Ko’pchilik zamonaviy tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, “menejment” tushunchasining ilm-fan olamida paydo bo’lishi iqtisodiy sohada bozor prinsiplarining shakllantirilishi bilan bog’liq. Mazkur ilmiy tushuncha XIX asr oxirlarida XX asr boshlarida ilk bor tilga olinadi. Asl ma’nosiga ko’ra “menejment” – boshqaruvchilik faoliyatini anglatadi. Keng ma’noda oladigan bo’lsak, bashariyatning uzoq o’tmishidanoq boshqaruvchilik ma’lum faoliyat turi sifatida mavjud bo’lganini e’tirof etishga to’g’ri keladi. Zero, insonlarning birgalashib hayot kechirishi pirovard natijada muayyan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy tizimlarning qaror topishiga olib keladi. Bu xil tizimlarning shakllanishi esa, o’z navbatida maxsus faoliyat turini va shu xil faoliyat bilan mashg’ul ijtimoiy guruhlarning paydo bo’lishiga turtki bo’ldi. Ularning faoliyati dastavval empirik amaliy tajribalar zamirida rivojlanib bordi.
Har bir tarixiy davrning o’ziga xos madaniyati bo’lgan. Har qanday madaniy taraqqiyotni tom ma’noda ijtimoiy hayot davomida to’plagan sotsial tajribalarning umumlashtirilgan natijasi, deb e’tirof etish o’rinli.
O’zbekistonning shon - u sharafiga aylangan ulug’ allomalar o’z zamonasida rivoj topgan ilm-fanning barcha yo’nalishlarida ijod qilib, kattadan-katta ishlarga qo’l urishgan. Ularning ilmiy salohiyati va izlanishlari nihoyatda keng ko’lamlidir.Olimu fuzalolar muhokama etayotgan boshqaruv masalalari yuzasidan ham juda o’rinli mulohazalar bildirgan. Aynan shuning uchun ularning maslahatlari o’z zamondoshlari va kelgusi avlodlar uchun ham nihoyatda qadrli hamda foydalidir. Abu Nasr Forobiy (870 – 950) shunday zotlardan biri. Allomaning “Fozil odamlar shahri” deb atalgan asarida umumiy ma’nodagi boshqaruvchilik xususida g’oyat qiziqarli fikrlar bayon etilgan. Jumladan, olim insonlar hayotining farovonligini ta’minlash shart-sharoitlari xususida fikr yuritib, shunday degan edi: “Ijtimoiy hayot farovonligi, eng avvalo saxovatpesha hukmdorning mavjudligiga bog’liq. Bunday hukmdor mamlakatdagi adolat tantanasining garovi bo’lish bilan birga, muhtojlar haqida g’amho’rlik qiluvchi himmat sohibi hamdir”. Ijtimoiy turmush farovonligining muhim shartlaridan biri haqida so’z ketganida olimning ushbu fikrini e’tirof etsa bo’ladi: “Ijtimoiy hayotda ezgu maqsadlar yo’lida hamkorlik qilish niyatida kishilarni birlashtirishga asoslangan davlat hayr-saxovatli hisoblanadi”.
Farobiyning ilg’or insonparvarlik g’oyalari O’rta Osiyodan chiqqan yana bir buyuk dahoning dunyoqarashlari shakllanishiga kuchli ta’sir ko’rsatgan. Abu Ali ibn Sino (980-1037) ko’proq tibbiy sohaga ta’lluqli asarlari bilan mashhur. Ammo, Ibn Sino tibbiyotdan tashqari boshqa fan sohalariga oid yirik asarlar yozishga ham muvaffaq bo’lgan. Uning davlat boshqaruvchiligi, xususan, davlat xarajatlari va daromadlari o’rtasidagi balansni ta’minlash tamoyillariga oid fikrlarini e’tirof etish shart.
Abu Ali ibn Sinoning zamondoshlaridan biri Abu Rayhon Beruniy (973-1048) ham o’z davrining ilm-fanini yuksaltirishga alohida hissa qo’shgan. Beruniyning zamonaviy ijtimoiy-siyosiy fanlar rivojiga qo’shgan hissasiga to’xtalar ekanmiz, olim inson o’zini qo’rshab turuvchi atrof-muhit bilan uzviy bog’liqligi, ular o’rtasidagi munosabatlarning rivoji, ahamiyati haqida fikr yuritib, insonning ma’naviy kamolotga erishishida mehnatning alohida o’rni va rolini ochib bergan.
O’rta Osiyo hududida Amir Temur (1336-1405) sulolasi hukmronlik qilgan davrlarda ilm-fanning ko’pgina tarmoqlari, shu jumladan, zamonaviy iqtisodiy fanlar g’oyat muhim ta’limotlar bilan rivojlantirilgandir.Amir Temur hukmdor sifatida zamonaviy siyosiy boshqaruvchilik sohasining tarkib topishi hamda rivojlanishiga jiddiy ta’sir ko’rsatgan. Ushbu hukmdor o’zining benihoya katta saltanatini boshqarish uchun maxsus ishlab chiqilgan siyosiy tizimni yaratishga muvaffaq bo’ldi. Siyosiy boshqaruvchilik sohasini shakllantirish va rivojlantirish barobarida menejment g’oyalari bilan hamnafas qarashlar tizimi ham rivojlantirilganki, buni inkor etish mumkin emas. Hukmdorning siyosiy boshqaruvchilik sohasidagi qarashlari asosan “Temur tuzuklari” deb nom olgan asarda yaqqol ifodalangan.
Menejmentning tarkib topishiga turtki bo’lgan boshqaruvchilikka oid ilg’or g’oyalarning yanada rivojlantirilishini Sharq allomalaridan biri Alisher Navoiy (1441-1501) asarlarini o’rganish davomida kuzatish mumkin. Ulug’ shoir, mutafakkir va davlat arbobi bo’lgan Alisher Navoiy o’z iqtisodiy-siyosiy qarashlarini 22 ta asarida ifoda etgan. Alisher Navoiy “Zakariyo” va “Munshaot” asarlarida jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishi haqidagi g’oyat qimmatli fikrlarini bayon etadi.
O’rta Osiyo hududida istiqomat qilib, bashariyatning kelajakdagi rivojiga ulkan hissa qo’shgan ulug’ zotlar haqida so’z borganda Abdurahmon Jomiy (1414-1492), Zahiriddin Muhamad Bobur (1483-1530), Mirzo Bedil (1644-1721), Ozodiy (1700-1760), Mahtumquli (1733-1782) va boshqa daholarni eslamaslik mumkin emas.
Zamonaviy ilm-fan rivojiga Sharq va G’arb mutafakkirlari o’zicha ta’sir ko’rsatgan.
Sharqda insonning ma’naviy izlanishi va yuksalishi bosh maqsad hisoblansa, G’arbda umumbashariyatning ozodligi va ma’naviy yuksalishi yo’lida izlanish muhim sanalgan. Shu boisdan Sharq matafakkirlarining ilohiy va nazariy bilimlarni bevosita amaliyotga tadbiq etish imkoniyatlari ayrim ob’ektiv shart-sharoitlar tufayli cheklangan bo’lishi ehtimoldan holi emas. Bunday imkoniyat va amaliy tajribalar aynan G’arb mamlakatlarida amalga oshdi.
Insoniyat tarixida ilk bora Buyuk Britaniyada fabrika sharoitida mehnat qilish haqidagi qonunlar majmuasi ishlab chiqildi. So’ng Germaniya, Fransiya, Avstriya kabi mamlakatlarda ham bunday ishlar amalga oshirildi. Shu o’rinda ta’qidlamoq kerakki, e’tirof etilgan qonun majmualarida Sharq allomalarining asarlarida bayon qilingan ijtimoiy kafolatlar haqidagi ilg’or g’oyalar o’z aksini topgandi. Lekin, G’arb islohotchilari bu masalaga o’ziga xos tarzda yondashishgan, qolaversa G’arb mamlakatlarining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy taraqqiyoti Sharq mamlakatlaridagidan farqli ravishda rivoj topgandi. Ana shu o’ziga xoslik pirovard natijada voqealar rivojini, muammolar yechimini belgilab beradi. Sharq mamlakatlarining tarixiy rivojlanish an’anasiga ko’ra, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi islohotlarni amalga oshirish va fuqarolarning manfaatlarini himoyalash davlat (hukmdor) ning zimmasiga yuklatilgan. Shunga yarasha xalq ommasi umidvorlik bilan yashagan. G’arb mamlakatlarida esa bu xil jarayonlar keskin sinfiy kurashlar zamirida kechgan. Omma va shaxs o’z manfaatlarini himoyalash yo’lida shaxsiy faollik ko’rsatishga moyillik ko’rsatardi. Yollanma mehnatkashlar kuchini ekspluotasiya qiluvchilar bilan yollanib mehnat qiluvchilar o’rtasidagi murosasiz kurashlar (ijtimoiy-iqtisodiy konflikt) natijasida butun ijtimoiy tuzilmada islohotlar ro’y bergan. Bunday siyosiy jarayonlar zamirida kuzatiladigan holatlar va ular asosidagi ziddiyatlarni bartaraf etish chora-tadbirlari u yoki bu tarzda Sharq mutafakkirlarining asarlarida o’z ifodasini topgani benihoya quvonarlidir.
G’arbda insoniy kamolotga erishish aql-zakovat vositasida (pragmatizm) amalga oshirilgani haqida e’tirof etilgan edi. Aql-zakovat esa hamma narsaning tub mohiyatini anglashga, jarayonlarning harakatlantiruvchi kuchlarini aniqlashga, tuzilmaning barcha elementlarini muayyan tartibga solishga intiladi.
Sharq olamida asta-sekin ma’naviy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarda tanazzul alomatlari namoyon bo’la boshlagan bir vaqtda G’arb mamlakatlarida jonlanish kuzatiladi. U yerda ijtimoiy taraqqiyotning navbatdagi bosqichida keng ko’lamda bozor munosabatlari shakllanib bormoqda. Bu xil jarayonlar ijtimoiy munosabatlarni nihoyatda keskinlashtirib yuboradi. Bu voqealar davlat tizimi faoliyatida liberalizm konsepsiyalarining ustuvor bo’lishi bilan izohlanadi. Aholining tabiiy va ijtimoiy ehtiyojlarini qondirishga davlat tomonidan ko’proq e’tibor berila boshlandi. Ijtimoiy munosabatlar sohasida eng dolzarb muammo- mehnat munosabatlari edi. Jamiyat miqyosidagi ichki nizolar aynan shu masalaning yechimi bilan bog’langan, demakki, uning keyingi taraqqiyoti pirovard natijada mazkur nizolarning qay tarzda yechilishiga qarab amalga oshishi mumkin. XX asrda ro’y bergan iqtisodiy tanazzul jamiyatning liberalistik modelga asoslangan iqtisodiy rivojlanishi nechog’li asossiz ekanini ko’rsatadi. Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat jarayonlar rivojiga davlatning aralashuvini taqozo etardi. Ana shunday shart-sharoitlarda iqtisodiy jihatdan ancha ilgarilab ketgan G’arb mamlakatlarida, xususan, AQSh da “insoniy munosabatlar” maktabining E.Meyo, F.Retlisberg, M.Follet kabi namoyandalari tomonidan jamiyat hayotini ijtimoiylashtirish darajasini oshirish zaruriyatini ifoda etuvchi izlanishlar natijasi e’lon qilina boshlandi. Buyuk Britaniyadagi “ijtimoiy-texnik tizimlar” maktabining radikal namoyandalari ham o’z fikr-mulohazalarini ovoza etdi. Ularning fikriga ko’ra, texnologik jihatdan olib qaralganda, har qanday rivojlanish sotsiotexnik xususiyat kasb etadi. Zero, texnologik jarayonlar o’z-o’zicha amalga oshmaydi, balki insonlar tomonidan boshqariladi.
Ijtimoiy sohada adolat tamoyillarini qaror toptirish muammosining yechimiga ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, tashkiliy-texnik omillar ta’sir o’tkazadi. Shuni inobatga oladigan bo’lsak, mazkur masalalarni tartibga solish uchun davlat aralashuvining nechog’lik muhimligi ayon bo’ladi. Sharq olamida davlat tizimining (hukmdor faoliyati) o’rni va roli nechog’lik ahamiyatli ekanini anglab yetishgan bo’lsa, G’arbda xuddi shu fikrga sotsial tajribalar asosida va aql-zakovat yordamida yetib kelishdi.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrlarda iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlarda boshqaruvchilik sohasida amalga oshirilgan muhim ishlarni, jumladan, aholini sotsial himoyalash muammolariga katta e’tibor berilganini e’tirof etish lozim. Shu o’rinda buyuk ajdodlarimiz ham aynan shu masalalar yuzasidan nihoyatda o’rinli va qimmatli maslahatlar berishganini ta’kidlamaslik mas’uliyatsizlik bo’lardi.
Umumbashariy taraqqiyot tamoyillarini o’rganish shuni ko’rsatdiki, sotsial adolat prinsipini tarkib toptirishga intiluvchi har qanday davlat tizimida ijtimoiy munosabatlarni shakllantiruvchi barcha tomonlarning manfaatlarini uyg’un tarzda qondirish yo’l-yo’riqlarini izlab ish tutish yaxshi samara beradi. Bunda albatta davlatning o’rni va roli alohida belgilanadi. Davlat ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish va muvofiqlashtirib borish masalasi bilan shug’ullanmog’i lozim bo’ladi.
Shunday qilib, zamonaviy iqtisodiy taraqqiyot prinsiplarining rivojlanish tamoyillari, xususiyatlari ko’p jihatdan Sharq va G’arb olamining o’zaro ta’sirlashuvi zamirida shakllanar ekan.
Uslub — bu ishlash, boshqarishdagi oʻziga xos yoʻl, usul ma’nosini anglatadi. Shu nuqtai nazardan kuyidagi tushunchalarni ajrata bilish lozim:
- boshqaruv uslubi;
- ish uslubi;
- raxbarning ish uslubi;
Boshqaruv uslubi - bu ma’lum bir rahbarning boshqaruv jarayonida qoʻllovchi oʻziga xos va oʻzgarmas usul va harakatlari yigʻindisidir.
Ish uslubi — bu boshqaruv funksiyalarini samarali bajarish maqsadida biror bir organning yoki rahbarning boʻysunuvchilarga aniq va nisbatan barkaror ta’sir qoʻrsatish usuli va yoʻllari majmuasidir. Masalan:
- mamlakat boshqaruv organlarining;
- vazirlik, qoʻmita, hokimiyatlarning;
- sud, prokuraturalarning;
- korxona, boʻlimlarning;
- ayrim rahbarlarning ish uslubi va hokazolar.
Mutlaqo oʻxshash kishilar boʻlmagani kabi vazifalar koʻpligi sababli mutlaqo bir xil boshqaruv uslubi ham boʻlmaydi. Rahbar faqat oʻziga xos xususiyat va sifatlar vositasida faqat oʻziga xos, mansub uslubda ish yuritadi. Bu ma’noda uslub rahbarni shaxs sifatidagi xususiyatlarini, balki faoliyati xususiyatlarini ifodalaydi. Kishilarni boshqarar ekan, rahbar jamoaning natijaviy maqsadi koʻra biladi va uni shu maqsad sari yoʻnaltiradi. Rahbar ishning mohiyatiga tushungan va uni chuqur oʻrgangan holda mutaxassislar faoliyatini mohirona birlashtirish va yoʻnaltirishi kerak.
Ishlab chiqarishni boshqarish uslubi boshqaruv apparati, barcha rahbar va mutaxassislarning katta va murakkab faoliyatini aks ettiradi. Boshqaruvning har bir vazifasi oʻziga xos xususiyatlarga ega va shu sababli unga koʻp usullarni talab etadi. Nazariy jihatdan boshqaruv apparatining umumiy uslubi alohida boshqaruv tashkilotlari uslublari yigʻindisidan iborat boʻlishi kerak. Lekin amalda alohida tashkilotlarning turli uslublari oʻzaro birlashib, bir-birini boyitadi, butun boshqaruv apparatiga xos boʻlgan oʻzga xos boshqarish uslubi vujudga keladi.
Hisobchining yuksak darajadagi aniqligi, mexanikaning ehtiyotkorligi, iqtisodchining rejaliligi va h.k. bilimlarni boshqaruv uslubini belgilovchi majmuaning tarkibiy qismlaridan iborat boʻladi. Jamoaning har bir a’zosi oʻz uslubini kiritadi va shu yoʻl bilan ushbu jamoaning boshqaruv uslubi vujudga keladi.
Koʻpincha jamoadan biror xodim ketib, oʻrniga yangi kishi keladi. U odatda Jamoada undan oldingi xodim egallagan joyni egallamasligi mumkin. U mavjud uslubga moslashishi, jamoa ish yuritish uslubiga toʻgʻri keluvchi uslub yaratishi lozim. Albatta, uning ishlash uslubi mehnat jamoasi uslubiga ham ta’sir koʻrsatadi.
Zamonaviy uslub jamoaning xar bir a’zosi oldiga katta talab kuyadi, va shu bilan birga oʻz-oʻzidan mamnun bulish, ma’muriyatchilik, rasmiyatchilikni inkor qiladi. uslub ijtimoiy rivojlanish qonunlarini, ishlab chiqarishni boshqarish tamoyil va usullarini bilishi asosida shakllanadi va boshqaruv malakasi yigindisi kishilarni tashkil etish koʻnikmasi, shuningdek, shaxsiy tartiblilik bilan xarakterlanadi. Va, nihoyat, uslub boshqaruv xodimlarining ruhiy va psixologik xususiyatlari, kuchli iroda, qat’iylik, va qoʻrqmaslik, boshqa kishilar faoliyati ni yunaltira olish kabilarni qamrab oladi. Bundan tashkari rahbar tasavvur etish, anik fikr yuritish, qayishqoqliq, ilmiy fikrni tushuna olish va yetkaza olish qobiliyatiga ega boʻlishi kerak.
Rahbar menejment, iqtisodiyot va moliya, huquq, sosiologiya va pedagogika asoslarini bilishi lozim. Bu fanlar butun menejmentga ilmiy qarashlar tizimini yaratish imkonini beradi. Boshqaruv faqat ilmiy bilimlariga ega bulishni emas, balki boshqarish san’atini bilishni ham talab qiladi. Boshqaruv tashkil etish bilan shugʻullanuvchi avvalo oʻz-oʻzini tarbiyalay olishi, oʻzini boshqara olishi zarur. Buning uchun u doimo va muntazam oʻzini-oʻzi tarbiyalashi kerak.
Rahbar uslubi eshitish va oʻqish, soʻzlash va yozish, ya’ni axborotni qabul qilish va uni boshqalarga oʻzatish malakasida ifodalanadi. Rahbar uchun zarur boʻlgan sifatlar jumlasiga uning tashkilotchilik qobiliyati, ish qobiliyati, kuchi, xushmuomalaligi, irodaliligi kiradi.
Bozor sharoitida faoliyat koʻrsatuv rahbar va mutaxassislar oldiga qat’iy talablar qoʻyadi. Ular yuqori ishbilarmonlik va axloqiy sifatlarga, tadbirkor boʻlishi, ahil jamoa tashkil etish va mehnat jamoasi bilan davlat manfaatlarini oʻzaro mutanosiliklarini ta’minlay olishlari kerak.
Zamonaviy rahbarlar yuqori malakaga ega boʻlishliklari, istiqbolga koʻra olishi va samarali xoʻjalik yuritishga imkon yaratuvchi iqtisodiy fikr yuritish, shaxsiy intizomga ega boʻlishi, tashabbuskorlik koʻrsatish, tavakkalchi boʻlishi kerak.
Javobgarlik oldidia qoʻrqish- kuchsizlik beligisidir! Javobgarlikdan qoʻrqqan kishi rahbar boʻla olmaydi. Rahbar qoʻl ostidagilar bilan shunday munosabatda boʻlishlari kerakki, toki ular uning oldiga maslahat uchun bemalol kirsinlar. Rahbar oʻz qoʻl ostidagilarni yaxshi bilishi, ular bilan suhbatlashishi, ular qobiliyati, bilimi, malakasi egallagan lavozimiga mosligini va aksincha, ular bilim, qobiliyat, malaka va axloqiy sifatlaridan foydalanish yetarli ekanligini aniqlash lozim.
Obroʻga ega boʻlmay muvaffaqiyatli rahbarlik qilish mumkin emas, lekin obroʻga kuch bilan emas, ish bilan, qanday ishlashni oʻz misolida koʻrsatish bilan, uni qanday bajarish haqida soʻzlash bilan, faqat talabchanlik va qat’iylik bilan emas, bilim va koʻnikma orqali erishish mumkin. Boshqaruv san’atiga ega boʻlmagan rahbar qabul qilingan qarorlar samarali boʻlishini ta’minlay olmaydi. Lekin inson rahbar boʻlib tugʻilmaydi, balki ish jarayonida shakllanadi.
Rahbar ish uslubi korxona faoliyati yakuni natijalariga ishlab chiqarishni boshqarish vazifalari vositasida ta’sir koʻrsatadi. Ularning har biri boshqa vazifalar bilan uzviy bogʻliq holda ta’sir qiladi va uslubning foyda hamda korxona faoliyatini umumlashtiruvchi koʻrsatkichlarga ta’sir etishning yagona mexanizmi tarkibiga kiruvchi bogʻlovchi boʻgʻin vazifasini bajaradi.
Uslub bilan ishlab chiqarish natijalari oʻzaro aloqasi tizimi rahbarlar bilim va koʻnikmalari, boshqaruv jarayoni texnologiyasi, mehnat intizomi vositasida amalga oshadi va rahbar tomonidan qoʻllaniluvchi boshqaruv usuli bilan bogʻliq boʻladi.