Davlat tomonidan iqtisodiyotga ta’sir
ko‘rsatish maqsadida soliqqa tortish va davlat sarfi tarkibini o‘zgartirish
bo‘yicha qo‘llaniluvchi chora-tadbirlar fiskal yoki soliq-budjet siyosati deb
ataladi.
Fiskal siyosat, bir tomondan, iqtisodiyotning tanazzul davrida davlat
sarflarini oshirish yoki soliqlarni pasaytirish orqali xo‘jalik hayotini
rag‘batlantirishni, boshqa tomondan esa, iqtisodiy rivojlanishning yuqori darjasida
davlat sarflarini qisqartirish yoki soliqlarni ko‘paytirish orqali yuz berishi mumkin
bo‘lgan inflyatsiya va ishsizlikning oldini olishni ko‘zda tutadi.
21.4. O‘zbekistonda budjet va soliq tizimini takomillashtirish masalalari
O‘zbekistonda budjet va soliq tizimini takomillashtirish iqtisodiy islohotlar va
davlat iqtisodiy siyosatining markaziy masalalaridan biri hisoblanadi. Zero, izchil
soliq-budjet siyosatining amalga oshirilishi, soliq yukini kamaytirish bilan bog‘liq
chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi, soliq to‘lovchilarda ishlab chiqarishni
kengaytirishga sharoit yaratilishi, ishlab topilgan va ularning o‘zlarida
qoldirilayotgan mablag‘larning reinvestitsiya qilinishi oqibatida qo‘shimcha soliq
obyektining paydo bo‘lishi hisobiga nafaqat budjetdagi yo‘qotishlar o‘rnining
qoplanishi, balki soliq to‘lovchilarning qo‘shimcha daromadlarga ega bo‘lib, ishlab
chiqarish imkoniyatining oshishiga olib keladi.
608
Mamlakatdagi soliq tizimining soddalashtirilishi va unifikatsiya qilinishi,
soliq yukining yanada kamaytirilishi quyidagi bir qator vazifalarning
muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga moddiy zamin yaratadi:
- soliq yukining kamaytirilishi orqali soliq imtiyozlarining kengaytirilishi
xorijiy investitsiyalarning jalb qilinishi va iqtisodiyotni modernizatsiyalashni
kengaytirishga imkon yaratadi;
- soliq tizimini soddalashtirish va soliq stavkalarini pasaytirish o‘z navbatida
xususiy mulkchilik tarmog‘ini kengaytiradi, biznes uchun qulay muhit yaratadi va
uning kafolatlarini mustahkamlaydi;
- soliq yukini kamaytirish hisobiga soliq to‘lovchilar ixtiyorida qoladigan
mablag‘lar reinvestitsiya qilinishiga hamda ishchi xodimlarning ish haqiga
yo‘naltirilishiga tavsiya qilinishi, jismoniy shaxslar daromadlaridan olinadigan
soliq stavkasining oraliq chegaralari bo‘yicha pasaytirilishi, jismoniy shaxslardan
olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlarining kengaytirilishi pirovardida
aholi daromadlarining oshishiga hamda yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga olib
keladi;
- soliq yukini kamaytirish natijasida soliq to‘lovchilar ixtiyorida qolgan
mablag‘lardan samarali foydalanish aholi daromadi va bandlik darajasini oshirish
orqali xarid talabining jadal o‘sishini ta’minlaydi;
- soliq sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish va soliq yukini kamaytirish
eksportni har tomonlama rag‘batlantirish va valyuta zahiralarini tejash, ulardan
oqilona va samarali foydalanishni ham ta’minlaydi;
- soliq tizimidagi islohotlarni chuqurlashtirish uy-joy kommunal xo‘jaligidagi
islohotlarni chuqurlashtirish hamda energiya resurslaridan foydalanishda
tejamkorlikni ta’minlash bilan bog‘liq chora-tadbirlarning amalga oshirilishiga
ham ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda ishlab chiqarishning yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash,
tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, aholining real daromadlarini va iste’mol
talablarini oshirishda muntazam ravishda soliq yukini kamaytirish choralarining
keng qo‘llanilishi o‘z natijalarini bermoqda. Ayniqsa, soliqlar va to‘lovlarni
609
birxillashtirishga katta e’tibor qaratilishi soliqqa tortish mexanizmlarining
oshkoraligiga, soliqlarni hisoblash va to‘lashga oid korxonalar faoliyatini
soddalashtirishga, shuningdek, soliq majburiyatlarining bajarilishini samarali
nazorat qilishga yordam beradi. Ayni paytda bu hol respublikada qo‘llaniladigan
soliq tizimini xalqaro me’yorlar va andozalarga muvofiqlashtirish zarurati bilan
izohlanadi.
Soliq tushumlari barqarorligini ta’minlash sharti bilan soliq tizimini
tubdan qayta ko‘rib chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi PF-5468-son Farmoni bilan Soliq
siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining quyidagilarni nazarda tutuvchi
asosiy yo‘nalishlari belgilangan edi.
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining 12% miqdorida
yagona stavkasini joriy qilish, fuqarolarning budjetdan tashqari Pensiya
jamg‘armasiga sug‘urta badallarini (mehnatga haq to‘lash fondidan 8%) bekor
qilish, shuningdek yagona ijtimoiy to‘lov stavkasini kichik korxonalar uchun
15% dan 12% gacha, hamda budjet tashkilotlari va davlat korxonalaridan boshqa
yirik korxonalar uchun 25%dan 12%gacha kamaytirish hisobiga mehnatga haq
to‘lash fondiga soliq yukini kamaytirish;
foyda solig‘i stavkasini 14%dan 12%gacha pasaytirish;
dividendlar va foizlar ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha to‘lov manbaidan
ushlab qolinadigan foyda solig‘i stavkasini 10% dan 5% gacha pasaytirish;
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasini 5%dan
2%ga pasaytirish;
sement, klinker, mis va polietilen granulalar bo‘yicha qo‘shimcha foyda
solig‘ini bekor qilish;
o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik oboroti (tushumi) 1 milliard so‘mdan
oshgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkazish;
barcha tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan oboroti (tushumi) 1 milliard
so‘mgacha bo‘lgan yuridik shaxslar uchun yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i,
yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni joriy etish.
610
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilda Davlat budjeti va davlat maqsadli
jamg‘armalarining daromadlari 137 trln. so‘mni (YaIMga nisbatan 26,1%)
tashkil etgan, bu 2018 yildagiga qaraganda 27% ko‘p (2018 yilda daromadlar
108 trln. so‘mni yoki YaIMga nisbatan 26,5%ni tashkil etgan).
2019 yildagi daromadlar bo‘yicha Davlat budjeti ijrosi dastlabki
yakunlarining ko‘rsatishicha, tushumlar 112,1 trln. so‘mni tashkil etib, 2018
yildagiga (79,1 trln. so‘m) nisbatan 1,4 baravar oshgan.
Bunda YaIMga nisbatan Davlat budjetining daromadlari YaIMga nisbatan
19,4%dan 21,4%gacha yoki 2 foiz bandiga oshgan.
Ma’lumot uzatish, statistika, moliya va soliq hisobotlarining elektron shakli va
tarmoqlari hayotimizga izchil va tizimli asosda joriy etilmoqda. Bugungi kunda
tadbirkorlik subyektlarining 89 foizdan ortig‘i soliq hisobotlarini, qariyb 86 foizi
statistik hisobotlarni elektron shaklda topshirmoqda.
Respublikada 2009-2019 yillarda turli soliq stavkalarining o‘zgarishi tahlili
shuni ko‘rsatadiki, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, dividend (foizlar)
shaklida olinadigan daromadlardan foyda solig‘i, aksiz solig‘i, yagona soliq
to‘lovi, yagona ijtimoiy to‘lovlarda ayrim o‘zgarishlar vujudga keldi (21.4-jadval).
Dostları ilə paylaş: |