1-MAVZU Dinshunoslik fanining predmeti, maqsad va vazifalari REJA:
1.
Dinshunoslik fanining predmeti.
2.
Dinshunoslik fanini o’qitishdan ko’zda tutilgan asosiy maqsad.
3.
Dinning jamiyatdagi funksiyalari.
Tayanch so’z va iboralar: din, diniy e’tiqod, ijtimoiy ong, dialektika,
ijtimoiy borliq, jamiyat, dunyoqarash, kompensatorlik, komunikativlik,
integrativlik.
1. Dinshunoslik fani XIX asrning ikkinchi yarmida vujudga kelgan. O’sha
davrda olimlar (E.Taylor va b.) tarix, arxeologiya, etnografiya va lingvistika fanlari
asosida to’plagan ma’lumotlarga asoslangan holda, dinni tabiiy, erdagi sabablar
asosida tushuntirdilar. Shuningg uchun ham ularning nazariyasi o’z vaqtida
progressiv ahamiyatga ega bo’lgan. Talabalarga dinshunoslik fanining vujudga
kelishida Markaziy Osiyo mutafakkirlari, XVIII asr fransuz ma’rifatparvarlarining
ta’limotlari nazariy asos bo’lganligini ta’kidlab o’tishimiz kerak. Markaziy
Osiyoda xurfikrlilikka xos dastlabki g’oyalar – deizm, panteizm buyuk
mutafakkirlar Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Umar Xayyomlarning ijtimoiy-falsafiy
qarashlarida, Ibn Rushtning “Ikki haqiqat” ta’limotida olg’a surilgan. XVIII asrda
fransuz faylasuflarining dinga, diniy tashkilotlarga munosabati XIX asrda ilmiy
dinshunoslik va turli oqimlarni yuzaga kelishiga katta turtki bo’lgan. Talabalarga
bir necha maktablarni misol tariqasida keltirishimiz mumkin: XIX asrdagi
mifologik maktab namoyondlari (aka-uka Y.A. va V.Grimm, M. Myuller);
antropologik maktab namoyondasi (L. Feyerbax). XX asrda dinshunoslik yanada
yangi nazariyalar bilan boyigan. Bunda shveysariyalik psixolog K.Yang va fransuz
olimi E. Dyurkgeymning “kollektiv ong” haqidagi ta’limoti diqqatga sazovordir.
Dinshunoslik fani dinning paydo bo’lishi va rivojlanish tarixini, uning
ta’limotini, vujudga kelishi va shakllanishini o’rganuvchi fandir. Talabalar
diqqatini bu fan jamiyat taraqqiyoti jarayonida din bilan bog’liq bo’lgan barcha
ijtimoiy hodisalarni – mafkura va aqidalar, urf-odat va marosimlar, diniy
tashkilotlarni talab va tartiblarini o’rganish, tahlil qilish ko’zda tutilganligiga
qaratish kerak.
Dinshunoslik fani taraqqiyoti jarayonida ma’lum usullarga asoslanib
izlanishlar olib borilgan va bu izlanishlarning natijasida muhim xulosalar
shakllangan. Talabalar diqqatini mana shu xulosalarga qaratish maqsadga
muvoffiqdir:
har qanday din ijtimoiy hodisa bo’lib, diniy ong ijtimoiy ong
shakllaridan biridir;
diniy tasavvur va e’tiqodlar jamiyat taraqqiyotining muayyan ijtimoiy-
iqtisodiy sharoitlari ta’sirida shakllanadi;
ibtidoiy diniy tasavvurlardan tortib jahon dinlarigacha bo’lgan dinlar
evolyusion taraqqiyot yo’lini bosib o’tgan.