Tili, adabiyoti va folklori instituti, alisher navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi, urganch davlat universiteti



Yüklə 7,91 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə259/431
tarix15.09.2023
ölçüsü7,91 Mb.
#143696
1   ...   255   256   257   258   259   260   261   262   ...   431
Anjuman Boku (6)

Key words
: Aruz poetry system, Kamil Khorezmi's work, image problem, 
artistic interpretation, lover, mistress, opponent, form and content. 
G‘azal Sharq mumtoz adabiyotida eng sermahsul va yetakchi janrlar 
sirasiga kiradi. Bilamizki, aruz she’r tizimi arab she’riyatida vujudga kelgan 
bo‘lsa-da, Sharq she’r dunyosida o‘z kamolotiga yetdi. Turli zamonlarda yaratilgan 
g‘azallar jilosi bugungi kun kitobxonining ham diqqat- e’tiboridadir. Bu daf’a siz 
bilan mumtoz she’riyatimizda o‘z ovoziga ega bo‘lib, zamonasida salmoqli 
darajani ishg‘ol etgan shoir Komil Xorazmiy g‘azallarida oshiq- ma’shuqa-raqib 
obrazlari uchligining badiiy talqini haqida suhbatlashsak. 
Komil ijodi mavzulari rang-barang: Ishq-muhabbat, may-u mahbub, 
ma’rifatparvarlik, do‘stlik, ijtimoiy hayot, o‘zaro ahillik, birdamlik g‘oyalarini 
ilgari sursa-da, g‘azallarining asosiy qismini ishqiy lirika tashkil qiladi. Shoir bu 
g‘azallarda ishqiy kechinmalarni to‘laqonli tasvirlash pirovardida obrazlarni o‘ziga 
xos talqin etadi. Sharq islom dunyosida esa, arab g‘azaliyoti, forsiy va turkiy 
dostonchilik, xamsachilik ushbu uchlikni oshiq- ma’shuqa- raqib (yoki ag‘yor) 
tarzida talqin etadi. Voqean, “Qur’oni karim”ning “Baqara”surasi, 36- oyati 
tarkibida keladigan:“Sizlar bir-biringizga dushmansiz”, degan Olloh kalomi, 
bevosita, Uning o‘zi tomonidan yaratilgan uch yaratiqqa – Odam alayhissalom, 
Momo Havvo va Iblisga qaratilgan edi. Keyinchalik Sharq adabiyotidagi oshiq- 
ma’shuqa- raqib uchligiga aynan shu voqea asos bo‘ldi. [1,164,165.] 
Xo‘sh, Komil bu masalani asarlarida qanday talqin etadi? Keling, 
g‘azallarga bir qur nazar tashlaylik. Quyidagi g‘azalda shoir uchlik masalasini 
shunday talqin qiladi: 
Fig‘onkim, ul parivash kulbama bir kelmay o‘lturdi, 
Firoqida nechuk erkonin holim bilmay o‘lturdi. 
Jamolidin qilib ag‘yor bazmin har kecha ravshan, 
Kelib bazmimg‘a bir kun, gul kibi ochilmay o‘lturdi. [2,157] 


559 
Misralar avvalida oshiq mahbubasining hajrida fig‘on chekib, dardi 
dunyoga sig‘mayotganligini, lekin sevimli yor o‘z oshig‘ga beparvoligi, oqibatda 
uning holi yomonlashib borayotganini bayon etsa, keyingi baytda go‘zal bazmini 
obod etib, uning dilini vayron etganini ta’kidlaydi.Shuni aytish lozimki, g‘azaldagi 
oshiq obrazi- shoir shaxsining in’ikosidir. Parivash- ma’shuqa, raqib esa shoir 
nazdida bu o‘rinda ag‘yor deb keltiriladi, lug‘aviy ma’nosidan kelib chiqilsa, bu 
so‘z g‘ayri, o‘zga so‘zlari bilan ma’nodoshlik kasb etadi. [3] Demakki, shoirning 
rashki, hislarining dushmani “begona”larga mehr ko‘rsatayotgan pariga. Mumtoz 
shoirlarimiz ijodida “gul”, “yor”, “oy” tushunchalari asosan ma’shuqa ma’nosida 
qo‘llangan. Shoir so‘zni ko‘chma ma’noda qo‘llash orqali fikrni aniqroq ochadi
uni o‘qigan kitobxon esa u haqda obrazli tasavvurga ega bo‘ladi. Ushbu g‘azalning 
4-baytida avvalgi misralarda pariga, gulga menzalgan go‘zal - “qotil” maqomini 
oladi va oshiq-shoir raqibini yuzi qora deb ataydi. Oshiq o‘zidan o‘tayotgan hajr 
soatlarini ming yillarga tenglashtiradi. 
Ya’ni,
Ming yillarda birdam yod qilmay, vahkim, ul qotil, 
Raqibi ro‘ siyahdin bir nafas ayrilmay o‘lturdi. 
“G‘azal murakkab va ancha qiyin janr. G‘azalnavisdan oz so‘zda ko‘p 
ma’no berish, fikr durdonalarini badiiy tashbeh sadaflari ichida taqdim etuvchi 
janr”.[4,21] Yuqoridagi g‘azalda shoir til xazinasi dur-u gavharlaridan ustalik
bilan foydalanadi. Har baytda “o‘lturdi” so‘zining radif sifatida takrorlanishi 
g‘azalni yanada jozibali bo‘lishini ta’minlagan. G‘azalning turli o‘rinlarida
berahm ma’shuqani turlicha nomlar bilan: birinchi baytda “parivash”, uchinchi 
baytda “sangdil”, to‘rtinchi baytda “qotil” deb ataydi. Va misralarda bevafo 
yorning bu nomlarni sifatlovchi xususiyatlarini shoirona lutf ila keltirib o‘tadi. 
Navbatdagi g‘azalda oshiqning raqibi ko‘zgu. Oshiq ko‘zguga boqqan 
yorining jamolini undan qizg‘onadi.Go‘zalning husnu jamolini ko‘rgan ko‘zguning 
xarob holi juda chiroyli tarzda mana bunday tasvirlanadi: 
Xabar topmish bu mahfilda jamolingdin magar ko‘zgu, 
Kamoli hayrat ila o‘zdin o‘lmish bexabar ko‘zgu. 
Uzori otashining shu’lasi boqg‘och, yoqor jonim, 
Ko‘rubmu hech nozir zohir etkanni sharar ko‘zgu. [3,142] 
Bu majlisda ko‘zgu sening jamolingdan xabar topdi, ya’ni sen ko‘zguga bir 
qaraganingdan u hayratdan o‘z aql-u hushini, o‘zligini unutdi. Sochlari olovining 
shu’lasidan oshiqning joni otashda qovrilmoqda. Bizningcha, bu g‘azalda 
oshiqning qalbi dunyo ishqi bilan emas, Olloh ishqi bilan band. Olloh ishqidan 
barcha qalblarda uchqunlar bo‘lsa-da, oshiq o‘z ishqini barchadan avlo sanaydi. 
Oshiq-haqsevar, u qalbini ishg‘ol etgan Robbisiga shunday murojaat qiladi: 
Ruxing mir’otini tut zohidi xudbin ko‘zidin dur, 


560 
Ne bahra topgusi ko‘rgan bila ul bebasar ko‘zgu. 
Ruxing oyinasini o‘zini sevuvchi yolg‘onchi taqvodorlardan uzoq tut, 
chunki ularning qalb ko‘zlari ko‘r, ko‘rganlarini qalban anglamaydilar, deydi. U 
shunday deb Olloh jamolini yolg‘onchi zohiddan qizg‘onadi va 
Jamoli jilvasin Komil zamiridin tamosho qil, 
Ki mazharliqg‘a loyiq bo‘lmag‘oy ul yuzga har ko‘zgu.
Uning jamoliga Komilning ko‘nglidan boq, bu nafosatga boqishga har 
qaysi ko‘zgu loyiq emas, eng munosibi ko‘ngil ko‘zgusidir, demoqchi. Bilamizki, 
g‘azal janrining alohidaligi, avvalo, yor husn-u jamolini go‘zal tasviri inshosi 
etmog‘idadir. Shu o‘rinda, Komil qalami yor jamolini betakror ranglar bilan 
chizadi. Alamli jihati shuki, bu husn- nafosat boshqalar nigohini ham o‘ziga jalb 
etadi. Bu holatdan oshiq yana azobda. 
Jon ofati erkandur, ey mahvash sanam, qosh-u ko‘zung, 
Soldi boshimg‘a yuz tuman ranj-u alam qosh-u ko‘zung. [3,102] 
Shoir endi o‘z azoblariga sanamning qoshu ko‘zini sababchi deb biladi. 
Ma’shuqaning o‘zgalarga tushgan nigohi, ya’ni ming noz-u jilvasi bechora oshiq 
uchun yuz ming sitam ekanligini aytadi: 
Ming noz-u jilva aylabon ag‘yorga, faryodkim, 
Aylar mango yuz ming sitam qosh-u ko‘zung. 
Oshiq g‘azalning turli o‘rinlarida raqibini ag‘yor, ya’ni, dushman deb 
ataydi va uning oldida o‘zini ojiz sanaydi. Raqibiga qarshi hech chora ko‘rolmay, 
sevgilisining u tomon bir qarab qo‘yishi ham bo‘sa olgandek karam sifatida qabul 
qiladi. 
Har dam solursen noz ila bo‘ynungg‘a ag‘yor ilgini, 
Nedur mango bir bo‘sani qilsa karam qosh-u ko‘zung. 
Ko‘rdikki, oshiq qasoskor emas,u faqatgina yorning vafosi, birgina
mehrvash nigohi ilinjida. U “o‘ldiraman”, “yondiraman”, demaydi. Vasl umidida 
yashashda davom etadi. Lekin “husn shohi” bevafolik yo‘lini tanlagan, o‘zining 
oshig‘iga, sodig‘iga beparvo.
Ul oyni hiylavu afsun ila to g‘ayr ozdurmish, 
Mani bechoradin bilkull oning ko‘nglini tindurmish.
Maqomim aylabon hajrida bekaslik biyoboni, 
Visoli shahrida ag‘yor tun-kun anjuman qurmish. 
Mango aylab jafou javrini andozadin berun, 
Raqibu muddaiyg‘a iltifotin haddin oshurmish. 
Xadangi marhamatg‘a aylabon dushmanlarin omoch, 
G‘amu bedod o‘qini do‘stlarning jonig‘a urmish. 
Ichib jomi visolin o‘zgalar guldek bo‘lub xandon, 
Berib zahri firoqin, ro‘zi shab rangimni so‘ldirmish. 


561 
Ko‘ngil xilvatsaroyi rozig‘a mahram qilib xasmim, 
Menga til uchidin so‘z aytib asrorini yoshurmish. [3,80.] 
Yuqoridagi g‘azalda shoir raqib obrazini har tusda jilvalantiradi, baytlar 
osha so‘zning yanada ta’sirchan shakllarini qo‘llay biladi. Bu uning shoirona 
mahorat va badiiy zehnini namoyon qiladi. Avvalida hiylakor “g‘ayr”, “ag‘yor”, 
uchinchi baytda “raqibi muddaiy”, keyingi o‘rinlarda “dushman”, “o‘zga”, “xasm” 
deya ta’riflaydi. Biror o‘rinda raqibning qilmishlariga chora topilmasada, g‘azal 
mazmunida oshiq tuyg‘ulari kushandasidan, unga ro‘yxushlik bergan dildordan 
norozi ohanglar kuchayib boraveradi. Yana bir g‘azalda shoir o‘z rashkini oshkora 
bayon etadi: 
Iltifot qilmasman sarvu gul sori, ey gul, 
Yuzu qadinga bo‘lmish vola aqlu hayron ko‘z. 
Masti noz o‘lub chiqsang rashk o‘tiga yong‘umdir, 
Negakim jamolingg‘a solur ahli davron ko‘z. [3,70] 
Lekin oshiq yoriga tikilgan har nigohni raqib deb bilmaydi. Kimki, 
ma’shuqasining karamiga sazovor bo‘lsa, o‘sha unga chin dushmandir. “Gulruh” 
radifli g‘azalda esa, oshiq- ma’shuqa- raqib uchligi quyidagicha talqin etiladi. 
Ko‘z uchidin mango qilmay nigoh bir dam, oh 
Qilur ulusg‘a o‘kush ehtirom ul gulruh. [3.50] 
Ushbu baytda uchlik – oshiq – man, raqib – ulus, ma’shuqa – gulruh 
so‘zlari bilan ta’riflanadi.Ko‘rinadiki, g‘azal shoir hislarining tarjimoni bo‘lib, 
shoir ruhiyati oshiq obrazida gavdalanadi. Uning afsuslari, zoru nolalari, anduhlari, 
armonlari ushbu obraziga jamlanadi. 
Dilimga dog‘ solib loladek raqib bila, 
Ichar chamanda mayi lolafom ul gulruh. 
Mayi visol ila dunlarni shodkom aylab, 
Hamisha qildi meni talxkom ul gulruh. 
Yuqoridagi baytda, raqib obraziga yangi talqin berildi, endi shoir uni dun 
ya’ni tuban, past deb ataydi. Sitamkor go‘zaldan umidini uzmagan oshiq keyingi 
misralarda shunday xitob qiladi: 
Meni ham etkamu, yorab, shamimi zulfidin, 
Jahonni qildi muattar mashom ul gulruh. 
G‘azal so‘ngida dunyo oshiqlari jam bo‘lsa ham ishqda bir undek sobit 
bo‘lolmasliklarini aytadi. 
Agarchi olam elidur g‘ulomi Komildek,- 
Valek topmag‘usi bir g‘ulom ul gulruh. 
Komil Xorazmiy g‘azallarida oshiq obrazi alamzada, qasoskor sifatida 
emas, sabrli, sadoqatli, o‘z maqsadida sobit inson sifatida gavdalanadi.U muhabbat 
va hijron mavzusini tolaqonli kuylash uchun mazmunga qancha e’tibor qilsa, asar 


562 
shakliga ham alohida e’tibor beradi. Shoir she’riyatida vaznlarning ravonligi, 
qofiyalarning to‘laligi va o‘ynoqiligi, tasvirning rang-barangligi, ichki ruhiy 
kechinmalarning jonli va yorqinligi, xulosa qilib aytganda, komilona badiiy 
mahorat yaqqol namoyon bo‘ladi. 

Yüklə 7,91 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   255   256   257   258   259   260   261   262   ...   431




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin