Xususiy tadbirkorlik alohida shaxs yoki korxona tomonidan xususiy tashabbus asosida tashkil qilinadi. Tadbirkorlikning bu shaklida mulk va ishlab chiqarish natijalari xususiy shaxslarga tegishli bo‘lib, ishlab chiqarishni tashkil qilish yollanma mehnatga asoslanadi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlik shaxsiy mulkka asoslanadi, ishlab chiqarishni tashkil qilish o‘zi yoki oila a’zolari mehnati asosida amalga oshiriladi. Shaxsiy korxona egasi uning menejeri ham hisoblanib, korxonaning barcha majburiyatlari uchun shaxsiy javobgar bo‘ladi. Xo‘jalik huquqi nuqtai nazaridan yakka tartibdagi tadbirkorlik huquqiy shaxs hisoblanmaydi, shu sababli uning egasi cheklanmagan mas’uliyatga ega bo‘lib, faqat fuqarolardan olinadigan daromad solig‘ini to‘laydi. Bu odatda kichik magazin, xizmat ko‘rsatish sohasidagi korxonalar, dehqon xo‘jaliklari, shuningdek, huquqshunos, vrach, advokat kabi turli malakali mutaxassislar xizmati ko‘rinishida tashkil qilingan tadbirkorlikdir.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishning muhim shakllaridan biri aksiyadorlik jamiyatlaridir. Bozor iqtisodiyoti rivojlanib borgan sari yirik ishlarni bajarishga alohida olingan kapital egalari – tadbirkorlarning imkoniyati etishmaydi. Shuning uchun ular katta ishlarni yirik korxonalar yo‘llar qurish va boshqalarni amalga oshirish uchun o‘z kapitallarini birlashtirishga majbur bo‘ladilar. Buning natijasida aksiyadorlik jamiyatlari kelib chiqadi.
Yirik ishlarni amalga oshirib, katta foyda olish maqsadida bir nechta kapital egalari tadbirkorlar o‘zlarining moddiy (ishlab chiqarish vositalari) va pul mablag‘larini birlashtirib ittifoq (jamiyat) tuzadilar. Ular iqtisodiy adabiyotlarda aksiyadorlik jamiyati deb yuritiladi. Aksiyadorlik jamiyati – yiriq kapital egalarining qo‘shgan qapitallari hissasi (payi) asosida tashkil topadigan hissadorlik jamiyatidir.Aksiyadorlik jamiyatining dastlabki kapitali – ta’sischilar qo‘shgan kapital yig‘indisidan iborat bo‘ladi. Aksiyadorlar jamiyati kapitalining keyingi ko‘payish manbai aksiya qog‘ozlari chiqarib xohlagan odamga sotishdan kelib tushgan mablag‘g‘lardir. Shunga ko‘ra, aksiya chiqarish va uni erkin sotish aksiyadorlik munosabatlarining muhim tomonlaridan birini tashkil qiladi.
Aksiyadorlik jamiyatining tashkil topishi ta’sischilik foydasi kabi daromad turining paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Ta’sischilik foydasi sotilgan aksiyalar summasi va aksiyadorlik korxonasiga haqiqatda qo‘yilgan kapital miqdori o‘rtasidagi farqdan iborat. Aksiyadorlik jamiyati ochiq va yopiq ko‘rinishda bo‘ladi. Ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati – ishtirokchilari o‘zlariga tegishli aksiyalarni boshqa aksiyadorlarning roziligisiz sotib olish va ularni erkin sotish huquqiga ega bo‘lgan jamiyat. Yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyati – aksiyalari faqat uning ta’sischilari yoki oldindan belgilangan boshqa shaxslar doirasida taqsimlanuvchi jamiyat. Aksiya – bu uning egasi aksiyadorlik jamiyati kapitaliga o‘zining ma’lum hissasini qo‘shganligiga va uning foydasidan dividend shaklida daromad olish huquqi borligiga guvohlik beruvchi qimmatli qog‘oz. Bundan tashqari aksiya korxonani boshqarishda qatnashish huquqini ham beradi.
Aksiyaning egasi yozilgan va egasi yozilmagan, oddiy va imtiyozli turlarini farqlash mumkin. Egasi yozilgan aksiya – aksiyadorlik jamiyati reestrida aksiya egasining nomiga qayd qilinib, faqatgina uning yozma ruxsati bilan oldi-sotdi qilinishi mumkin bo‘lgan aksiya. Yopiq aksiyadorlik jamiyatining aksiyalari faqat egasi yozilgan aksiyalardan iborat bo‘lishi mumkin. Egasi yozilmagan aksiya – jamiyat aksiyadorlarining reestriga kiritilmagan holda boshqa shaxslarga mulk qilib beriluvchi hamda erkin tarzda oldi-sotdi qilinuvchi aksiya.