Tilshunoslik fanidan ma’ruzalar matni


Vilgelm fon Gumboldtning tarixiy-falsafiy qarashlari



Yüklə 427,53 Kb.
səhifə37/79
tarix07.01.2024
ölçüsü427,53 Kb.
#205508
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   79
Tilshunoslik fanidan ma’ruzalar matni-fayllar.org

4. Vilgelm fon Gumboldtning tarixiy-falsafiy qarashlari
Germaniyaning eng buyuk olimlaridan biri bo‘lgan Vilgelm fon Gumboldt (1767-1835) har tomonlama bilim sohibi edi. U tilshunoslik, adabiyot nazariyasi, falsafa, davlat huquqi, siyosat va diplomatik faoliyat bilan shug‘ullanadi, Berlin universitetining asoschisi hamda davlat arbobi hisoblanadi.
Vilgelm fon Gumboldtning tilga oid bilimi nihoyatda keng bo‘lib, ulkan olim nafaqat hind-Yevropa tillarini bilar, balki dunyoning boshqa tillari – bask tilidan tortib, Amerikaning kichik Polineziya va mahalliy aholisining (hindular) tillari haqida ham chuqur bilimga, ma’lumotga ega edi.
Vilgelm fon Gumboldt asarlari, g‘oyalari, konseptsiyalari bilan umumiy nazariy tilshunoslikka asos soldi. Buyuk olim tilshunoslikning, idealistik ruhda bo‘lsa-da, qator eng muhim va murakkab muammolarini hal qilib berdi, ta’limotlar yaratdi. Shu tufayli u jahon tilshunosligining keyingi taraqqiyotiga juda katta ta’sir ko‘rsatdi.
Qiyosiy-tarixiy metodning asoschilaridan biri bo‘lgan F. Bopp uni hurmat bilan tilga olsa, G. Shteyntal, A. Shleyxer, K. Fosler, A. Pott, G. Kursius, A. Potebnya, B. de Kurtene kabi taniqli va mashhur tilshunoslar o‘zlarini uning shogirdi deb hisoblaganlar.
Agar F. Bopp umumiy, nazariy g‘oyalardan, qarashlardan chetlashib, asosan, faktlar yig‘ish, ularni qiyoslash, ular orasidagi munosabatlarni, bog‘liqliklarni aniqlash bilan shug‘ullangan bo‘lsa, Vilgelm fon Gumboldt nazariy, falsafiy g‘oyalar bilan, tilning ilmiy nazariyasini yaratish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Aniqrog‘i, Vilgelm fon Gumboldtning tilshunoslikdagi ahamiyati, o‘rnini I.Kant va Gegellarning jahon falsafasi taraqqiyotiga ko‘rsatgan ta’siri bilan qiyoslash mumkin.
Gumboldtning umumiy tilshunosligini til falsafasi deb aytish mumkinki, bu falsafa eng oliy lisoniy umumlashmalarni va uzoq davrlarda ham tilshunoslik rivojiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan xulosalarni qamrab oladi.
Gumboldt til falsafasini tiklab, uning obro‘-e’tiborini ko‘tardi va ayni falsafaga butunlay yangi yo‘nalish berdiki, bu yo‘nalish qiyosiy-tarixiy metod bilan zich bog‘langan holda, uning asosida yuzaga keldi. Aniqrog‘i, Gumboldtgacha bo‘lgan nazariyalar bo‘sh, mustahkam asosga ega bo‘lmagan, shunchaki, yuzaki nazariyalar edi. Gumboldt esa tilning ilmiy nazariyasini, til falsafasini til hodisalariga qiyosiy-tarixiy metodni qo‘llash asosida qurdi, yaratdi. Natijada uning ta’limoti, lisoniy qarashlari tilshunoslik fanining taraqqiyotiga uzoq yillar davomida samarali xizmat qildi.
Gumboldt 1820-yilda Berlin akademiyasida «Tillar taraqqiyotining turli davrlarida ularni qiyosiy-tarixiy o‘rganish haqida» degan mavzuda ma’ruza qiladi. Ushbu mavzudagi ma’ruza uning tilga oid dastlabki tadqiqoti bo‘lib, muallif unda til haqida alohida, mustaqil fan yaratish zarurligi g‘oyasini o‘rtaga tashlaydi va uni asoslab beradi.
Shuningdek, olim ma’ruzasida qarindosh va qarindosh bo‘lmagan tillarning tipologik-qiyosiy grammatikasini yaratish tarafdori bo‘lib chiqadi. U o‘zigacha bo‘lgan, ya’ni har bir tilning o‘ziga xosligini, mustaqilligini tan olmaydigan, barcha dunyo tillarini tayyor mantiqiy jadvallarga majburan kiritishga intiluvchi deduktiv umumiy grammatikani – Por-Royal grammatikasini inkor qiladi. Gumboldt turli tillardagi aynan bir tushunchani – fikrni ifoda etishning, yetkazishning turlicha usullarini aniqlashga intiladi.
Gumboldt hayotining oxirgi yillarida o‘zining eng muhim uch tomli «Yava orolidagi kavi tili haqida» nomli salmoqli asari ustida ish olib boradi. Bu asar uning vafotidan so‘ng akasi A. Gumboldt tomonidan 1836-1840-yillarda nashr qilindi.
Vilgelm fon Gumboldtning qayd etilgan tadqiqotlarining bevosita nazariya bilan bog‘liq kirish qismi nihoyatda katta ahamiyatga egadir.
Ishning kirish qismi «Inson tili tuzilishining har xilligi va uning inson naslining ma’naviy taraqqiyotiga ta’siri» deb nomlanib, turli tillarga tarjima qilindi. 1859-yilda rus tiliga o‘girildi.
Gumboldt aynan mana shu asarida, ayniqsa, uning kirish qismida o‘zining tilga bo‘lgan nazariy-falsafiy qarashlarini mukammal bayon etadi.
U tadqiqotlarida tilga aloqa vositasi sifatida, predmetlarni anglatish vazifasini bajaruvchi sifatida baho berdi. Ayni vaqtda olim tilning murakkab o‘zaro qarama-qarshi xususiyatlardan iborat ko‘p jihatli hodisa ekanligini qayd etadi.
Gumboldt tilni mukammal o‘rganishda, unga xos belgi-xususiyatlarni, boshqa hodisalar bilan aloqasini, o‘ziga xosligini aniqlash va ochishda antinomiya metodini, ya’ni o‘zaro zid, qarama-qarshi qo‘yish usulini qo‘llaydi. U ushbu usul orqali tilga xos xususiyatlarni, uning eng muhim jihatlarini birma-bir bayon etadi. Shuningdek, til nazariyasi haqidagi mukammal ta’limotlarni, g‘oyalarni yaratadiki, bu ta’limot va g‘oyalar nazariy tilshunoslikning taraqqiyotida yangidan yangi qarashlarni ochishda xizmat qildi. Til va tilga yondosh hodisalarning, til bilan bevosita aloqador, bog‘liq jarayonlarning o‘zaro dialektik munosabatda ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Xullas, Gumboldtning tilni o‘rganish jarayonida belgilagan, qayd etgan antinomiyasi – til hodisalariga dialektik zidlik asosida yondashishi jahon tilshunosligi lisoniy tafakkur taraqqiyotida juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Gumboldtning til antinomiyasi (o‘zaro zidligi va birligi) quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
1. Ijtimoiylik (sotsiallik) va alohidalik (individuallik) antinomiyasi. Til bir vaqtning o‘zida ham ijtimoiy, sotsial, ham alohida, individual hodisa. Til bir vaqtning o‘zida ham yakka, alohida shaxsga, ham ko‘p shaxsga, umumga tegishli. Tilning ijtimoiyligi jamiyat bilan, shaxslar bilan – xalq mahsuli sifatida belgilansa, tilning alohidaligi bir shaxs bilan, yakka individ bilan – ayrim shaxs mahsuli sifatida belgilanadi. Alohida shaxslar o‘zlarigacha bo‘lgan avlodlar, xalqlar tomonidan yaratilgan lisoniy mahsulotdan, «hosil»dan foydalanadi.
Demak, yuqorida aytilganlardan tildagi umumiylik va xususiylik dialektikasi, antinomiyasi namoyon bo‘ladi.
2. Til va tafakkur antinomiyasi. Til tafakkursiz, tafakkur esa tilsiz mavjud emas. Biri ikkinchisini taqozo qiladi, talab qiladi. Inson hayotida, insonning lisoniy va aqliy faoliyatida til va tafakkur alohida, yakka holda mavjud emas, ular birgalikda, o‘zaro bog‘liqlikda «yashaydi», insonga xizmat qiladi. Ayni vaqtda ularning har biri o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Demak, bundan til va tafakkurning dialektik munosabati – o‘zaro ajralmasligi, bog‘liqligi va shu bilan birga ichki zidligi, qarama-qarshiligi g‘oyasi kelib chiqadi. Tilning (tovushning) moddiyligi, tafakkurning esa psixik hodisaligi ma’lum bo‘ladi.
Til va tafakkurning dialektik birligi, ajralmasligi birining ikkinchisisiz mavjud emasligida, biri, tabiiy ravishda, ikkinchisini talab qilishida, biri ikkinchisi orqali namoyon bo‘lishida; ularning dialektik zidligi, ichki qarama-qarshiligi esa tilning moddiy, «tashqi» hodisaligida, tafakkurning esa ruhiy, «ichki» hodisaligida ko‘rinadi. Ya’ni til ham, tafakkur ham muayyan bir butunlikning o‘zaro ajralmas va ayni vaqtda o‘zaro zid, qarama-qarshi ikki tomonidir.
3. Til va nutq antinomiyasi. Til muayyan sistemadir, «organik butunlikdir». Shuningdek, u nutqiy faoliyatning alohida aktidir (harakatidir). Boshqacha aytganda, til nutqiy faoliyatning alohida aktlar (harakatlar) ko‘rinishidagi voqe bo‘lishidir. Til ayrim nutq aktidan farq qiladi va ayni vaqtda u nutq aktida, jonli nutqda mavjud bo‘ladi, yashaydi.
Til – faoliyat, nutq – faoliyat mahsuli, tilning voqelanishi, namoyon bo‘lishidir. Demak, til faoliyati til va nutqdan tashkil topadi. Til faoliyatida til va nutq ajratiladi, farqlanadi.
Gumboldtning til va nutq antinomiyasi, ularning farqlanishi, til va nutqning dialektik munosabatda olinishi tilshunoslik taraqqiyotiga qo‘shilgan juda katta hissa bo‘ldi.
4. Nutq va tushunish antinomiyasi. Til va nutq antinomiyasiga bevosita aloqada bo‘lgan ushbu dialektik bog‘liqlikda, «birlikda» nutq va uni tushunish, aslida, til faoliyatining turli shakllaridir, nutqiy faoliyatning ikki tomonidir. Ya’ni so‘zlar individ nutqidagina – nutq faoliyatidagina muayyan aniqlikka, ma’noga ega bo‘ladi. Nutq tashqi, bevosita ta’sir qiluvchi, moddiy faoliyat bo‘lsa, nutqni tushunish esa ichki, ruhiy faoliyatdir.
5. Til holati va taraqqiyoti antinomiyasi. Tilning statikligi (turg‘unligi) va dinamikligi (harakatchanligi) antinomiyasi. Til taraqqiyotining tugallanganligi va til taraqqiyotining to‘xtovsizligi antinomiyasi. Til tugal tashkil topgan va ayni vaqtda doimiy rivojlanayotgan hodisa, jarayondir. Har bir avlod tilni tayyor holda oldingi avloddan qabul qiladi. Bu jihatdan til tayyor holdagi – tashkil topishiga ko‘ra tugallangan hodisadir. Shuningdek, til doimo ijodiy, taraqqiyotdagi, yangilanishdagi, «o‘sishdagi», yangi - yangi birliklarning, shakllarning paydo bo‘lishidagi «qaynayotgan» jarayondir.
6. Tildagi obyektivlik va subyektivlik antinomiyasi. Til obyektiv, ayni vaqtda subyektivdir. Til o‘zining haqiqiy «hayotini» insonlar orasida qo‘llanishidagina topsa-da, ammo uning mavjudligi, «hayotiyligi» alohida shaxslarga bog‘liq emas. U jamiyatning aloqa quroli sifatida obyektiv mavjud. Til bir vaqtning o‘zida insonga ham bog‘liq, ham bog‘liq emas. Bir tomondan inson tilni an’anaga ko‘ra qabul qilsa, o‘zlashtirsa - obyektiv ravishda, ikkinchi tomondan, uning o‘zi doimo tilni yaratadi, yangidan «quradi», barpo qiladi. Har gal individ nutqida til birliklari, vositalari, til «xom ashyosi» harakatga keladi, jonlanadi – subyektiv ravishda.
7. Fikrni obyektivlashtirish va fikrni rag‘batlantirish antinomiyasi. Ushbu antinomiyada til tinglovchi fikrini obyektivlashtiruvchi va rag‘batlantiruvchi, yuzaga keltiruvchi kuch, sabab sifatida namoyon bo‘ladi. Til subyektda paydo bo‘lgan fikrni obyektivlashtiradi, reallashtiradi, umumga yetkazadi – ta’sir qiluvchi kuchga aylantiradi. Fikrni obyektivlashtirish jarayoni fikrni o‘zgalarga yetkazish imkoniyatini beradi, yaratadi. Ammo, ayni vaqtda, har bir nutq, har bir fikrni ifodalash subyektivdir. Nutqni qabul qiluvchi, idrok qiluvchi shaxs – tinglovchi nutqni go‘yoki qaytadan o‘zida yaratadi.
Gumboldt asarlarida tilning so‘z va grammatik qoidalardan iboratligini, til birligi bo‘lgan so‘zning esa tushunchani ifodalaydigan belgi, ramz ekanligini to‘g‘ri qayd etadi. U har bir xalqning tilida o‘sha xalqning tarixi, madaniyati va, umuman, uning butun ruhiy dunyosi namoyon bo‘lishini ta’kidlaydi.
Vilgelm fon Gumboldt lisoniy ta’limotining eng muhim nuqtalaridan biri til shakli (formasi) haqidagi ta’limot yoki, boshqacha aytganda, tilning ichki tuzilishi haqidagi nazariyadir.
Gumboldt ta’limotiga ko‘ra til formadir (shakldir). U til formasining bir qancha xususiyatlarga ega ekanligini aytadi. Shulardan biri til formasining nutq tovushlaridan tashkil bo‘lishidir. Ya’ni nutq tovushlari tilning formasini hosil qilishidir. Yana biri til formasining sistema sifatida namoyon bo‘lishidir. Ya’ni har bir til elementi, birligi boshqa elementga ko‘ra mavjuddir, u bilan o‘zaro bog‘liqdir, aloqadordir. Shuningdek, til formasi ikki jihatning, ikki tomonning: moddiy va ruhiy, tashqi va ichki tomonlarning birligidan, bog‘liqligidan iboratdir.
Tilning tashqi formasi tilning materiyasi, xom-ashyosidir, uning tovush sistemasidir. Aytilganidek, nutq tovushlari tilning shaklidir.
Nutq tovushlari muayyan ma’no ifodalovchi til birliklarini hosil qilishda qo‘llanadigan, ishlatiladigan shaklidir.
Tilning ichki formasi til strukturalarining tashkil qilinish, fikrni tilda obyektivlashtirish usulidir, xalq ruhining ifodasidir. Gumboldt tilning ikki formasi haqidagi ta’limotida ichki formani xalqning ruhi bilan bog‘laydi. Ya’ni ichki forma xalq ruhining qandayligini ko‘rsatadi hamda so‘z orqali ifodalanadigan ma’nodir. Gumboldt fikricha, xalqning tili uning ruhidir va xalq ruhi uning tilidir.
Gumboldtning ichki forma haqidagi ta’limotining xatosi shunda ediki, u tilning ichki formasini (shaklini) faqat milliy ruh bilan, xalq ruhi bilan va mutlaq g‘oya bilan bog‘laydi. Ya’ni u tillarning milliylik xususiyatini alohida tillarning konkret tarixiy taraqqiyotiga bog‘liq shart-sharoitlar bilan, xalq tarixi bilan, tilni yaratuvchi, uni o‘zida tashuvchi, undan foydalanuvchilar bilan bog‘liq holda tushuntirmaydi. Balki tilning ichki formasini, tillarning milliylik xususiyatini mavjud bo‘lmagan, yetarli darajada aniqlanmagan, o‘rganilmagan ruhiy ibtidoning namoyon bo‘lishi bilan tushuntiradi. Aniqrog‘i, Gumboldt nemis faylasufi I. Kant kabi ongni, ruhni alohida mavjud bo‘lgan ibtido deb biladi va uni obyektiv mavjud bo‘lgan moddiy tabiatga bog‘liq bo‘lmagan hodisa deb izohlaydi. Shu ta’limotdan kelib chiqib, u tilni ruhning butun majmuidan iborat deb ta’riflaydi va til ruhga xos bo‘lgan qonunlar asosida rivojlanadi deb biladi. Uning fikricha, tilda xalqning ma’naviy qiyofasini aks ettiradigan ma’lum bir dunyoqarash ifodalanadi. Boshqa tilni o‘rganish bilan go‘yo dunyoqarash ham o‘zgaradi. Shu fikr asosida Gumboldt tilning «ichki formasi» haqidagi ta’limotini yaratadi. «Ichki forma», uning fikricha, bir tomondan, xalqning ruhi qandayligini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, so‘z yasalishi, shakllanishi jarayonida ifodalanadigan ma’nodir.
Vilgelm fon Gumboldt nutq tovushlarini til formasi deb so‘zning nutqda qo‘llangandagi qiyofasini so‘zning grammatik formasi deb ta’riflaydi. Uning bu fikrlari hamda «ichki forma» haqidagi ta’limoti, ayni ta’limotning idealistik jihatlari olib tashlansa, ushbu fikrlar umum tilshunoslikda hozir ham diqqatga sazovordir. Aytish mumkinki, XIX asr tilshunoslik tafakkuri, taraqqiyoti Gumboldtning lisoniy nazariyalari asosida taraqqiy qildi. Uning ko‘pgina lingvistik g‘oyalari XIX va XX asr tilshunosligining rivojiga jiddiy ta’sir qildi.
Xullas, F. Bopp, R. Rask, Ya. Grimm, A. Vostokovlar qiyosiy-tarixiy tilshunoslik va bu tilshunoslikning ilmiy-tadqiqot usuli bo‘lgan qiyosiy-tarixiy metodga asos solgan bo‘lsalar, Vilgelm fon Gumboldt umumiy nazariy tilshunoslik faniga, uning mustaqilligiga, til falsafasiga asos soldi.
Hind-Yevropa tilshunosligining XIX va XX asrning boshlaridagi taraqqiyot davrida Vilgelm fon Gumboldt g‘oyalarining ta’siri natijasida umum tilshunoslikda muayyan ta’limotlar, yo‘nalishlar maydonga keldi. Bu ta’limotlar jahon tilshunosligida naturalizm (A. Shleyxer ta’limoti) va psixologizm (G. Shteyntal ta’limoti) va boshqa nomlar ostida namoyon bo‘ldi.



Yüklə 427,53 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   79




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin