turlicha cheklovlarni belgilaydi. Masalan AQShda ayrim shtatlarda foydali qazilmalarga chet el kapitalini jalb etish man etilgan boʻlsa, ayrim shtatlarda er uchastkasini sotib olishda cheklovlar belgilangan. Biroq, Jahon tajribasi koʻrsatmoqdaki, koʻpgina davlatlarda hududiy investitsiya siyosatidagi moliyaviyiqtisodiy imtiyozlarning va engilliklarning berilishi hududlarning iqtisodiy rivojlanishlariga zamin yaratmoqdalar.
Respublikamizda ham viloyatlarning, tumanlarning investitsion faoliyatdagi faolligini va mustaqilligini oshirish hududlarga chet el investitsiyalarini jalb etishda bir muhim mezon boʻlishi mumkin.
Jahon amaliyotida investorlarning manfaatlarini himoya qilish va kafolatini ta‘minlashning quyidagi usullaridan foydalaniladi: milliy qonuniyatlarning chet el investorlariga nisbatan mos me‘yorlarini qabul qilish; koʻp tomonlama shartnomalarning me‘yorlarini muvofiqlashtirish; kapital qoʻyilmalarni oʻzaro himoyalash va rag‘batlantirish boʻyicha davlatlararo ikki tomonlama shartnomalarni muvofiqlashtirsh; aniq olingan investitsiya loyihalari boʻyicha davlatlararo va xorijiy investorlar bilan kelishuvnomalarni muvofiqlashtirish. Respublikamizda bu qayd qilingan usullarning barchasidan foydalanilsada, lekin bizning fikrimizcha etarli darajada emas.
Yuqorida qayd etganimizdek, bizning fikrimizcha, respublikamiz investitsiya faoliyatida mahalliy hokimiyatlarning mustaqilligini va rolini oshirish va maxsus investitsiyalarni rag‘batlantirishning mahalliy dasturlarini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etishni kengaytirish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek hududlarda investitsiyalarning manbasi sifatida munitsipial va korporativ obligatsiyalarni muomalaga chiqarish va ulardan oladigan daromadlar boʻyicha imtiyozlarni belgilash investitsiya oqimini koʻpaytirishga olib kelishi mumkin.
Yuqoridagi keltirilgan ma‘lumotlar asosida xulosa qilishimiz mumkinki, mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy siyosatni xorijiy sarmoyani milliy iqtisodiyotga jalb etishda yangicha yoʻnalishlarni kiritish va hali ishlatilmagan imkoniyatlardan imkon qadar koʻproq foydalanishga qaratish lozim. Bunda masalaga mamlakat iqtisodiyotining xarakteri va xususiyati doirasidan kelib chiqib yondoshiladi.

Yüklə 0,87 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   29




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin