o‘zi esa ijtimoiy zaruriy mehnat sarflari orqali o‘lchanishini ifodalaydi. Qiymat qonuni individual mehnat sarfi ijtimoiy zarur mehnat sarfidan kamroq bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantiradi. Bu bilan ishlab chiqaruvchilarning mehnat unumdorligini oshirishga undaydi. Aks holda ular bozordan siqib chiqarilishlari yoki xonavayron bo‘lishlari mumkin.
Qiymat qonuni tovar ishlab chiqaruvchilarni tabaqalashtiradi, mehnat va moddiy sarflarni kamaytirishni rag‘batlantiradi va mehnatning ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha taqsimlanishini tartibga solib turadi. Masalan, eng yuksak mehnat unumdorligiga erishgan ishlab chiqaruvchilar o‘z tovarlarini ijtimoiy zarur sarflaridan kamroq sarflashga erishib bozor narxlarida sotishlari va yuqori foyda olishlari mumkin. Lekin ular ish faoliyatining muvaffaqiyati kafolatlangan deb bo‘lmaydi. Chunki ular ishlab chiqarishga fan-texnika yangiliklarini, samarali ishlab chiqarish usullarini o‘z vaqtida qo‘llab turmasalar, ma’lum vaqtdan so‘ng o‘z ustunliklaridan ajralib qolishlari mumkin.
Qiymat qonunining tartibga solib turuvchi mexanizmi raqobat kurashi natijasida bozor narxlarining stixiyali ravishda tebranib turishidan, ularning ijtimoiy qiymatdan farq qilib turishidan iborat. Tovar narxining ijtimoiy qiymatidan chetga chiqish shart-sharoitlari quyidagilardan iborat deb hisoblanadi:
Talab = taklif bo‘lgan holda narx = qiymat.
Talab > taklif bo‘lgan holda narx > qiymat.
Talab < taklif bo‘lgan holda narx < qiymat.
Shunday qilib, tovarlar narxining ular qiymatidan farq qilishi tovar ishlab chiqaruvchilarning xohishi bilan sodir bo‘lmay, balki obyektiv qiymat qonunining kuchi ta’siri ostida bo‘ladi.
Naflilik va keyingi qo‘shilgan miqdor nafliligi1 nazariyalarining dastlabki g‘oyalari XVIII asr ohirlarida paydo bo‘lib, uning asoschilaridan biri Kondilyak va Galiani degan iqtisodchilar edi. Keyinchalik uning nisbatan rivojlantirilgan g‘oyalari keyingi qo‘shilgan miqdor nafliligi” degan g‘oya edi. Bu g‘oyaning asoschilari avstriya maktabi vakillari K.Menger (1840-1921), F.Vizer (1851-1926), E.Bem-Baverk (1851-1914) va boshqalar hisoblanadi. Mazkur nazariyaga ko‘ra, kishilar tomonidan juda xilma-xil moddiy va ma’naviy ne’matlar (hamda xizmatlar) ularni ishlab chiqarishga ijtimoiy zaruriy mehnat sarflanganligi uchun emas, balki ushbu ne’matlar naflilikka ega bo‘lganligi uchun qadrlanadi. Insonlar tomonidan ma’lum nafliliklarga ehtiyoj sezilganligi sababli u yoki bu tovarni ishlab chiqarishga mehnat sarflari amalga oshiriladi. Mazkur nazariya tarafdorlari fikrlariga ko‘ra, faqat tovarning nafliligi uning qiymatiga va binobarin, narxiga asos bo‘lishi mumkin. Keyingi qo‘shilgan miqdor nafliligi nazariyasi bilan qiymatning mehnat nazariyasining bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi turli xil iste’mol qiymatlarini yoki naflilikni hisobga olish muammosi bilan bog‘liq. Chunki, turli ko‘rinishdagi ikkita tovarning nafliligini shunchaki umumiy tarzda o‘zaro taqqoslash mumkin emas.
Bu nazariya tarafdorlari naflilikning ikki turini ajratib ko‘rsatish zarur deb hisoblaydilar: a) abstrakt yoki umumiy naflilik, ya’ni ne’matlarning kishilar bironbir ehtiyojlarini qondirish layoqati; b) aniq naflilik, bu ne’mat mazkur nusxasi foydaliligining subyektiv narxini bildiradi. Bu subyektiv narx ikki omilga bog‘liq: mazkur ne’matning mavjud zahirasi va unga bo‘lgan ehtiyojning to‘yinganlik darajasi. Keyingi qo‘shilgan miqdor nafliligi muammosini o‘rmonda yashovchi chol ega bo‘lgan besh qop don misolida, uning ongida sodir bo‘lgan psixologik xayol orqali tasvirlab ko‘rsatadilar. Bu qoplardagi donning nafliligi kamayib boruvchi tartibda joylashadi: birinchi qopdagi don eng zarur, ya’ni cholning oziqovqatga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun iste’mol qilinadi, ikkinchisi – ovqatlanishni yaxshilash uchun, uchinchisi – uy parrandalarini boqish, to‘rtinchisi – pivo tayyorlash, beshinchisi – cholning o‘z uyi atrofida sayrab yurgan qushlarni boqib, ko‘ngilxushlik qilishi uchun. Bundan ko‘rinadiki, beshinchi qopning nafliligi chol uchun u qadar ahamiyatli emas, chunki agar bu qopdagi dondan mahrum bo‘lsa u faqatgina ko‘ngilxushlik qilish imkoniyatidan voz kechadi xolos.
Biroq, to‘rtinchi qopdagi donning yo‘q bo‘lishi cholni pivosiz, uchinchisi esa parrandalarsiz qoldirishi mumkin. Faqat bitta qopdagi don qolgan taqdirda chol uchun uning nafliligi eng yuqori darajaga etadi, ya’ni u ovqatlanish ehtiyoji bilan tenglashadi. Shu o‘rinda turli qoplardagi donlarning nafliligi turlicha ekan, ularning qaysi biri donlarning umumiy naflilik darajasini aniqlab beradi, degan savol tug‘iladi. Holbuki, qoplardagi donlarning bir-biridan farqi yo‘q ekan, chol uchun ularning nafliligi beshinchi, so‘nggi qopdagi donning nafliligi orqali aniqlanadi. Demak, har bir ne’matning so‘nggi qo‘shilgan birligi, ya’ni uncha muhim bo‘lmagan ehtiyojni qondiruvchi birligining nafliligi kamayib borish xususiyatiga egadir.
Agar uzoq davrlar mobaynida tortishuvlar va bo‘linishlarga olib kelgan bu ikki yo‘nalishdagi nazariyalarga e’tibor bilan qaralsa, ularning hammasi tovarda gavdalangan mehnatning ikki tomonlama tavsifini, undan kelib chiquvchi tovarning ikki xil xususiyati (nafliligi va qiymati)ni tushunmaslikdan, uni bilishga bir tomonlama yondashuvdan kelib chiqqanligi ma’lum bo‘ladi (4.2-rasm).
Qiymat va narx nazariyasida yangi yo‘nalishni boshlab bergan olim mashhur ingliz iqtisodchisi A.Marshall hisoblanadi. Tovarlarning qiymatini aniqlashda mehnat nazariyasi ham, naflilik va qo‘shilgan naflilik nazariyasi ham yetarli asosga ega emas, deb hisoblagan A.Marshall bir nechta nazariyalarni sintez qilish yo‘li bilan aniqlik kiritishga harakat qildi.