Xususiylashtirish – mulkka egalik qilish huquqining davlatdan xususiy va boshqa shaxslarga o‘tishi.
Davlat tassarrufidan chiqarish – mulkni davlat hisobidan chiqarilib, boshqa nodavlat mulk shakllarining vujudga keltirilishi.
Takrorlash uchun savollar va topshiriqlar Taraqqiyot bosqichlarini bilishda qanday yondashuvlar mavjud?
Ishlab chiqarish usuli nima va uning tarkibiy qismlari nimalardan iborat?
Ishlab chiqarish usullarining eng muhim o‘ziga xos belgilarini ajratib ko‘rsating. Bir ishlab chiqarish usulining boshqasiga almashinishi sabablari haqida mulohaza bildiring.
Ishlab chiqarish texnologik usulining tarkibiy qismlarini sanab ko‘rsating.
Fan-texnika taraqqiyotining ishlab chiqarish texnologik usuliga ta’siri qanday?
Ishlab chiqarish texnologik usullarining bosqichlari bir-biridan nima bilan farqlanadi?
Iqtisodiy tizim nusxalarini farqlantiradigan asosiy belgilarini sanab ko‘rsating.
Mulkchilikning mohiyatiga ta’rif bering va uning turli shakllarining iqtisodiy mazmunini tushuntiring. Mulkchilikning iqtisodiy va huquqiy mazmunini ajratib ko‘rsating.
Mulk subyektlarining ko‘p darajali bo‘lishiga sabab nima? Mulkchilik shakllarining farqlanishi asosida nima yotadi?
Bozor iqtisodiyotiga o‘tish nima uchun mulkchilikning turli shakllarini taqozo qiladi? Davlat mulkini uning tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish nima uchun hozirgi bosqichda obyektiv zaruriyat hisoblanadi? Xususiylashtirish bosqichlari va shakllariga tavsif bering.
Xususiylashtirishning qanday usullarini bilasiz? Bu usullardan birini tanlab olishga qanday omillar ta’sir ko‘rsatadi?
4-bob. TOVAR-PUL MUNOSABATLARI - BOZOR IQTISODIYOTINING ASOSIDIR Oldingi boblarda ishlab chiqarishning umumiy, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning hamma bosqichlariga xos bo‘lgan qonun-qoidalari va
tushunchalarini, ijtimoiy tizimlar va mulk shakllarining o‘zgarib turishini ko‘rib chiqdik. Lekin ayrim iqtisodiy jarayonlar tarixiy tavsifga ega bo‘lsada, uzoq davrlar davomida saqlanib qolishi mumkin. Jumladan, insoniyat tarixiy taraqqiyotining ko‘pgina bosqichlarida ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning ayrim turlari uzoq vaqt mavjud bo‘ladi. Masalan, ibtidoiy jamoa tuzimi emirilayotgan sharoitdayoq vujudga kelgan tovar ayirboshlash bir ishlab chiqarish usulidan boshqasiga o‘tib, bir necha ming yillardan beri amal qilib, rivojlanib kelmoqda. Shu bilan birga biron-bir ijtimoiy-iqtisodiy hodisa yoki jarayonlarning turli tarixiy davr sharoitidagi mazmuni, o‘rni, roli va ijtimoiy oqibatlari ko‘p jihatdan turlicha bo‘ladi. Lekin ularning umumiy, eng xususiyatli belgilari saqlanib qoladi. Ana shunday tarixiy iqtisodiy jarayonlardan biri tovar-pul munosabatlari bo‘lib, hozirgi davrda uning o‘rni va roli yanada oshib dolzarblik kasb etmoqda. Shu sababli ushbu bobda ijtimoiy xo‘jalik, ya’ni ijtimoiy ishlab chiqarishning natural va tovar shakllari tahlili, ularning biridan ikkinchisiga o‘tish sabablari, tovar va uning xususiyatlari, tovar qiymatining miqdori, uni aniqlashga bo‘lgan turli yondashuvlar, pulning vujudga kelishi, mohiyati va vazifalari, O‘zbekiston milliy valyutasining muomalaga kiritilishi va uning barqarorligini ta’minlash dasturiy harakatlari yoritiladi.