Timurrrrrrrrrrrrrrrrrrr ingliz va o’zbek tillarida vatan konseptini verballashuvi



Yüklə 479 Kb.
səhifə14/24
tarix13.08.2023
ölçüsü479 Kb.
#139283
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   24
Dissertatsiya konsept mother (2)

Ona/mother leksemalari paremiologik birliklarda ham kuzatishimiz mumkin. Tahlil uchun “ona” bosh leksemali semantik maydoniga kiruvchi paremiyalar saralash usuli bilan paremiologik lug‘atlar hamda to‘plamlardan17 tanlab olindi.
Marriage, family, home, bachelor, household, kin, kinsfolk, kinsman, relation, relatives, blood, folks, father, mother, parents, grandmother, grandparents, brother, sister, grandchildren, aunt, uncle, husband, wife, woman, housewive, lover, stepmother, children, babe, son, daughter, orphan, widow, mother-in-law, daughter-in-law, sister-in-law, dower leksemalari ingliz maqollarining asosiy komponentlari sifatida uchraydi. Bundan tashqari, “ona” paremiologik maydoniga o‘zining majoziy maʼnosi bilan tegishli bo‘lgan zoonim, fitonim, ornitonim va antroponim va insekt (hasharot) komponentli paremiyalarni, shuningdek, ona leksemasi ishtirok etmagan, lekin maʼno bilan ham ushbu guruhga taalluqli bo‘lgan Better unborn than unbred (Tarbiyasiz bo‘lgandan ko‘ra tug‘ilmagan yaxshiroq) tipidagi naqllarni ham kiritdik.
I.Jabborovning yozishicha: “Maishiy turmushda ayrim urf elementlari ibtidoiy onalik (matriarxat) urug‘iga borib taqaladi. Masalan, o‘zbek oilasida hozirgacha ona tomonidan qarindoshlarning, ayniqsa, tog‘aning roli katta. Bunday holat etnografiyada avunkulat nomli oila-nikoh tartiblari bilan bog‘liq bo‘lib, tog‘a-jiyanlar munosabatlariga alohida eʼtibor berilishi matrilokal tartiblaridandir. Tog‘a jiyanning beshik va sunnat to‘ylaridan to uylanguncha barcha tadbirlariga bosh bo‘lib yordamlashib turishi shart bo‘lgan.
Avunkulat va yoshiga qarab guruhlash tartiblarining ayrim elementlari qavmu qarindoshlik atamalarida ham o‘z ifodasini topgan. Masalan, o‘zbeklarda ona va ota tomon qarindoshlar nomi farqlangan: onaning aka-ukalari jiyanga nisbatan tog‘a hisoblansa, otasining aka-ukalari amaki deb nomlangan. Tog‘aning mavqei amakidan baland bo‘lishi qadimiy avunkulat qoidalarining aks-sadosidir. Onaning opa-singillariga xola deb, otanikiga amma deb murojaat qilingan. O‘zidan katta o‘g‘il birodariga aka, kichigiga uka, ayollarning kattasiga opa, kichigiga singil, akasining xotiniga kelin oyi yoki yanga, ukasining xotiniga kelin, opasining eriga pochcha (yazna), singlisining yoki qizining eriga kuyov, ota-onasining otasiga bobo (buva), onasiga momo (buvi), aka-ukalarinig farzandlariga yoshiga qarab aka yoki uka, opa-singillarniki – jiyan va hokazo nomlar ishlatilgan” [15. B. 120].
“O‘zbek oilalarining eng ajoyib tarixiy anʼanalarida bola tarbiyasi alohida o‘rinni egallaydi. <....> Hozirgi davrda oila va oilaviy munosabatlarda demokratik tartiblarning o‘rnatilishini, oila aʼzolari orasidagi, ayniqsa, ota-ona va bolalar, bobo-momolar va avlodlar, aka-uka va opa-singillar orasidagi anʼanaviy munosabatlarni o‘rganish nihoyatda dolzarb va foydali masala desa bo‘ladi. Qadimda o‘zbeklarda yoshiga, jinsiga va tabiatiga qarab bola tarbiyasiga alohida eʼtibor berilgan. Masalan, o‘g‘il bolalarga yoshligidan otalar urug‘ining davomchisi, merosxo‘ri, oila or-nomusi va iftixori, himoyachisi, qizlarga nisbatan ustun turadigan erkaklik fazilatlarini ongiga singdirib, qizlarga esa bo‘lajak ona va uy bekasi vazifasini ado etuvchi shaxs sifatida tarbiya berishgan. Asta-sekin voyaga yetishi bilan o‘g‘il bola ota taʼsirida, qiz bola ona taʼsirida muayyan tartiblarga o‘rgatila boshlangan” [15. B. 140]. Bola tarbiyasiga bag‘ishlangan paremiologik birliklarda yuqoridagi fikrlar o‘z isbotini topgan.
Ingliz tilidagi maqollarda ona mubolag‘a bilan ikkinchi Xudoga tenglashtiriladi: A man’s mother is his other God (Inson uchun ona – ikkinchi Xudo). Ona kattayu kichik, qizu o‘g‘il, yaʼni har bir inson uchun mo‘tabar, umid bog‘lanadigan insondir: The mother’s side is the purest (Ona eng ishonchlidir). Qator o‘zbek xalq maqollarida onaning muqaddasligi, buyuk zot ekanligi aytiladi: Yoshlikdan odob saqla, ona sutini oqla; Gung bolaning gapini kar onasi tushunar. Onaga hech kim, hech narsa teng bo‘lolmaydi: Ming ignani yig‘nasang, tugma bo‘lmas, ming ammani yig‘nasang, ona bo‘lmas.
Ingliz tilida onaning eng kerakli inson ekanligi The hand that rocks the cradle tides the world (Beshikni tebratayotgan qo‘l dunyoni boshqaradi) paremiyasida ochib beriladi. Bu xislat o‘zbek tili paremiologiyasi uchun ham xosdir: Ona olamning faxridir.Navbatdagi paremiyada ham uning bebaho zot ekanligi taʼkidlanadi: An ounce of mother is worth a ton of priest (Onaning unsiyasi bir tonna ruhoniydan afzal). O‘zbek etnosida ona va bola chambarchas bog‘liq: Ona – daraxt, bol – meva; Bola – loy, ona – kulol “Xalqimizda “Ona bilan bola – gul bilan lola” degan chiroyli maqol bor. Haqiqatan ham, ona va bola sog‘lom bo‘lsa, oila tinch, hayotimizda fayz-baraka, ishimizda unum bo‘ladi” [2. B. 295].
Ingliz sotsiumida ona mehrining juda kuchliligi haqida ham paremiyalar mavjud: Mother’s love never ages (Onaning muhabbati hech qachon eskirmaydi). Dunyoda hech bir narsa ona mehribonligiga teng kelmaydi: A mother’s love is best of all (Ona mehri eng kuchlidir). O‘zbek onalari ham bu dunyoda “bolam meniki” deb, o‘zini suvga ham, cho‘qqa ham uradi, shuning uchun: Meniki deganning mehri issiq. Dono o‘zbek xalqining Onangga boshingni xam qil, otangga gapingni kam qil, degan naqlida ham onaning, ham otaning qadri, qimmati va ulug‘ligi o‘z ifodasini topgan.
Quyidagi maqolda motiv sifatida ona o‘z bolalari uchun hamma narsaga tayyor ekanligi va uning ilohiy kuchi o‘z ifodasini topgan: A mother’s love will draw up from the depth of the sea (Ona mehri dengiz tubidan ko‘tarib chiqadi). O‘zbek elida ota-ona duosi barcha kulfatlarga qalqondir: Ota-ona duosi o‘tga, suvga botirmas.
Inglizlarning fikricha, qizlar onalarni takrorlaydi, chunki ular onalariga o‘xshashadi: Like mother, like daughter (Ona qanday bo‘lsa, qizi ham shunday). Quyidagi o‘zbek maqollari orqali bolaning, asosan qiz bolaning kelajakda kim bo‘lishi, qanday feʼl-atvorga ega bo‘lishi uning yoshligida onadan olgan tarbiyasiga bog‘liq, onasi yomon bo‘lsa, qizning fazilatlaridan qatʼi nazar, bo‘lajak oila baxtli bo‘lolmasligi uqtiriladi: Erka tutsa onasi, taltayadi bolasi, to‘g‘ri tutsa onasi, yurtga ega bolasi; Onasini ko‘rib, qizini ol; Terakka qarab tol o‘sar, onaga qarab qiz o‘sar.
Ingliz maqollarida bolalar katta bo‘lganda ham onalariga g‘amxo‘rlik qilmasliklari aytiladi, lekin har qanday sharoitda onalar moddiy va maʼnaviy jihatdan bolalarini tashlab qo‘ymaydilar: A mother can take care often children, but sometimes ten children can’t take care of one mother (Ona o‘nta bolasi haqida g‘amxo‘rlik qilishi mumkin, ammo baʼzan o‘nta bola bitta ona haqida g‘amxo‘rlik qilaolmasliklari mumkin). O‘zbeklarda ona har doim kechirimli, boladan esa bu holat hamma vaqt ham kutilmasligi aytiladi: Ona – qum, bola – tosh. Onaning ko‘ngli bolada, bolaning ko‘ngla dalada hikmati bola ona haqida o‘ylamasa-da, lekin onaning qalbi har doim bolada ekanligi uqtiriladi.
Ingliz paremiologik lug‘atlarida “nurse” (enaga, boquvchi) leksemali maqollar ham uchraydi. U ona obraziga nisbatan qarama-qarshi qo‘yiladi: Nurses put one bit in the child’s mouth and two in their own (Enagalar bola og‘ziga bir bo‘lak solsa, o‘zining og‘ziga ikkita soladi); One year a nurse and seven years a daw (Bir yil enagalik qiladi, yetti yil isqirt qiladi). O‘zbek maqollari orasida bunday mazmunli naqllar uchramadi.
Alohida ingliz maqollarida mother leksemasi orqali mavhum tushunchalar majoziy maʼnoda konkretlashadi: Poverty is the mother of health (Kambag‘allik – sog‘likning onasi); Trust is the mother of deceit (Ishonch – yolg‘onningonasi; Experience is the mother of wisdom (Tajriba – donolikning onasi). O‘zbek maqollarida ham inglizlarga xos yuqoridagi analogik hodisa kuzatiladi: Muhabbat – ittifoqning onasi; Pulning onasi – tiyin; Takrorlash o‘qishning onasidir
Ingliz va o‘zbek maqollarida mother/ona va father/ota leksemalari bir paremiya tarkibida keladi. Paremiologik birliklarning baʼzilarida parents/ota-ona so‘zi maqol komponenti sifatida uchraydi. Biz bunday naqllarni alohida guruhga birlashtirdik. Ularning soni ingliz tilida 11 ta, o‘zbek tilida 58 tani tashkil etadi.
Ingliz xalqining ko‘p asrlik madaniyati va oldindan belgilab qo‘yilgan axloqiy xususiyatlarida ota-onalarga hurmat ulug‘lanadi va ularni mensimaslik keskin qoralanadi: Honor the father and the mother (Ota-onangni hurmat qil).
Asrlar davomida sayqallangan o‘zbek maʼnaviyati orqali yetib kelgan naqllarda ona sidqidildan farzandini sevuvchi, jonbaxsh, jonfido, ota fahm-farosatli oila boshi, boquvchi, ota-ona bir qushning ikki qanoti sifatida namoyon bo‘ladi va farzandlar uchun ularni hurmat qilish ham farz, ham qarz ekanligi uqtiriladi: Farzand boqqan ota, jonni qoqqan ona; Onangga boshingni xam qil, otangga gapingni kam qil; Onangni quyosh bilsang, otangni oy bil. P.Bakirovning fikricha, “qator o‘zbek xalq maqollarida ota aqlli, ona mehribon insonlar sifatida gavdalanadi: “Ota – aql, ona – idrok”, “Ota – bilak, ona – yurak”, “Ona – mehribon, ota – g‘amg‘usor”, “Onalik uyning ori bor, otalik uyning – zari”, “Onang o‘ldi – otang o‘ldi” [50. B.76].
Bir guruh paremiologik birliklar mavjudki, ularda onaning otaga nisbatan muqaddasligi, ulug‘ligi va farzandlar uchun eng fazilatli zot (genetik nuqtai nazardan ham) ekanligi haqida fikr yuritiladi: Otasi tentakning biri tentak, onasi tentakning bari tentak; Topganingni otangga ber, yiqqaningni onangga ber.
Otaning ulug‘ligi va uning oiladagi hukmronlik o‘rni yuqoriligi, u uyda birinchi rahbar ekanligi haqidagi maqollar ham uchraydi: Ota qarg‘ishi – o‘q, ona qarg‘ishi – do‘q; Ota so‘zi – pichoq, ona so‘zi – qumaloq.
O‘zbek maqollar fondida “bolaning ota va onasi” maʼnosiga ega bo‘lgan ota-ona kompozíta komponent sifatida ishtirok etgan paremiyalar ham uchraydi. Dunyodagi eng bebaho narsalar yig‘ilsa ham, ular ota-onaning o‘rnini bosa olmaydi: Oltin, kumushning eskisi bo‘lmas, ota-onaning bahosi; Asil parchaning bahosi bo‘lmas, ota-onaning – qarisi.
Ota va onalar farzandlar uchun o‘rnak, shuning uchun ular ota-onalariga o‘xshashligi lozimligi ingliz maqollarida taʼkidlanadi: From good parents comes a good son (Yaxshi ota-onalarning o‘g‘illari ham yaxshi); Like parents, like children (Ota-onalar qanday bo‘lsa, bolalar ham shunday bo‘ladi). O‘zbek xalq maqollarida uqtirilishicha, ota-ona – farzand yaratuvchisi, ular bolalarida takrorlanadi: Tog‘ yerdan o‘sib chiqar, odam – ota-onadan.
O‘g‘il va qiz farzandlarning ota va onadan farqlanishi quyidagi naqllarda o‘z ifodasini topgan: Onaga o‘xshab qiz tug‘ilmas, otaga o‘xshab – o‘g‘il.
Ota-onalar haqida majoziy mazmundagi anchagina maqollar borki, ularda asosiy g‘oya zoonimlar, ornitonimlar, fitonimlar orqali ifodalanadi. Bu tipdagi paremiyalarga strukturaviy bir xillik xos. Cock (xo‘roz), sow (cho‘chqa), cow (sigir), dog (it) zoonimli ingliz paremiyalarida ota-onalar bolalar uchun o‘rnak bo‘lishligi taʼkidlanadi: As the old cock crows the young one learns (Yosh xo‘roz qichqirishni qari xo‘rozdan o‘rganadi); The young pig grunts like the old sow (Yosh cho‘chqacha xuddi qari cho‘chqa kabi xur-xurlaydi); Like cow, like calf (Sigir qanday bo‘lsa, buzog‘i ham shunday); We may not expect a good whelp from an ill dog (Yaxshi kuchukchani yomon itdan kutma).
O‘zbek tilida ushbu mazmunli maqollar tarkibida arslon, sichqon, ot, tulpor, it, ilon va chayon zoonimlari qayd etiladi: Arslon bolasi arslon bo‘lar, sichqon bolasi – sichqon; Ot bolasi – ot, it bolasi it bo‘lar; Alp – enadan, ot – biyadan; Alp – enadan, tulpor – biyadan; Ilonning bolasi – ilon, chayonning bolasi – chayon.
Quyidagi ornitonim va fitonimlar komponent sifatida ishtirok etgan ingliz maqollarida “ota-ona qanday bo‘lsa, bolalar ham shunday bo‘ladi; bolalar ota-onalarga o‘xshaydilar” degan majoziy maʼno yotadi: Eagles do not breed doves (Burgutlardan kaptarlar tug‘ilmaydi); As the tree so the fruit (Daraxt qanday bo‘lsa, mevasi ham shunday). Yuqoridagi fikrni tasdiqlovchi fitonim komponentli quyidagi o‘zbek paremiyalarini ham misol tariqasida keltirish mumkin: Daraxtga ko‘ra – mevasi, ota-onasiga ko‘ra – bolasi; Olmadan bodom bo‘lmas, tagi past odam bo‘lmas.
O‘zbek oilalarida bolalik davrlaridan doimo eslatib turiladigan axloqiy qoida – aksioma quyidagi maqolda o‘z ifodasini topgan: Ota-onangni hurmat qilsang, boshqalardan hurmat ko‘rasan. Ota-onaning borligini his qilmaslik, uning qadriga yetmaslik – juda katta xato, aniqrog‘i gunohdir: Ota-onasini tanimagan Tangrisini tanimas. Bu mazmundagi ingliz maqollari kuzatilmadi.
Dono o‘zbek xalqida ilm beruvchi otaga, kasb o‘rgatuvchi onaga tenglashtiriladi: Ilm ustozi – ota maqomida, hunar ustozi – ona maqomida.
Yuqorida Mother– Ona konseptiga ingliz va o’zbek tillarida ta’rif va misollar berib o’tdik, endi uning ingliz va o’zbek tillariga xos milliy-madaniy konseptual belgilarini ko’rib chiqamiz:

Yüklə 479 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   24




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin