9.2. Narx turlari va ularning mazmuni Iqtisodiyotning turli sohalari va tarmoqlaridagi ishlab chiqarish va sotish
sharoitlarining xilma-xilligi hamda bozor munosabatlarining rivojlanishi
darajasidagi farqlar narx turlarini farqlash zaruratini tug‘diradi.
Iqtisodiyotda amal qilib turgan barcha narx turlari narx tizimini tashkil qiladi. Narxlar
tizimida ularning ayrim turlarining iqtisodiy mazmunini qisqacha qarab chiqamiz.
Ulgurji narx – ishlab chiqaruvchilar tomonidan katta miqdordagi tovarlar bir yo‘la ko‘tarasiga sotilganda qo‘llaniladigan narx. Ulgurji narx
ishlab chiqaruvchilar va ta’minlash-sotish tashkilotlari xarajatlarini qoplashi
hamda ularning ma’lum miqdorda foyda ko‘rishini ta’minlashi zarur. Ulgurji narx
tovar birjalari va savdo uylarida ham qo‘llaniladi.
Shartnoma narx – sotuvchi va xaridorning roziligi bilan belgilanadigan, ular tomonidan tuzilgan shartnomada qayd qilingan narx. Shartnoma narx
odatda shartnoma bitimi amal qilib turgan davrda o‘zgarmaydi. Mazkur narx ham
milliy, ham xalqaro bozorlarda qo‘llaniladi. U xalqaro bozorda qo‘llanilganda
tovar (xizmat)larning jahon narxlariga yaqin turadi.
Chakana narx – tovarlar bevosita iste’molchilarga sotiladigan narx. Chakana narxga tovarning ulgurji narxi, chakana savdo tashkilotlarining xarajatlari
va ularning oladigan foydasi kiradi. Chakana narx tovarlarga bo‘lgan talab va
taklifni bog‘lovchi rolini o‘ynaydi hamda ularning nisbatiga qarab yuqori yoki past
bo‘lishi mumkin.
273
Davlatning narxlarni tartibga solish faoliyati chegaralangan (limitlangan) va
dotatsiyalangan narxlarni vujudga keltiradi.
Chegaralangan narx – davlat tomonidan yuqori va quyi chegaralari belgilanib, shu doirada o‘zgarishi