574
Ключевые слова:
тарикат, статус, согласие, согласие души, согласие
сердца, согласие Бога.
Abstract:
This article is devoted to the artistic interpretation of the status of
reza in the ghazals of Alisher Navoi. The article illuminates the artistic
interpretation of Raza in Alisher Navoi's ghazals and reveals the significance of his
position in Sufism in raising a "perfect person" who is free from negative qualities
and their worldly defects and is able to rise to a high level. The importance of
binding is shown.
Key words:
tariqat, status, consent, consent of the soul, consent of the heart,
consent of God
Hazrat Alisher Navoiy buyuk mutasavvuf shoirdir. Uning g‘azallarida
tariqat maqomlari mohiyatan chuqur talqin qilinadi. Shulardan biri - rizo. Rizo
lug‘atda “rozi bo‘lish” ma’nosini anglatib, qalbdan qabohat-kirlarning ketishi,
qazo va qadar hukmiga bo‘ysunish, nafs roziligidan chiqib, Haq roziligiga kirishni
anglatadigan axloqiy-irfoniy tushunchadir. Rizo – o‘ziga yuzlangan balolardan
lazzat topmoq, qazo amriga taslim bo‘lgan qalbning sururidir. Navoiy g‘azallarida
rizo tavakkuldan keyingi maqom, holatning bir bosqichi sifatida talqin qilinadi.
Quyidagi baytda qazoga rozi bo‘lishga chaqirilar ekan, boshiga tushgan ishlarda
garduni falakning teskariligi-yu kavkab-yulduzlarning baxtiga qarshi joylashuvi,
tole’ yulduzi porlamaganligini gunohkor qilib yozg‘irish g‘am-g‘ussaga botgan
onida insonga hech qanday foyda bermasligi ta’kidlanadi:
Qazog‘a rozi o‘lkim, g‘ussa vaqti qilmadi sude,
Necha kavkabni mujrim qildim-u gardunni yozg‘urdum [2, 361].
“Lohijiy: Rizo — bandaning o‘z rizosidan chiqib, Mahbub rizosiga kirishi,
ilohiy qismatga zarra e’tiroz qilmasligidir. Solikda ushbu maqomda hech narsadan
g‘azab, hayajon, gina-kudurat va xafalanish bo‘lmaydi”[8,28] deb yozadi. Shu
kabi Navoiy g‘azallarida rizo hosil etish uchun yor – Allohdan nima kelsa
ham zinhor gila qilmaslik lozimligi uqtiriladi:
Ey Navoiy, desang oyini rizo hosil etay,
Yordin har ne kelur aylama zinhor gila [2, 516].
Bu ko‘hna dayr ichra desang, ranja bo‘lmayin,
Bo‘lg‘il rizo maqomida-vu qilmag‘il sitez [4, 156].
Hujviriy rizoning ikki xilini ta’riflaydi:
1.
Haqning bandasidan roziligi.
2.
Bandaning Haq taolodan roziligi.
“Haqning bandasidan roziligi Haq taoloning bandasi tomonidan
bajargan ibodatlar, xayrli amallarini savob sifatida qabul qilib, qilmishiga
yarasha ajr-u mukofotlar berishida namoyon bo‘ladi. Bandaning Haq
575
taolodan roziligi bu maqomdagi bandadan boshiga tushgan barcha yaxshi -
yomon kunlarni xushnudlik bilan qabul qilib, norozilik izhor etmaslik,
noshukrlik qilmaslik, dunyoviy narsalardan mahrum bo‘lgan chog‘da
mahzun va malul bo‘lmaslikni talab qiladi”[7,454]. Ayni paytda Amr ibn
Usmon ta’kidlaganidek, muhabbatsiz rizo bo‘lmaganidek, rizosiz muhabbat
ham bo‘lmaydi. Alisher Navoiy g‘azallarida rizoga shu nuqtai nazardan
yondashiladi. Barcha fitratan Xoliqqa muhabbat bilan tug‘iladi. Ammo bu
muhabbat va undan kutilgan natija har kimda har xil darajada namoyon
bo‘ladi. Agar elga ishq ichra visol mulohaza etilsa, xotirda turilsa, Allohning
muhabbati qalbida jo‘sh urgan Haq tolibi ishq ichra yolg‘iz Uning rizosini
maqsad qiladi:
Erur mulohazam ul oy rizosi ishq ichra,
Agarchi elga visol o‘ldi ishq aro malhuz [1, 255].
El Uning ishqidan Ma’shuqi Azallning mehr-u vafosini niyat qilgan bo‘lsa,
Haq tolibining barcha harakatlaridan murod Haqning bandasidan roziligiga
erishishdir. Bunga erishish uchun u o‘lishga ham tayyor:
Elga ishqidin g‘araz mehr-u vafosidur aning,
Gar meni o‘ltursa, maqsudum rizosidur aning [1, 315].
Munoviy:”Rizo insonning o‘ziga yetgan musiybat yoki yetmay qolgan
yaxshilikni o‘zgarmasdan, nafsoniy yaxshilik bilan qabul qilishidir”,
degan[10,223]. Chunonchi, quyidagi bayt ushbu fikrning badiiy ifodasidir.
Do‘stning rizosini istagan Haq tolibi vasldan xursand yoki hijrondan notavon
bo‘lmasligi, ya’ni har ikkalasini ham o‘zgarmasdan, nafsoniy yaxshilik bilan qabul
qilishi lozim. Chunki, Navoiy ta’biricha, yor lutf qilsa-da, zulm etsa-da oshiqqa
baribir, u yorning lutfidan ham zulm bilan azoblashidan ham faqat bir narsani –
Uning rizoligini kutadi:
Do‘stdin istar rizo zinhor ani ko‘rmakim,
Vasl qilg‘ay komron yo notavon etkay firoq [3, 255].
Lutf ila gar yod etar, yo zulm ila bedod etar,
Men rizosin istaram yodidin-u bedodidin [1, 453].
Navoiy U Zotning rizosiga yetish uchun mahbub qay tarafga tortsa shu
tomonga borishga azm etgan. Chunki uning bo‘yniga Ishq ixlos arqonini
bog‘lagan:
Rizo yo‘lida Navoiy borur qayon cheksang,
Chu ishq bog‘ladi bo‘ynig‘a rishtayi ixlos [1, 249].
Shayx Hotam Asim: “Ixlosning nishonasi uch nimarsadir: Avval ulkim,
kishining yaxshi va yomon degani aning oldida barobar bo‘lg‘ay. Ikkinchi ulkim,
qilgan toatini faromush qilmag‘ay. Uchinchi ulkim, qilg‘on ibodatiga qiyomat kuni
savobini vojib va mushaxxas bilmag‘ay”, - desa, Shayx Hotam Asim; “Hech
576
nimarsani xilvatda ixlos qilmoqdin qotig‘roq ko‘rmadim”[9,46], - deb yozadi. Ana
shu xilvatda, barchaning nazaridan yiroq, e’tiboridan holi, faqat Uning O‘zigagina
ayon ixlos bilan Uning rizoligini istab, undan kelgan yaxshilik-u yomonlikni
birdek xushnudlik bilan qabul qiladi. Bu o‘rinda bandaning Haq taolodan
roziligi ham namoyon bo‘ladi. “Nafs roziligi qalb rizosi ostida paydo
bo‘lgani kabi, qalb rizosi Haq rizosi ta’siridan hosil bo‘ladi. Shunga
asoslanib, Fuzayl bin Ayoz Rizo maqomiga yetishgan kishini vosil (Haqqa
yetishgan) deb ta’riflaydi”[7,454]. Quyidagi baytda shoir Haqqa yetishgan
vosillar – rizo ahlini siyosat tig‘idan qo‘rqitishga chog‘langan shohga
murojaat qilar ekan, bu ishdan qaytishga undaydi. Chunki yo‘qotadigan hech
narsasi bo‘lmagan gadoga o‘lim qo‘rqinchi begona bo‘lgani kabi rizo ahliga
shohning qatl etishidan xavf yo‘q:
Rizo ahlin siyosat tig‘idin qo‘rqutmag‘il, ey shah,
Ki qatlingdin sening qo‘rqarg‘a o‘lmaydur gado asru [1, 471].
Vaholanki, rizo ahli ajal bo‘g‘zini bo‘g‘ganda ham rozi. Sababi yordan
ayrilb o‘zi bunda mahjur qoladigan bo‘lsa bo‘g‘ilayotganda har lahza tortgan
fig‘onlari yorga yetib boradi-ki, shuning o‘zi ham oshiq qalbiga taskin beradi:
Rozi o‘ldumkim, ajal bo‘g‘zumni bo‘g‘gaykim, nedin
Men qolib mahjur anga har lahza afg‘onim borur [1, 183].
“Xoh o‘ltur, xoh kuydurkim sanga berdim rizo” deya o‘z jonini yor yo‘lida
nisor qilishga rozi oshiq bir yaxshi so‘z bilan jonini olsam rozi bo‘larmikin, deb
mendan so‘rashning hojati yo‘q: yaxshi so‘zga kengashish nimaga kerak, der ekan,
umrimni istasa, yuz joni bo‘lsa ham baxsh etishga tayyorligini, o‘zidek yuz ming
jon mahbubning ko‘ngli rizosig‘a fido bo‘lsa kamligini bildiradi:
Demakim, bir yaxshi so‘z birla Navoiy jonini
Olsam, ul bo‘lg‘aymu rozi, yaxshi so‘zga ne kengash? [1, 246]
Ey Navoiy, dema rozisenmu umrung istasa,
Yuz mening umrumcha sultonimda bo‘lg‘ay koshki [1, 534].
Yuz tuman mendek aning ko‘ngli rizosig‘a fido,
Men agar o‘lsam o‘lay, siz ani xushhol tutung [3, 289].
Oshiq har tun faryod etib, yorning vafodor itlari boshini og‘ritgani uchun
telba ko‘nglidan noroziligini, agar bu ko‘ngilning choklarini tiksalar rozi
emasligini, aksincha, qolgan qismini ham parcha-parcha qilib tashlashlarini
istashini bayon qiladi:
Telba ko‘nglumdin emon roziki, har tun ko‘yida
Itlarining og‘ritur boshin aning faryodi ko‘b [2, 38].
Rozi ermasmen ko‘ngul chokini payvand etsangiz,
Qolg‘onin ham koshki parkand-parkand etsangiz [2, 188].
577
Ahli rizo hatto chiqqan jonining ham yor ko‘chasiga borishiga rozi emas,
chunki joni qayerga borsa ham dard-u g‘am uning hamrohidir. Anglashiladiki,
oshiq chiqqan jonining hamrohlari – dard-u g‘am yoriga yaqinlashishidan
xavotirda:
Chiqti jon rozi emon ko‘yungga borg‘ay, negakim,
Har qayon azm etsa dard-u g‘am aning hamrohidur [2, 150].
Oshiq mahbubini faqat xushholligini tamanni qiladi, unga ozor yetkazishi
mumkin bo‘lgan har qanday sababni unga yaqinlashishini xohlamaydi. Buning
uchun o‘z rohat-farog‘tidan ham voz kechadi: mehnat-u g‘amdan bir dam osuda
bo‘lmagan koshonasiga yorning mehmon bo‘lishiga rozilik bildirmaydi:
Yor mehmon bo‘lsa, bermasmen rizo, chun bir nafas
Mehnat-u g‘am xayli chiqmaslar bizing koshonadin [5, 361].
Navoiy mahbubining ko‘ngliga ma’qul istakni topgan kishi uchun vasl ham
firoq ham tengdir, chunki Haq rizosiga erishgan odam uchun Jannat ham Jahannam
ham baravar, deb uqtiradi:
Yor dilxohin chu topting, tengdurur vasl-u firoq,
Haq rizosin chunki qozg‘anding, ne uchmoq, ne tomuq [5, 239].
Shu o‘rinda Navoiy Haq tolibi – darvesh agar yori jafokor chap ko‘ziga mil
tortsa, o‘ng ko‘zini ham tutib bermaganni rizo ahlidan deb sanamasligini yozadi:
Nesh so‘l ko‘ziga yetganda gar o‘tru tutmas,
O‘ng ko‘zin, ayni rizo ani demaydur darvesh [6, 175].
Navoiy rizoni har xil orzular bilan tinmay har tarafga mayl qilayotgan
ko‘ngilni tindirish vositasi sifatida ham talqin qiladi:
Ko‘ngul tinmasqa qolmish erdi, har nav’ orzu birla,
Rizo ko‘yida to qo‘ydum qadam ko‘nglumni tindurdum [3, 319].
Binobarin, Shayx Ahmad Xazraviya aytganlaridek: “Sabr muztar – nochor
kishilarning ozig‘idir, rizo esa oriflarning darajasidir”[9,59]. Rizoni topgan vosil
orif yaxshi axloqning ibrat namunasidir:
Tasavvuf rizo ahlidin yaxshi axloq,
Erur istilohoti zeb-u takalluf [6, 216].
Xulosa qilganda, Navoiy g‘azallarida rizo oriflar darajasi, qazo va qadar
hukmiga bo‘ysunish, nafs roziligidan chiqib, Haq roziligiga kirish, qazo amriga
taslim bo‘lgan qalbning sururi, ixlos bilan Uning rizoligini istab, undan kelgan
yaxshilik-u yomonlikni birdek xushnudlik bilan qabul qilish, har xil orzular bilan
tinmay har tarafga mayl qilayotgan ko‘ngilni tindirish vositasi sifatida talqin
qilinadi.
Dostları ilə paylaş: |