Mutlaq kambag‘allik – daromadlarning umuman yo‘qligi yoki shaxsning (oilaning) minimal turmush ehtiyojlarini qondirish uchun zarur daromadning yo‘qligidir. Mutlaq kambag‘allik toifasiga ko‘proq daydilar, boshpanasizlar va shu kabilarni kiritish mumkin.
Nisbiy kambag‘allikni – O‘zbekiston sharoitida yashash minimumi budjetidan kam bo‘lgan daromadlar miqdori bilan aniqlanadi. Jahon amaliyotida esa bu ko‘rsatkich mamlakat bo‘yicha o‘rtacha daromadlarning 40-60 foizidan kam
bo‘lgan daromadlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Hukumat mahalliy organlari aholining kam ta’minlangan qatlamlarini aniqlash, ijtimoiy himoya sohasidagi vazifalarni aniqlash maqsadida kambag‘allik chegarasini belgilaydi. Bunda turli mezonlardan foydalaniladi, boy mamlakatlarda qashshoqlik chegarasi, kambag‘al mamlakatlarga qaraganda yuqoriroq.
Jahon banki metodikasi.1990 yilda Jahon banki ekspertlari kambag‘al davlatlarda qo‘llanadigan standartlardan foydalanib, dunyodagi kambag‘al aholi sonini hisoblashni taklif qilishgandi. 15ta davlatdagi kambag‘allikning milliy darajasini o‘rganib, xarid qobiliyati asosida valyuta kurslarini qo‘llagan holda (xarid qobiliyati; butun dunyodagi ana shu narxlar asosida hisoblanadi) qayta hisoblashdi. Tovar va xizmatlar to‘plami narxini barcha mamlakatlarda to‘g‘ri taqqoslash uchun ana shunday qilingan.
Natijada ekspertlar o‘rganilayotgan qashshoq mamlakatlarning oltitasida kambag‘allikning eng pastki darajasi kuniga bir kishi uchun 1 dollarga yaqin daromad deb hisoblashdi. Bu ko‘rsatkich ilk xalqaro kambag‘allik chegarasi sifatida qabul qilindi.
Dunyo mamlakatlaridagi hayot qiymatidagi tafovutlar ortib borgani sababli Jahon banki global kambag‘allik ko‘rsatkichini vaqti-vaqti bilan qayta ko‘rib chiqish zaruriyatiga duch keldi. 2005 yilda bank dunyoning eng qashshoq mamlakatlarida qabul qilingan kambag‘allik darajasi asosida ana shu ko‘rsatkichni qayta hisobladi. Natijada global qashshoqlikning pastki chegarasi 1,25 dollargacha deb hisoblashdi. 2018 yilda bu chegara qayta ko‘rib chiqildi va 1,9 dollargacha degan fikrga kelindi.
Bundan tashqari, Jahon banki kambag‘allikning o‘rtadan past, o‘rta va yuqori darajalariga – 3,2 dollar, 5,5 dollar va 21,7 dollar daromadlarga ega mamlakatlarni kambag‘allikning yuqori darajalari deb qabul qilingan. Bank mutaxassislari bu ko‘rsatkichlar pul mezonlariga asoslangani va ular ta’lim olish, sog‘liqni saqlash xizmatlari va suv hamda elektr energiyasi bilan ta’minlanganlik kabi jihatlarni hisobga olmasligini ta’kidlashadi.
O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Jahon banki va BMT Taraqqiyot dasturi bilan birgalikda dastur ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Uni amalga oshirish uchun 700 million dollar mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizda 12-15 foiz yoki 4-5 million aholimiz kambag‘al bo‘lib hisoblanadi. Bu ularning bir kunlik daromadi 10-13 ming so‘mdan oshmayapti, degani. Yoki bir oilada mashina ham, chorva ham bo‘lishi mumkin, lekin bir kishi og‘ir kasal bo‘lsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi.
Hozirgi rivojlanish konsepsiyasi halk farovonligini oshirish, kambag‘allik va kam ta’minlanganlikning o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligidan kelib chiqadi, shuning uchun respublikada o‘tkazilayotgan islohotlar aholi daromadiga nisbatan moslashuvchan siyosat o‘tkazishni maqsad qilib qo‘ygan. U ish haki sohasidagi bozor islohotlarining har bir bosqichida rivojlanish va o‘zgarishga, daromadlar miqdoriga bog‘liq ravishda maksimal soliqka tortishni qo‘llash, kam daromadli aholiga transfert to‘lovlar miqdorini ko‘paytirishga qodirdir. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda oxirgi ikki yil ichida ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 1,3 barobar ko‘payibdi, nafaqalar miqdori esa 2 barobar oshibdi. Lekin ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pulini to‘lash yoki ular miqdorini oshirish bilan mavjud muammo to‘liq echimini topmagan.
Kambag‘allikni tamomila yo‘qotib bo‘lmagan taqdirda ham qisqartirib borish imkoniyati bo‘ladi. Bunga asosan 2 yo‘l bilan erishiladi.