24.2. Aholi daromadlari va uning tarkibi. Yalpi ichki mahsulotning taqsimlanish va qayta taqsimlanishi natijasida aholi
daromadlari shakllanadi.
Aholi daromadlari ma’lum vaqt oralig‘ida (masalan, bir yilda) ular tomonidan olingan pul va natural shakldagi tushumlar miqdorini anglatadi. Jamiyat a’zolari daromadlari darajasi ular turmush farovonligining muhim
ko‘rsatkichi hisoblanib, shu bilan birga alohida shaxslarning dam olishi, bilim
olishi, sog‘lig‘ini saqlashi, eng zarur ehtiyojlarini qondirishi imkoniyatlarini
belgilab beradi. Aholi daromadlari darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi omillar
orasida ish haqidan tashqari chakana narx dinamikasi, iste’mol bozorining tovarlar
bilan to‘yinganlik darajasi kabilar muhim o‘rin tutadi.
Aholi daromadlari
pul va
natural ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin.
Aholi
pul daromadlari ish haqi, tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan
daromad, nafaqa, pensiya, stipendiya shaklidagi barcha pul tushumlarini, mulkdan
foiz, dividend, renta shaklda olinadigan daromadlarni, qimmatli qog‘ozlar,
ko‘chmas mulk, qishloq xo‘jalik mahsulotlari, hunarmandchilik buyumlarini
sotishdan va har xil xizmatlar ko‘rsatishdan kelib tushadigan daromadlarni o‘z
ichiga oladi.
Natural daromad mehnat haqi hisobiga olinadigan va uy xo‘jaliklarining o‘z
iste’mollari uchun ishlab chiqargan mahsulotlaridan iborat bo‘ladi.
Aholi daromadlari darajasiga baho berish uchun nominal va real daromad
tushunchalaridan foydalaniladi.
Nominal daromad – aholi tomonidan ma’lum vaqt oralig‘ida olingan daromadlarining pul ko‘rinishidagi miqdori. Real daromad – aholining ixtiyorida bo‘lgan daromadga sotib olish mumkin bo‘lgan tovar va xizmatlar miqdori. Ya’ni, real daromad aholining
ixtiyorida bo‘lgan daromadning xarid quvvatini bildiradi.