narxlar erkinlashtirilishi va pulning qadrsizlanish darajasi ortib borishi munosabati bilan daromadlarning eng kam va o‘rtacha darajasini muntazam oshirib borish hisoblanadi. Bunda respublikaning o‘ziga xos yondashuvi ishlab
chiqilib, daromadlar nisbatini o‘zgartirish, ish haqi, pensiyalar, stipendiyalarning,
jamg‘arma banklardagi aholi omonatlari stavkalarining eng oz miqdorini bir
vaqtning o‘zida qayta ko‘rib chiqish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Daromadlar
nisbatini o‘zgartirishda joriy etilgan yangi yagona tarif setkasi katta ahamiyatga
ega bo‘ldi. Bu barcha toifadagi xodimlarning mehnat haqi miqdorlarini tarif
koeffitsientlari orqali, eng kam ish haqi vositasi bilan bevosita o‘zaro bog‘lash
imkonini berdi.
Aholini ijtimoiy himoyalashning ikkinchi yo‘nalishi –
ichki iste’mol bozorini himoya qilish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va nooziq-ovqat mollari asosiy turlari iste’molini muayyan darajada saqlab turish bo‘ldi. Bunga erishishda
muhimi mahsulotlar eksportini bojxona tizimi orqali nazorat qilish va ularga
yuqori boj to‘lovlari joriy etish, kundalik zarur tovarlarni me’yorlangan tarzda
sotishni tashkil qilish kabi tadbirlar katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Milliy valyuta
joriy etilishi bilan oziq-ovqat mahsulotlarini me’yorlangan tarzda sotishdan voz
kechish erkin narxlarga o‘tish imkoniyatini yaratadi.
Iqtisodiy islohotlarning ilk bosqichida ijtimoiy siyosatni amalga oshirishning
uchinchi yo‘nalishi –
aholining kam ta’minlangan tabaqalarini ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash borasida kuchli chora-tadbirlar o‘tkazilganligi
bo‘ldi. Bu yo‘nalishda aholining ijtimoiy jihatdan nochor qatlamlari – pensionerlar,
nogironlar, ko‘p bolali va kam daromadli oilalar, ishsizlar, o‘quvchi yoshlar hamda
qayd etilgan miqdorda daromad oluvchi kishilar turli xil yo‘llar bilan himoya qilib
borildi.