Shaxsiy daromaddan soliqlar to‘langandan keyin uy xo‘jaliklarining to‘liq tasarrufida qoladigan daromad shakllanadi. Soliqlar to‘langandan keyingi daromad shaxsiy daromaddan shu daromad hisobidan to‘lanadigan soliqlar miqdopini chiqarib tashlash yo‘li bilan hisoblanadi.
Soliqlar to‘langandan keyingi daromad uy xo‘jaliklari eng oxirida ega bo‘ladigan daromadi hisoblanib, alohida shaxs va oilalar o‘z tasarrufida bu daromadlarning bir qismini iste’mol uchun sarflaydilar va boshqa qismini jamg‘armaga yo‘naltiradilar.
Milliy mahsulot hajmining aniq baholanishiga hufyona iqtisodiyot ta’sir ko‘rsatadi. Xufyona iqtisodiyot – bu tovar-moddiy boyliklar va xizmatlarning jamiyat tomonidan nazorat qilinmaydigan harakati, ya’ni davlat boshqaruv organlaridan yashirin holda alohida fuqarolar va ijtimoiy guruhlar o‘rtasida amalga oshiriluvchi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlardir. Bu munosabatlar o‘z ichiga iqtisodiy faoliyatning barcha hisobga olinmagan, tartibga solinmagan turlarini oladi. Xufyona iqtisodiyot tarkibiga quyidagilar kiradi:
jinoyatga aloqador iqtisodiyot – rasmiy iqtisodiyot tarkibiga iqtisodiy jinoyatning kiritilishi (boyliklarning talon-taroj qilinishi; nazoratning har qanday shaklidan yashiringan holdagi xufyona iqtisodiy faoliyat – narkobiznes, qimor o‘yinlari, fohishabozlik; daromadlarni noiqtisodiy qayta taqsimlash shakli sifatidagi fuqarolarning shaxsiy mulkiga qarshi umumjinoiy harakatlar – bosqinchilik, shaxsiy mulkni zo‘rlik bilan tortib olish, o‘g‘irlash, reket);
soxta iqtisodiyot – hisobga olish va hisobotlarning amaldagi tizimiga soxta natijalarni haqiqiy natija sifatida kirituvchi rasmiy iqtisodiyot (qo‘shib yozishlar);
norasmiy iqtisodiyot – tovar va xizmatlarning ayriboshlash va taqsimlash bo‘yicha iqtisodiy subyektlar o‘rtasidagi norasmiy o‘zaro aloqalar tizimi bo‘lib, u mazkur subyektlar o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlar va bevosita aloqalarga asoslanadi;