Turli yoshdagi bolalarning ko’rish o’tkirligi
Bolaning
yoshi
1
h
af
ta
1
o
y
3
o
y
6
o
y
1
y
o
sh
2
y
o
sh
3
y
o
sh
4
y
o
sh
5
y
o
sh
7
y
o
sh
Ko’ruv
o’tkirligi
0,01
0,015
0,075
0,2
0,5
0,6
0,7
0,8
0,9
1,0
O’rtasidagi masofa 1 burchak gradusiga teng bo’lgan ikkita nuqtani alohida
ko’rish qobiliyatiga ega bo’lgan ko’zning o’tkirligi 1 ga teng hisoblanadi.
3-7 haftalik bola rang ko’rish qobiliyatiga ega. 3 oylik bolalarda turli
ranglarga shartli emish refleksi hosil qilish mumkin. 5-6 oylik bolalar
o’yinchoqlarni rangiga qarab ajrata boshlaydilar. Ammo rangni anglash
keyinroq rivojlanadi. 2,5-3 yoshdagi bolalar jismlar rangini to’g’ri ayta oladilar.
Bolalarning rang farqlash qobiliyatining rivojlanishi birinchi va ikkinchi bolalik
davrlarida davom etadi. Bu jarayon kolbachalar va analizator markaziy
tuzilmalarining faoliyati takomillashishidan iborat bo’ladi.
Shox parda va kon’yunktiva namlanib turishi uchun ko’z yoshi zarur. Yosh
ajratuvchi bezlar bola tug’ilishi bilan oz miqdorda sekret ishlab chiqaradi.
Ammo bu bezlarning bola yig’lashi bilan bog’liq holda yosh ajratishini
ko’paytirish imkoniyati 1,5-2 oydan keyin shakllanadi.
Chaqaloqlar yorug’lik manbai harakatini ko’z bilan kuzatish qobiliyatiga ega.
Faqat bu davrda ko’zlar harakati hali mukammal emas, turtkisimon shaklda.
Vaqti-vaqti bilan ularda g’ilaylik alomatlari paydo bo’ladi. Ko’z soqqasi tashqi
muskullari harakatlarining monandlanishi tez takomillashadi. 1-2 oylik bolalar
nigohini bir nuqtaga qarata oladilar, 3 oyga borib ko’zlar konvergensiyasini
kuzatish mumkin. Ko’zning murakkab harakatlarni bajarish qobiliyati 7-8
yoshgacha rivojlanadi.
ESHITUV ANALIZATORI
Chaqaloqning qulog’i tuzilishi jihatidan yetarli darajada rivojlangan, ammo
o’ziga xos xususiyatlari ham bor. Tashqi eshituv yo’li juda tor va qisqa, chunki
uning suyak qismi rivojlanmagan. Nog’ora parda ancha qalin va gorizontal
joylashgan. O’rta quloq bo’shlig’ida hali havo yo’q, u shilimshiq suyuqlikka
to’lgan. Birinchi nafas va yutish harakatlari natijasida o’rta quloqqa kalta va
keng Yevstaxiy nayi orqali havo kiradi. Yangi tug’ilgan bolalarda ichki quloq
tuzilmalari deyarli to’la rivojlangan bo’ladi.
Eshituv analizatori turli qismlarining faoliyat ko’rsatish imkoniyatlari
rivojlanish darajasini aniqlashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarning deyarli
hammasi turli hayvonlarda o’tkazilgan. Olingan natijalarga ko’ra tug’ilganida
ko’zi ochiq hayvonlar bolasida po’stloqning eshituv sohasida birinchi kundayoq
tovushga javoban yuzaga chiqarilgan potensiallar qayd qilinadi.
Odam homilasining eshituv analizatori tug’ilishdan avval tovushlarni qabul
qila olishini isbotlovchi dalillar ham bor.
Audiometr yordamida o’tkazilgan tekshirishlar chaqaloq hayotining birinchi
kunlarida olingan audiogrammada o’ziga xosliklar borligini ko’rsatadi: o’rta
chastotaga ega bo’lgan tovushlarga sezgirlik yuqori, shunga yarasha eshitish
bo’sag’asi past. Siyrak va yuqori chastotalarga nisbatan sezgirlik pastroq,
eshitish bo’sag’asi esa kattaroq. O’sish jarayonida eshitish bo’sag’asi kamayadi.
Bu jarayon chaqaloq hayotining birinchi va ikkinchi kuni juda jadal kechadi.
Chaqaloq tug’ilganidan 4 soat keyin o’tkazilgan tekshirishlar eshituv
analizatori bir ohangdagi tovush stimuli qayta qo’llanganida adaptatsiyaga
uchrashini, tovushlar ohangidagi farqqa sezgir ekanini ko’rsatadi. Agar chaqaloq
so’rg’ich so’rib turganida ma’lum tonli musiqa jaranglasa, u so’rish harakatlarini
to’xtatadi (chamalash refleksi yuzaga chiqadi). Bu tondagi tovush 9-10 marta
takrorlanganidan so’ng, unga quloq adaptatsiyalanadi va bu tonga javoban
chaqaloqning so’rish harakatlati to’xtamaydi. Boshqa chastotadagi tovush
qo’llanilsa, chaqaloq so’rishdan yana to’xtaydi. Eshitish bo’sag’asining
kamayishi yoki sof tonlarga sezgirlikning ortishi bola 3 yoshga to’lguncha
davom etadi. Tovushlarga sezgirlik 19-30 yoshlar oralig’ida eng yuqori bo’ladi.
Chaqaloqlik davridayoq bola bir oktava farqi bor tonlarni ajratadi, tovush
manbaidan to’lqinlarning ikkala quloqqa yetib kelishidagi vaqt farqini aniqlay
oladi. 2-3 oy davomida eshituv analizatorining bu imkoniyatlari tez
takomillashadi.
Kattalar bilan muloqotda bo’lish, musiqa bilan shug’ullanish bolalarning
eshituv analizatori rivojlanishini rag’batlantiradi.
XEMORETSEPSIYA
Xemoretsepsiya – sezgilarning eng qadimiysi bo’lib, tashqi va ichki
muhitdan kimyoviy ta’sirotlarni qabul qilishdir. Kimyoviy sezgirlikni uch turga
bo’lish mumkin: umumiy kimyoviy sezgirlik, ta’m bilish va hid sezish sezgisi.
Sezgirligi va ixtisoslashish darajasi past bo’lgan umumiy kimyoviy
retseptorlar tananing turli sohalarida uchraydi. Ularga tomirlardagi qonda gazlar
miqdori o’zgarishini sezuvchi xemoretseptorlar, gipotalamusdagi qonda
gormonlar miqdori o’zgarishiga sezgir retseptorlar, me’da osti bezidagi qonda
glukoza miqdorini nazorat qiluvchi va boshqa xemoretseptorlar kiradi. Bu
retseptorlar gomeostazni ta’minlashda ishtirok etadi, ba’zi himoya reaksiyalarini
yuzaga chiqaradi.
Ta’m bilish retseptorlarining ixtisoslashishi va sezgirlik darajasi juda yuqori.
Ular yordamida organizm tashqi muhit, ovqat sifati to’g’risida kerakli
ma’lumotlar oladi.
TA’M BILISH
Chaqaloqlarda ta’m sezuvchi retseptorlarning joylashgan yuzasi katta
yoshdagi odamlardagidan keng. Ular tilning deyarli hamma sohalarida, lablarda,
qattiq tanglayda, lunjlar shilliq pardasida uchraydi. O’sish jarayonida ta’m
kurtakchalarining soni kamayadi. Chaqaloqlar shirin, nordon, achchiq va sho’r
ta’mlarni sezadi. Shirin ta’mli eritmalarga ularning reaksiyasi musbat –
tinchlanish va emish harakatlari paydo bo’lishidan iborat. Achchiq, sho’r va
nordon ta’mlar manfiy reaksiyani yuzaga chiqaradi – bola norozi bo’lib,
notinchlanadi, aftini burishtiradi. Emizikli bolalarda ta’m retseptorlarining soni
kattalardagidan ko’p bo’lsada, ularning ta’mlarga sezgirligi bir necha marta past.
Bir oydan bir yoshgacha bo’lgan bolalar qand eritmasi konsentratsiyasida
0,8-1 %, osh tuzi eritmasida 0,1-0,2 % va askorbinat kislota eritmasi
konsentratsiyasida 0,08-1 % farq bo’lsa, aniqlay oladilar.
Demak, ta’m analizatorining erta ontogenezdagi faoliyatida sezgirlik pastligi
bilan retseptor soha kengligi o’rtasida monandsizlik kuzatiladi. Bu monandsizlik
hali yaxshi tekshirilmagan markaziy mexanizmlar faoliyatidagi xususiyatlarga
bog’liq bo’lsa kerak.
HID SEZISH
Bu sensor tizim retseptorlari bola tug’ilgunicha o’z rivojini tugatadi. Endi
tug’ilgan chaqaloq hidli ta’sirlovchilarni sezadi. Hid kuchli bo’lsa, ularning
mimikasi, pulsi va nafas olishi o’zgaradi. Ammo murg’ak bolalarning hid
sezgirligi juda past. Hidli moddalarning havodagi konsentratsiyasi katta
yoshdagi odamlarning hid sezish bo’sag’asidan 20-100 marta yuqori
bo’lganidagina, chaqaloqlarda mimik reaksiya yuzaga chiqadi. Ularning hid
sezish analizatori juda tez adaptatsiyaga uchraydi, hidli moddaning qayta
ta’siriga sezgi yo’qoladi. Emizikli bolalarda sut hidiga reaksiya deyarli yo’q. 4
oylik bolalar xushbo’y hidni noxush hiddan ajrata boshlaydilar va ularga
adekvat mimika va harakatlar bilan javob beradilar.
12-14 yoshlarga borib hid sezish analizatorining faoliyat ko’rsatish darajasi
kattalarnikiga tenglashadi.
TERI RETSEPSIYASI
Terida juda ko’p bo’lgan retseptorlar og’riq, harorat va taktil sezgilarni
ta’minlaydi. Bu sezgilarning har qaysisi shakllanishida maxsus ixtisoslashgan
retseptorlar ishtirok etadi. Ularning ontogenezda rivojlanishida farq bor. Eng
avval asosan og’riqni sezishni ta’minlovchi nerv tolalarining erkin oxirlari, eng
keyin (5-6 yoshda) tegishni (teri yuzasi botish tezligini) sezuvchi Pachini
tanachalari shakllanadi. Yangi tug’ilgan chaqaloqlarda issiqni sezuvchi Ruffini,
hamda sovuqni sezuvchi Krauze tanachalari tuzilishi va faoliyat ko’rsatishi
jihatdan yetilgan bo’ladi. Sovuqni sezuvchi retseptorlar soni issiqni sezuvchi
retseptorlar sonidan 10 marta ko’p (katta yoshdagi odamlarda bu nisbat 8:1).
Harorat retseptorlari teri yuzasining turli sohalarida juda notekis joylashgan.
Chaqaloq harorat ko’tarilishiga ham, uning pasayishiga ham javob beradi.
Uning sovuqqa javoban bergan reaksiyasi kuchliroq va aftini burishtirishdan,
titrashdan, nafas o’zgarishidan va yig’lashdan iborat bo’ladi. Bolani issiq suvda
cho’miltirish yoki boshqa yo’l bilan isitish uni tinchlantiradi. Emizikli
davridayoq termoretseptorlar harorat doimiyligini ta’minlovchi tizim tarkibiga
kiradi.
Og’riq chaqiradigan ta’sirotlar katta yoshdagi odamda shikastlovchi kuchga
ega bo’lib, chaqaloqlarda tananing umumiylashgan harakatlarini, xarakterli
mimikani, qichqirishni, nafas va puls chastotasi o’zgarishini yuzaga chiqaradi.
Ammo ularda og’riqqa sezgirlik kattalardagidan past. O’sish jarayonida teri
analizatorining sezgirligi ortib boradi. Taktil sezgining bo’sag’asi 8-10 yoshda
keskin kamayadi. Harorat va og’riqni sezish ham kuchayadi.
VESTIBULYAR ANALIZATOR
Bola tug’ilganida vestibulyar apparat yetarli darajada shakllangan. Bu
tizimning uzunchoq miyadagi markazi – Deyters yadrosining takomili ham
nihoyasiga yetgan bo’ladi. Buni vestibulyar analizator qo’zg’aluvchanligini
aniqlashga qaratigan tadqiqotlar natijasi tasdiqlaydi. Yangi tug’ilgan chaqaloqda
aylanma harakatdan keyin yuzaga chiqadigan ko’z nistagmi kuzatiladi. Kalorik
sinama ham nistagm chaqiradi. Bola o’sishi jarayonida vestibulyar analizator
xronaksiyasini o’lchash tizimning qo’zg’aluvchanligi 10 yoshdan 20 yoshgacha
bo’lgan davrda pastligini ko’rsatadi.
|