Ekspertiza natijalari haqida Tanlab olingan goʻsht konservalari namunalari GOST 32125-2013 «Konservы myasnыye. Myaso tushyonoye», GOST R 54033-2010 «Konservы myasnыye. Myaso tushyonoye», GOST 5284-84 «Konservы myasnыye. Govyadina tushyonaya», Ts 16333554-001:2014, Ts 22758387-01:2015 talablariga muvofiqligi sinovdan oʻtkazildi. Shu oʻrinda alohida taʼkidlash lozimki, mahsulotlar aynan ishlab chiqaruvchi tomonidan mahsulot idishida eʼtirof etilgan standartlar talablariga muvofiqligi boʻyicha sinovdan oʻtkazildi. Barcha talablarga koʻra sifatli hisoblangan konserva mahsulotlarida maʼlum miqdordagi goʻsht, yogʻ va oqsil boʻlishi belgilangan. Biroq, mazkur talablarga sinov uchun tanlab olingan barcha namunalar ham javob bermasligi maʼlum boʻldi.
1 – rasm. Konserva mahsulotlari Oqsil miqdori qancha boʻlishi kerak? Dimlangan konserva goʻsht mahsulotlarini xarid qilayotib, biz ushbu mahsulotning tarkibi oqsilga boy boʻlishi lozim degan oʻyga borishimiz tabiiy. Oqsil bu goʻshtning asosiy ozuqaviy qiymati boʻlib, standartlarga koʻra konserva mahsulotida 15% dan kam boʻlmasligi lozim, biroq ….
Ekstra dimlangan mol goʻshti, “Bars” MCHJ, Rossiya (325 g) – oqsil umumiy miqdori 12,65%.
Asl dimlangan mol goʻshti, “Doston Plyus” MCHJ, Oʻzbekiston (325 g) – oqsil umumiy miqdori 10,32%.
Raimov dimlangan mol goʻshti, “Raimov” MCHJ, Oʻzbekiston (325 g) – oqsil umumiy miqdori 12,63%ni tashkil etdi.
Goʻsht hissasi qancha? Yuqoridagi standartlar talablariga yana bir bor yuzlanar ekanmiz, ularga muvofiq, konservalangan goʻsht mahsulotlarida tarkibiy qismlarning (goʻsht va yogʻ) hissasi mol goʻshtidan qilingan konservada 58% kam boʻlmasligi belgilangan. Agentlik tomonidan oʻtkazilgan ekspertiza natijalariga koʻra, ayrim ishlab chiqaruvchilar kam xarajat qilgan holda, koʻp foyda olish ilinjida, hozirda qimmat goʻsht mahsulotini kamroq qoʻshishga harakat qilganini koʻrishimiz mumkin. Demak:
Asl dimlangan mol goʻshti, “Doston Plyus” MCHJ, Oʻzbekiston (325 g) – goʻsht va yogʻning umumiy hissasi 56,5%.
Raimov dimlangan mol goʻshti, “Raimov” MCHJ, Oʻzbekiston (325 g) – goʻsht va yogʻning umumiy hissasi 49,2% tashkil etdi.
Oʻtkazilgan sinov natijalariga koʻra, yogʻ umumiy miqdorida yana bir qator kamchiliklar aniqlandi, xususan, meʼyorlarga muvofiq, uning hissasi 17%dan oshmasligi belgilangan boʻlsa, Ekstra ”Bars” MCHJ, Rossiya (325 g) dimlangan mol goʻshtida uning hissasi 20,6% ekanligi aniqlandi. Shuningdek, normativlarda osh tuzining miqdori 1,0-1,5% boʻlishi koʻrsatilgan, biroq Asl ”Doston Plyus” MCHJ, Oʻzbekiston (325 g) dimlangan mol goʻshtida tuz hissasi 2% ni tashkil etgani maʼlum boʻldi. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan yuqoridagi mahsulotlar namunalarini sinovdan oʻtkazish natijalari boʻyicha maʼlumotlar kamchiliklarni bartaraf etish hamda muvofiqlik sertifikatini toʻxtatish va zarur hollarda bekor qilish uchun tegishli vakolatli organlarga yuborildi.