(sotuvchilar va xaridorlar) o‘rtasida pul orqali ayirboshlash jarayonida vujudga keladigan munosabatlar majmuasi. Bozorning asosiy belgilari quyidagilardan iborat:
sotuvchi va xaridorlarning o‘zaro kelishuvi, ekvivalentlilik prinsipi asosida ayirboshlash;
sotuvchilarning xarajatlari qoplanib, foyda olishi;
to‘lovga layoqatli bo‘lgan xaridorlarning talabini qondirish va raqobatchilik.
Bozor tovarlarni ishlab chiqarish va ayirboshlash, pulning vujudga kelishi, ularning rivojlanishi natijasida kelib chiqqan tarixiy tushuncha bo‘lib, hozirgi davrda keng tarqalgan obyektiv iqtisodiy jarayondir.
Bozordagi tovar va xizmatlar miqdori talabga nisbatan kam bo‘lsa narxlar oshib ketadi, ayirboshlashning ekvivalentlik muvozanati buziladi, natijada tovarni sotuvchi me’yoridan ortiqcha daromad olish imkoniga ega bo‘ladi. Aksincha, bozorda tovarlar miqdori talab miqdoridan oshib ketsa, narxlar pasayib ketib, sotuvchilar zarar ko‘radilar. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida sustkashlik, no‘noqlik va xo‘jasizlik yuz berib, ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘yilsa ham zarar oshib ketadi, chunki bozor bunday behuda sarflarni hisobga olmaydi. Bularning barchasini bozor o‘z mexanizmi orqali amalga oshiradi. Bozor mexanizmi – bozor iqtisodiyotining faoliyat qilishini tartibga solishni va iqtisodiy jarayonlarni uyg‘unlashtirishni ta’minlaydigan dastak va vositalar. Bozorning iqtisodiy mazmunini ochib berishda uning obyekti va subyektini ajratib ko‘rsatish lozim bo‘ladi. Bozor obyekti – ayirboshlash munosabatlariga jalb qilingan iqtisodiy faoliyat natijalari va iqtisodiy resurslar, tovar, pul va unga tenglashtirilgan moliyaviy aktivlar. Hozirgi sharoitda oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari do‘konlari, avtomobilga xizmat ko‘rsatish stansiyasi, benzin quyish shaxobchalari, sanoat tovarlari do‘koni, tijoratchilarning savdo shaxobchalari, turli xil supermarketlar, yirik savdo markazlari va savdo yarmarkalari, umumiy ovqatlanish shaxobchalari bozorning odatdagi ko‘rinishlari hisoblanadi. Fond birjalari, valyuta bozori, don birjalari va auksion kabilar bozorning yuqori darajada rivojlangan ko‘rinishlaridir.