Joriy operatsiyalar va kapital harakati balansi qoldig‘i
III. Rasmiy zaxiralarning o‘zgarishi
Mamlakatning tashqi savdo balansi (to‘lov balansi) mazkur davlatning chet ellik sheriklari bilan xalqaro iqtisodiy munosabatlarning holatini ifodalab, uning kredit-pul, valyuta, budjet-soliq, tashqi savdo siyosatini amalga oshirish va davlat qarzlarini tartibga solishi uchun indikator bo‘lib xizmat qiladi.
Joriy operatsiyalar hisobi tovar va xizmatlar eksporti («+» belgisi bilan), import («-» belgisi bilan), investitsiyalardan sof daromad va sof transfertlarni o‘z ichiga oladi. Tovarlar eksporti va importi o‘rtasidagi muvozanat (tenglik) savdo balansini tashkil qiladi. Tovar eksporti kredit sifatida chiqib, milliy bankda chet el valyutalari zaxiralarini vujudga keltiradi. Import esa («debet» grafasida «-» belgisi bilan) mamlakatdagi chet el valyutalari zaxirasini qisqartiradi.
Investitsiyalardan sof daromadlar (chet eldan sof omilli daromadlar) kreditli xizmatlardan olinadigan sof daromad hisoblanib, u chet ellarga qo‘yilgan milliy pul kapitali hisobiga keladi. Agar chet elga qo‘yilgan milliy kapital mazkur mamlakatga qo‘yilgan chet el kapitaliga qaraganda ko‘proq miqdorda foiz va dividend keltirsa, bunda investitsiyalardan olinadigan sof daromad ijobiy, aks holda esa salbiy bo‘ladi.
Sof transfertlar xususiy va davlat mablag‘larining boshqa mamlakatlarga o‘tkazilgan summasini bildiradi (pensiya, sovg‘a, chet elga pul o‘tkazishlar yoki chet mamlakatlarga insonparvarlik yordamlari). Bunday to‘lovlar mamlakatda mavjud chet el valyutalari zaxirasini kamaytiradi.
Makroiqtisodiy modelda joriy operatsiyalar hisobi qoldig‘i quyidagicha ifodalanadi: