moslashuvchan (ikki tomonlama nafli) integratsiya. Bu turdagi integratsiyada har bir mamlakat bir vaqtning o‘zida ham donor, ham naf ko‘ruvchi hisoblanadi.
Davlatlararo iqtisodiy integratsiyaning rivojlanishida quyidagi bir qator shartsharoitlarning mavjudligi ta’sir ko‘rsatadi:
integratsion aloqaga kirishayotgan mamlakatlarning iqtisodiy taraqqiyot jihatidan bir xil darajada bo‘lishi hamda bir turdagi xo‘jalik tizimlariga ega bo‘lishi;
ularning hududiy jihatdan yaqinligi, yagona mintaqada joylashganligi va umumiy chegaraga egaligi;
ularning tarixan tarkib topgan va yetarli darajada mustahkam iqtisodiy aloqalarga egaligi;
iqtisodiy manfaatlar va muammolarning umumiyligi hamda ularni hal etishda birgalikdagi harakatning samaradorligi va h.k.
26.2. Jahondagi asosiy integratsion guruhlarning amal qilish xususiyatlari Integratsiya jarayonlari obyektiv tavsif kasb etishiga qaramay, u o‘z-o‘zicha, stixiyali tarzda bormaydi. Balki bugungi kunda tashkil etilgan va faoliyat yuritayotgan mintaqaviy integratsion tuzilmalar ularga kiruvchi mamlakatlar o‘rtasida qonuniy kelishuv va o‘zaro shartnomalar asosida amal qiladi.
Hozirda dunyoda juda ko‘plab integratsion guruhlar mavjud. Biz turli mintaqalardagi asosiy integratsion guruhlar sifatida quyidagi tuzilmalarni ko‘rsatishimiz mumkin:
G‘arbiy Yevropada – Yevropa Ittifoqi (YeI);
Shimoliy Amerikada – Erkin savdo to‘g‘risida Shimoliy Amerika bitimi (NAFTA);
Osiyo-Tinch okeani mintaqasida – Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari assotsiatsiyasi (ASEAN).
Yevropa Ittifoqi 1993 yil 1 noyabrda Maastrixt kelishuvlari (bu kelishuvlar 1991 va 1992 yillarda iqtisodiy va valyuta ittifoqini shakllantirish to‘g‘risida imzolangan edi) kuchga kirishi asosida yangi nom bilan paydo bo‘ldi. Bunga qadar u Yevropa hamjamiyati deb atalib, o‘z ichiga 1967 yilda birlashgan uchta mustaqil mintaqaviy tashkilotlarni olar edi, ya’ni:
1951 yilda tashkil etilgan ko‘mir va po‘lat ishlab chiqarish bo‘yicha Yevropa birlashmasi;
1957 yilda tashkil etilgan Yevropa iqtisodiy hamjamiyati;
1958 yilda tashkil etilgan atom energiyasi bo‘yicha Yevropa hamjamiyati.
YeI doirasidagi integratsiyaning rivojlanishi bosqichma-bosqich bormoqda. Jumladan, dastlab erkin savdo hududi, bojxona ittifoqi, umumiy bozorning, keyinchalik esa iqtisodiy va valyuta ittifoqining tashkil etilishi bu tuzilmalar shakllanishining quyidan yuqoriga tomon harakatini bildiradi. Hozirda YeIda yagona bozor hamda davlatlararo boshqaruv tizimini tashkil etish jarayoni yakunlanib, mamlakatlar iqtisodiy, valyuta va siyosiy ittifoqlarni rasmiylashtirdilar.