4.1-rasm. Mehnatning ikki yoqlama tavsifidan kelib chiquvchi tovarning ikki xil xususiyati Aniq mehnat deb – ma’lum maqsadga qaratilib, muayyan bir shaklda sarflanadigan, aniq turdagi iste’mol qiymatni (naflilikni) vujudga keltiradigan mehnatga aytiladi. Masalan, nonvoyning non yopishga, duradgorning stol yoki stul yasashga, chevarning do‘ppi tikishga, tikuvchining ko‘ylak yoki kostyum tikishga qaratgan mehnat aniq mehnatdir.
Ikkinchi tomondan, ushbu mehnat – aniq shaklidan, turi va yo‘nalishidan qat’iy nazar, umuman tovarlarning hamma turida gavdalangan inson mehnatidir, jami ijtimoiy mehnatning bir qismidir. U o‘zining shu sifatida abstrakt mehnat deb ataladi. Bu mehnat esa tovar qiymatini yaratadi. Qiymat tovarning emas, balki faqat mehnatning ijtimoiy tasvsifi bo‘lib, unda tabiat ashyolarining birorta ham molekulasi, zarrachasi yo‘qdir. Qiymatning asosida odamlar bir-birlari uchun mehnat qilishlarini bildiruvchi ijtimoiy mehnat yotadi. Biroq, alohidalashgan tovar ishlab chiqaruvchilar mehnati o‘zining ijtimoiy xususiyatini faqat mehnat mahsullarini ayirboshlash orqali ko‘rsatadi.
Tovarlar qiymatining miqdori mehnat unumdorligiga qarab o‘zgaradi. Mehnat unumdorligi deb mehnatning vaqt birligi ichida mahsulot ishlab chiqarish qobiliyatiga aytiladi. U ma’lum ish vaqti birligi mobaynida ishlab chiqarilgan mahsulotning miqdori yoki mahsulot birligini ishlab chiqarish uchun sarflangan ish vaqti bilan o‘lchanadi. Misol uchun, duradgor bir ish kuni davomida 4 ta stol yasadi. Agar ish kunini 8 soatdan iborat, deb olsak, u holda 1 ta stol yasash uchun 2 soat vaqt sarflangan. Ya’ni, duradgorning 1 soatlik mehnat unumdorligi 0,5 ta stolga teng. Mehnat unumdorligining o‘zgarishi tovar birligi qiymatining o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Mehnat unumdorligi o‘ssa, tovar birligining qiymati kamayadi yoki aksincha, mehnat unumdorligi pasaysa, tovar birligining qiymati oshadi. Misolimizdagi duradgor yasagan bitta stolning qiymati 2 soatlik mehnat sarfiga teng edi. Deylik, uning mehnat unumdorligi ikki baravar ortib, bir ish kunida 8 ta stol yasash darajasiga etdi. U holda, bitta stolning qiymati ham ikki barvar pasayib, 1 soatlik mehnat sarfiga teng bo‘ladi.
Mehnat intensivligi ish vaqti birligi mobaynida sarflangan mehnat miqdori orqali tavsiflanuvchi ko‘rsatkich hisoblanadi. Mehnat intensivligi deganda ish vaqti birligi davomida mehnat sarfining oshib borishi, ya’ni mehnatning jadallashishi tushuniladi. Mehnat intensivligining oshishi muayyan vaqt davomida ko‘proq qiymat yaratilishiga imkon beradi. Mehnat intensivligi oshganda vaqt birligi ichida yaratilgan tovar miqdori oshishi mumkin. Lekin qiymat ham oshganligi tufayli uning bir birligiga to‘g‘ri keladigan qiymat o‘zgarmay qolishi mumkin.