Kurs ishining maqsadi iste’molcih talabi, unga ta’sir etuvchi omillarni o’rganish, undagi mavjud muammolar va qarashlar bo’yicha ilmiy-amaliy tavsiya va takliflar ishlab chiqishdan iborat. Mazkur maqsadga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilab olindi: - talab tushunchasi mohiyati, talab qonunini ochib berish;
- iste’molchi talabi va uning o’zgaruvchanligi bo’yicha mavjud qarashlarni o’rganish;
- O’zbekistonda iste’molchi talabiga ta’sir etuvchi omillarni tahlil qilish;
- iste’molchi daromadi va talab o’rtasidagi bog’liqlikni tadqiq etish;
Kurs ishining obyektiiste’molchi talabi va unga ta’sir etuvchi omillar hisoblanadi.
Kurs ishining predmetimamlakatimizda iste’molchi talabiga ta’sir etuvchi omillarning ta’sir darajasi, qamrovi va o’zgaruvchanligini o’z ichiga oladi.
Kurs ishining nazariy va uslubiy asoslarini xorijlik yetakchi olimlarning iste’molchi talabi, unga ta’sir etuvchi omillar borasidagi amaliy ishlanmalari, ilmiy maqola va konseptual nazariyalari tashkil etadi.
Kurs ishining tuzilishi. Ushbu Kurs ishi kirish, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati va o’zaro mazmunan bog’langan 5 ta rejadan iborat bo’lib umumiy hajmda 46 betni tashkil etadi.
1. Talab tushunchasi, uning mohiyati. Talab qonuni Insonlar hayotida turli ehtiyojlar paydo bo’ladi. Bular moddiy, ma’naviy va ijtimoiy ehtiyojlardir. Ehtiyojlar jamiyat taraqqiyotining mahsulidir. Ehtiyojlarning xarakteri, tuzilishi va ularni ta’minlash uslublari ishlab chiqaruvchi kuchlarining taraqqiyot darajasi, fan-texnika taraqqiyoti, ijtimoiy tuzumning xususiyatlariga bog’liqdir. Ehtiyojlar ichida moddiy, iqtisodiy ehtiyojlar muhim bo’lib, ular ishlab chiqarish faoliyati bilan chambarchas bog’liq bo’lib, unda ishlab chiqarish ehtiyojlarining shakllanishi va taraqqiyotida asosiy rol o’ynaydi.
Insonlar ehtiyoji, ularning iste’molini qondirish borasidagi talabga aylanadi. Talabning asosi ehtiyojdir. Bozor pul bilan ta’minlanmagan ehtiyojga ahamiyat bermaydi. Demak, har qanday tovarga yoki xizmatga tug’ilgan ehtiyoj, albatta, sotib olish quvvatiga ega bo’lishi lozim. Pul bilan ta’minlangan ehtiyoj talabga aylanadi va xaridorlarning u yoki bu tovarni sotib olishga tayyorligini bildiradi2. Bozorda xaridorlar u yoki bu tovarga talab bilan, sotuvchilar esa, tovar taklifi bilan o’zaro uchrashadilar.
Ehtiyoj kishilarning hayotiy vositalariga bo’lgan zaruriyatini ifodalovchi ilmiy kategoriya sifatida taraqqiyotning hamma bosqichlari uchun umumiy va doimiydir. Uning bozor iqtisodiyoti sharoitidagi tarixiy ko’rinishi talab tushunchasidir. Talab ehtiyojdan farq qilib, mustaqil iqtisodiy kategoriya (ilmiy tushuncha) sifatida amal qiladi.
Ehtiyojning faqat pul bilan ta’minlangan qismi talabga aylanadi. Demak, talab – bu pul bilan ta’minlangan ehtiyojdir. Ehtiyoj zarur miqdordagi pul bilan ta’minlanmasa, u “xohish”, “istak” bo’lib qolaveradi. Talabning bir qator muqobil variantlari mavjud bo’ladi, chunki narx o’zgarishi bilan tovarning sotib olinadigan miqdori ham o’zgaradi. Shu bog’liqlikdan kelib chiqib, talabga quyidagicha ta’rif berish mumkin: ma’lum vaqt oralig’ida, narxlarning mavjud darajasida iste’molchilarning tovar va xizmatlar ma’lum turlarini sotib olishga qodir bo’lgan ehtiyoji talab deyiladi. Boshqacha qilib aytganda talab – pul bilan ta’minlangan ehtiyojdir.
Shuningdek, talab-bu, zarur tovarlar va xizmatlar miqdori bo’lib, to’lovga qobil ehtiyojdir.
Talab tovarni sotib olishga tayyor xaridor holatini namoyon etadi. Talab, eng avvalo o’z hajmiga ega. Bozorning bir tovarga bo’lgan talab hajmi-bu xaridorlarning ma’lum bir davrda biror turdagi tovarlarning muayyan miqdorini sotib olish xohishlaridir. Talab hajmi mazkur mahsulot bahosiga va boshqa ta’sirlarga bog’liqdir. Masalan, xaridor daromadi, didi, boshqa tovarlar baholari va boshqalar.
Talablar turlicha bo’lib, odatda bir xil tovar yoki xizmatlarga bo’lgan talabning ikki turi farq qilinadi: yakka talab va bozor talabi. Har bir iste’molchining, ya’ni alohida shaxs, oila, korxona, firmaning tovarning shu turiga bo’lgan talabi yakka talab deyiladi. Bir qancha (ko’pchilik) iste’molchilarning shu turdagi tovar yoki xizmatga bo’lgan talablari yig’indisi bozor talabi deyiladi.
Hozirda iqtisodiy adabiyotlarda talabning turli ko’rinishlari ajratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ishlab chiqarish omillariga talab (ishlab chiqarish talabi) va iste’mol buyumlariga talab (aholi talabi) farqlanadi.
Shuningdek, haqiqiy (tovar va xizmatlarga haqiqatda namoyon bo’luvchi), qondirilgan (haqiqiy talabning bozorda tovar va xizmat sotib olish orqali qondirilgan qismi) va qondirilmagan (haqiqiy talabning bozorda zarur tovarlarning yo’qligi yoki ular assortimenti va sifatining xaridor talabiga javob bermasligi sababli qondirilmagan qismi) talablar farqlanadi. Qondirilmagan talab turli shakllarda namoyon bo’lishi mumkin: yashirin, joriy, harakatchan, to’plangan talab.
Tovarga bo’lgan talab ko’plab omillar, masalan, reklamadan foydalanish, moda va didlar, afzal ko’rish, atrof-muhit, tovarlarni qo’lga kiritish imkoniyati, daromad miqdori, naflilik, o’zaro o’rinbosar tovarlar narxi, aholi soni, kelgusidagi narxlarning o’zgarishi va boshqalarning ta’sirida o’zgarishi mumkin. Shunga ko’ra, ekzogen va endogen talab farqlanadi. Ekzogen talab – bu davlat yoki erkin bozor tizimidan tashqaridagi qandaydir kuchning aralashuvi natijasida o’zgargan talab. Endogen yoki ichki talab – bu jamiyatda mavjud bo’lgan omillar ta’sirida jamiyat ichida tarkib to’gan talab3. Talabning bunday turkumlanishini quyidagi maxsus tizim ko’rinishida tasvirlash mumkin (1-rasm).