bo‘lgan extiyojlaarini qondira olish qobiliyatiga aytiladi. Naflilikni aniqlashda ham turlicha yondashuvlar mavjud. Masalan, marjinalizm maktabi asoschilari ham, ularning keyingi davomchilari ham tovarlar nafliligini aniqlashda alohida olingan individning xayolidagi psixologik yondashuv bilan, ya’ni hech kim bilan aloqasi bo‘lmagan o‘rmonda yolg‘iz yashaydigan cholning yoki kimsasiz orolda bir o‘zi qolib ketgan Robinzonning hayoli bilan aniqlash usulini qo‘llaydilar. Holbuki, tovar ayirboshlash jamiyat a’zolari o‘rtasida, gavjum bozor qatnashchilari o‘rtasida real qaynoq hayot jarayonida sodir bo‘ladi. Ular naflilikning negizida obyektiv iqtisodiy jarayon borligini, naflilik tabiat ashyosi bilan jonli mehnatning birikishi natijasida, to‘g‘rirog‘i naflilik aniq mehnat bilan tabiat ashyosining xususiyatlari o‘zgartirilishi natijasida vujudga kelishini o‘ylab ham o‘tirmaydilar. Tovarlar nafliliigini to‘g‘ri tushunishda naflilikning ijtimoiyligini tushunish muhim hisoblanadi. Tabiatda mavjud bo‘lgan yoki inson mehnati bilan yaratilgan maxsulotning hammasida naflilik mavjud bo‘lishi mumkin. Lekin tovar sifatida ishlab chiqarilgan maxsulot faqatgina o‘zining emas, boshqalarning extiyojini qondirish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak.
Chunki tovar o‘zi uchun emas, boshqalarga sotish uchun ishlab chiqariladi. Shuning uchun tovar ayirboshlash (oldi-sotdi) rivojlanishi bilan tovardagi naflilik ham ijtimoiy tus oladi, ya’ni u oddiy naflilik tushunchasidan “ijtimoiy naflilik” tushunchasiga aylanadi. Albatta, tabiatda mavjud bo‘lgan yoki inson mehnati bilan yaratilgan har qanday tovar ham naflilikka ega bo‘lavermaydi. Masalan, sifatsiz, keraksiz ishlab chiqarilgan yoki keragidan ortiqcha ishlab chiqarilgan tovarlar nafliligi jamiyat uchun, bozor uchun keraksiz bo‘lib, tan olinmaydi. Shuning uchun iqtisodiyot nazariyasida ijtimoiy zaruriy naflilik degan tushuncha ishlatiladi va real bozor har qanday naflilikni emas, balki ijtimoiy zaruriy naflilikni tan oladi.
Ijtimoiy zaruriy naflilik deb – talab miqdori va sifatiga mos keladigan turdagi miqdor va sifatdagi naflilikka aytiladi. Ne’matlar tovar bo‘lishi uchun, ular ayirboshlashga mo‘ljallangan, ma’lum mehnat sarflangan, bozorga sotishga chiqarilgan bo‘lishi zarur. Shunga ko‘ra, tovar mahsulotdan farqlanadi. Tovar, eng avvalo, o‘z iste’moli uchun emas, balki boshqalarning iste’moli uchun bozorga sotish maqsadida tayyorlanadigan mahsulotdir. Tovarning natural-buyum va ijtimoiy-iqtisodiy tomonlari, xususiyatlari ana shundan kelib chiqadi.
Tovarning almashuv qiymati – bu biror turdagi naflilikning boshqa turdagi naflilikka ayirbosh qilinadigan miqdoriy nisbatidir. Masalan, bitta bolta 20 kg donga ayirbosh qilinadi. Ayirbosh qilinadigan tovarlarning bu miqdoriy nisbatida ularning almashuv qiymati ifodalanadi.
Qiymatning mehnat nazariyasi tarafdorlari1 fikriga ko‘ra, tovarlar qiymatining umumiy asosi bo‘lib mehnat hisoblanadi, shu sababli ular ma’lum miqdorlarda birbiriga tenglashtiriladi. Tovarlarning og‘irligi, hajmi, shakli va shu kabi tabiiy xususiyatlaridan birortasi qiymatning umumiy asosi bo‘la olmaydi. Hatto ayirboshlashning zarur sharti sifatida tovarlarning nafliligi ham asos bo‘la olmaydi. Chunki, turli tovarlarning nafliligi sifat jihatidan farq qilish bilan birga miqdoriy o‘lchamga ega emas. Miqdor jihatdan taqqoslash uchun tovarlarda mavjud bo‘lgan umumiy narsa – ularni yaratish uchun sarflangan mehnatdir.
Tovarlar o‘lchovdosh bo‘lishining boisi shuki, bularning hammasi umuman inson mehnati mahsulidir, ya’ni inson kuchi, miyasi, mushaklari, asablari va hokazolari sarfining mahsulidir. Tovarda mujassamlashgan ijtimoiy mehnat uning qiymatini tashkil qiladi. Bu qiymat tovar ayirboshlaganda ko‘rinadi, shuning uchun almashuv qiymati (ya’ni iste’mol qiymatlarini ayirboshlash nisbati) qiymat shakli bo‘lib, uning ichki mazmunini tashkil etadi. Bu holat L.M.Kulikov tomonidan qiymat va almashuv qiymatini tovarning alohida asosiy xususiyatlari sifatida ajratilib ko‘rsatilishida namoyon bo‘ladi. «Qiymat – bu tovar ishlab chiqarish va uni sotish (ko‘pincha qisqacha qilib «ishlab chiqarish xarajatlari» deb ataydilar) qanchaga tushganligi ifodasidir. Tovarni ayirboshlaganda (sotilganda) ishlab chiqaruvchi (sotuvchi), tabiiyki, o‘z xarajatlarini qoplashni istaydi, biroq bozorda boshqacha nisbatlar tarkib topishi mumkin. Endi ularni boshqa ko‘rsatkich – almashuv qiymati ifodalaydi. Bu bir tovar boshqasiga ayirboshlanadigan miqdoriy nisbatdir».2 Tovarning o‘zi esa ikki tomon – naflilik va qiymatning uzviy birligidan iboratdir. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, L.Kulikov tomonidan qiymatga berilgan yuqoridagi ta’rif ba’zi hollarda iqtisodchilar tomonidan yo‘l qo‘yiladigan yanglish fikrlardan ham xoli emas. Ya’ni, qiymatning ishlab chiqarish xarajatlari bilan ayniylashtirilishini u tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolik deb hisoblaymiz. Aslida, ishlab chiqarish xarajatlari qiymatning bir qismi bo‘lib, aksariyat hollarda miqdor jihatidan qiymatdan kam bo‘ladi.
Tovar qiymatining miqdori ijtimoiy-zaruriy ish vaqti orqali hisoblanadi. Ijtimoiy zaruriy ish vaqti muayyan ijtimoiy normal ishlab chiqarish sharoitida va muayyan jamiyatdagi mehnat malakasi va jadalligi darajasi o‘rtacha bo‘lgan sharoitda biron bir tovarni ishlab chiqarish uchun sarflanishi zarur bo‘lgan ish vaqtidir. Tovar qiymatining miqdorini hisoblashda mehnatning oddiy va murakkab, malakali va malakasiz, aqliy yoki jismoniy turlari hisobga olinadi. Qiymatni hisoblashda nisbatan murakkab mehnat ko‘paytirilgan yoki darajaga ko‘tarilgan oddiy mehnat sifatida hisobga olinadi, shu sababli oz miqdordagi murakkab mehnat ko‘p miqdordagi oddiy mehnatga tenglashtiriladi.
Tovarning ikki xil xususiyatga ega bo‘lishiga sabab tovar ishlab chiqaruvchi mehnati tabiatining ikki tomonlamaligidadir. Tovarda gavdalangan mehnat bir tomondan, bu – muayyan turdagi aniq mehnatdir. Shuning uchun, naflilikni yaratadigan mehnat aniq mehnat deb nom olgan (4.1-rasm).