Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti sh. Shodmonov iqtisodiyot nazariyasi


Daromadlar tengsizligi va uning darajasini aniqlash



Yüklə 3,83 Mb.
səhifə337/400
tarix25.09.2023
ölçüsü3,83 Mb.
#148372
1   ...   333   334   335   336   337   338   339   340   ...   400
IQTISODIYOT NAZARIYASI darslik

24.3. Daromadlar tengsizligi va uning darajasini aniqlash
Dunyodagi barcha mamlakatlar aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha daromadlar darajasi bilan bir-biridan keskin farqlanadi. Bu turli mamlakatlar aholisining daromadlari darajasi o‘rtasida tengsizlik mavjudligini bildiradi. Shu bilan birga alohida olingan mamlakatlar aholisining turli qatlam va guruhlari o‘rtacha daromadlari darajasida ham farq mavjud bo‘ladi. Mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi darajasi ham daromadlaridagi farqlarni bartaraf eta olmaydi.
O‘z-o‘zidan aniqki, iqtisodiy o‘sish daromadlarning ko‘payishiga olib keladi.
Bunda butun aholi daromadlari mutlaq miqdorda asta-sekin o‘sib boradi. Daromadlarning mutlaq miqdori ko‘payib borsa-da, har doim ham daromadlar tengsizligi darajasiga ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin. Daromadlar tengsizligi darajasini miqdoriy aniqlash uchun jahon amaliyotida Lorens egri chizig‘idan foydalaniladi (24.3-rasm). Daromad, %
aholi, %
24.3-rasm. Lorens egri chizig‘i
Rasmning yotiq chizig‘ida aholi guruhlarining foizdagi ulushi, tik chizig‘ida esa bu guruhlar tomonidan olinadigan daromadning foizdagi ulushi joylashtirilgan. Nazariy jihatdan daromadlarning mutlaq teng taqsimlanishi imkoniyati (burchakni teng ikkiga bo‘luvchi) 0E chiziqda ifodalangan bo‘lib, u oilalarning har qanday tegishli foizi daromadlarning mos keluvchi foizini olishini ko‘rsatadi. Ya’ni aholining 20 foizi barcha daromadlarning 20 foizini, aholining 40 foizi daromadlarning 40 foizini, aholining 60 foizi daromadlarning 60 foizini olishini bildiradi va h.k. Demak, 0E chizig‘i daromadlarning taqsimlanishidagi mutlaq tenglikni ifodalaydi. Shuningdek, nazariy jihatdan mutlaq tengsizlikni ham ajratib ko‘rsatish mumkin. Bunda aholining ma’lum guruhlari (20 foiz, 40 yoki 60 foiz va h.k.) hech qanday daromadga ega bo‘lmay, faqat bir foizi barcha 100 foiz daromadga ega bo‘ladi. Rasmdagi 0FE siniq chizig‘i mutlaq tengsizlikni ifodalaydi.
Real hayotda mutlaq tenglik va mutlaq tengsizlik holatlari mavjud bo‘lmaydi. Balki aholining ma’lum guruhlari o‘rtasida daromadlarning taqsimlanishi notekis ravishda boradi. Bunday taqsimlanishini Lorens egri chizig‘i deb nomlanuvchi 0E egri chizig‘i orqali kuzatish mumkin. Aholi guruhlari ulushi va daromad ulushini birlashtiruvchi egri chiziqdan ko‘rinadiki, aholining dastlabki 20 foiziga daromadlarning juda oz (taxminan 3-4 foizgacha) qismi to‘g‘ri keladi. Keyingi guruhlarga to‘g‘ri keluvchi daromad ulushi ortib boradi. Daromadning eng katta qismi (deyarli 60 foiz) aholining so‘nggi 20 foiziga to‘g‘ri keladi. Bu guruh chegarasi ichida ham daromadlar notekis taqsimlangan, ya’ni dastlabki 10 foiz taxminan 20 foiz daromadga ega bo‘lsa, keyingi 10 foizga daromadning deyarli 40 foizi to‘g‘ri keladi va h.k.
Mutlaq tenglikni ifodalovchi chiziq va Lorens egri chizig‘i o‘rtasidagi tafovut daromadlar tengsizligi darajasini aks ettiradi. Bu farq qanchalik katta bo‘lsa, ya’ni Lorens egri chizig‘i 0E chizig‘idan qanchalik uzoqda joylashsa, daromadlar tengsizligi darajasi ham shunchalik katta bo‘ladi. Agar daromadlarning haqiqiy taqsimlanishi mutlaq teng bo‘lsa, bunda Lorens egri chizig‘i va bissektrisa o‘qi birbiriga mos kelib, farq yo‘qoladi.
Daromadlar tabaqalanishini aniqlashning ko‘proq qo‘llaniladigan ko‘rsatkichlaridan biri detsil koeffisienti hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich 10 foiz eng yuqori ta’minlangan aholi o‘rtacha daromadlari va 10 foiz eng kam ta’minlanganlar o‘rtacha daromadi o‘rtasidagi nisbatni ifodalaydi. Masalan, AQSh va Buyuk Britaniyada bu nisbat 13:1ga, Shvetsiyada esa 5,5:1ga teng.
“O‘zbekistonda mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab jamiyatning ijtimoiy tabaqalashuv darajasini kamaytirishga alohida e’tibor berilayotgani, sodda qilib aytganda, o‘ta boylar ham, o‘ta kambag‘allar ham bo‘lmasin, degan tamoyilga amal qilib kelinayotgani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta. Yurtimizdagi 10 foiz ta’minlangan va 10 foiz etarlicha ta’minlanmagan aholi daromadlari o‘rtasidagi farq, ya’ni «detsil koeffitsenti» deb nom olgan ko‘rsatkich barqaror pasayish tendensiyasiga ega bo‘lib, bu raqam 2010 yildagi 8,5 foiz o‘rniga 2015 yilda 7,7 foizni tashkil etdi”1.
Yalpi daromadning aholi guruhlari o‘rtasida taqsimlanishini tavsiflash uchun aholi daromadlari tengsizligi indeksi (Jini koeffitsienti) ko‘rsatkichi qo‘llaniladi. Jini koeffitsienti rasmdagi Lorens egri chizig‘i bilan mutlaq tenglik chizig‘i o‘rtasidagi yuzaning 0FE uchburchak yuzasiga nisbati orqali aniqlanadi. Bu ko‘rsatkich qanchalik katta bo‘lsa, (ya’ni 1,0 ga yaqinlashsa) tengsizlik shuncha kuchli bo‘ladi. Jamiyat a’zolari daromadlari tenglashib borganda bu ko‘rsatkich 0 (nol)ga intiladi. Masalan, keyingi yarim asr davomida Jini indeksi Buyuk Britaniyada 0,39 dan 0,35 ga qadar, AQShda esa 0,38 dan 0,34 ga qadar pasaygan.
Daromadlarning taqsimlanish darajasi Jini koeffitsienti yordamida baholanadi va u 0 ≤KJ ≤1 oraliqda bo‘ladi.

  1. Jini koeffitsienti 0 ga teng bo‘lganda daromadlar aholi orasida teppa-teng taqsimlanadi.

  2. Jini koeffitsienti 1 ga teng bo‘lganda barcha daromadlar ayrim shaxslar tasarrufida bo‘ladi.

Bu holatlar quldorlik tizimida ko‘proq vujudga kelgan.
Jahon tajribasida jamiyatda ijtimoiy tabaqalanish va xavfsizlik darajasini baholashning yana bir mezoni – Jini indeksidan keng foydalaniladi.
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida Jini indeksi ko‘rsatkichi 0,40 dan 0,269 ga pasaydi. Bu natija BMT tavsiyalariga binoan 0,35-0,37 miqdorida belgilangan xalqaro standartlarga ko‘ra, mamlakat aholisining ijtimoiy farovonligi muttasil o‘sib borayotganidan dalolat beradi. Jini indeksi – aholi daromadlarining amalda teng taqsimlanishini bildiradi.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida iqtisodiy beqarorlik tufayli qarab chiqilgan bu ko‘rsatkich o‘sish tamoyiliga ega bo‘ladi. Umumiy daromadning tabaqalanishi alohida tarmoqlar va faoliyat sohalarida ish haqi darajasidagi farqlarning ortishi bilan birga boradi. Milliy iqtisodiyotda o‘rtacha ish haqining tarmoqlar, korxonalar va ishlovchilar toifalari bo‘yicha yuqori tengsizligi tarkib topadi. Daromadlar tengsizligida katta farqlar mavjud bo‘lishining asosiy sababi bozor tizimiga asoslangan iqtisodiyotning o‘z xususiyatlaridan kelib chiqadi. Respublikamizda ham bozor iqtisodiyotiga o‘tish daromadlar tengsizligi muammosini keskinlashtiradi. Bu yerda asosiy rolni mol-mulk (uy-joy, ko‘chmas mulk, aksiya va boshqalar)ga ega bo‘lish omili o‘ynay boshlaydi. Daromadlarning tabaqalanish jarayoni yetarli darajada tez boradi, minimal darajadan bir necha o‘n baravar yuqori daromadga ega bo‘lgan ijtimoiy qatlam shakllanadi. Daromadlarning tabaqalanishi mulkiy tabaqalanishni keltirib chiqaradi. Vaqt o‘tishi bilan oilalarning o‘z mol-mulkini meros qilib qoldirishi natijasida daromadlar tabaqalanishining kuchayishi ro‘y beradi. Har xil oilalar uchun turlicha iste’mol muhiti yaratiladi. Ijtimoiy tenglik va daromadlar taqsimotida adolatni ta’minlashda muhim muammolar vujudga keladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida daromadlar tengsizligini keltirib chiqaruvchi umumiy omillar ham mavjud bo‘ladi. Bularning asosiylari quyidagilar:

  • kishilarning umumiy (jismoniy, aqliy va estetik) layoqatidagi farqlar;

  • ta’lim darajasi va malakaviy tayyorgarlik darajasidagi farqlar;

  • tadbirkorlik mahorati va tahlikaga tayyorgarlik darajasidagi farqlar;

  • ishlab chiqaruvchilarning bozorda narxlarni o‘rnatishga layoqatliligi (bozordagi hukmronlik darajasidan kelib chiqib) darajasidagi farqlar.

Bunday sharoitda davlatning daromadlarni qayta taqsimlash vazifasi daromadlar tengsizligidagi farqlarni kamaytirish va jamiyat barcha a’zolari uchun ancha qulay moddiy hayot sharoitini ta’minlashga qaratiladi.
Daromadlar tengsizligi kamayishining taxminan 80 foizini asosan transfert to‘lovlari taqozo qiladi. Aniqroq aytganda davlat transfert to‘lovlari eng past daromad oluvchi kishilar guruhi daromadining asosiy qismi (70-75 foiz)ni tashkil qiladi va qashshoqlikni yumshatishning eng muhim vositasi hisoblanadi.

Yüklə 3,83 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   333   334   335   336   337   338   339   340   ...   400




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin