Ichki nazorat tizimi samarali bo’lishi uchun funktsional mas’uliyatlar yoki xizmat vazifalarining etarli darajada taqsimlanishi juda muhimdir. Bu nazorat amallari samaradorligining muhim sharti hisoblanadi. Bular quyidagilardan iborat:
xo’jalik muomalalarini amalga oshirishga ruxsat etish. Bu vazifani xo’jalik muomalalarini rasmiylashtirish huquqiga ega xodimlar bajaradilar. Ruxsat etish ma’lum turdagi muomalalar (masalan, barcha turdagi sotish)ga taalluqli, umumiy, yoki maxsus (masalan, muhim aktivni sotishga ruxsat etish) bo’lishi mumkin.
xo’jalik muomalalarini ro’yxatga olish. Ko’pchilik korxonalarda xo’jalik muomalalarini yozish (hisob yuritish) va hisobot ishlari kompyuter yordamida bajariladi;
xo’jalik faoliyatida korxona mablag’larining saqlanishini ta’minlash. Bunda korxonaga tegishli aktivlarga haqiqatda egalik qilish yoki ular ustidan nazorat o’rnatish nazarda tutiladi;
schyotlarda aks ettirilgan summalarni va haqiqatda mavjud aktivlarni vaqti- vaqti bilan taqqoslab turish. Bu erda aktivlarni muntazam inventarizatsiya qilish va tafovutlar aniqlangan hollarda tegishli choralarni qo’llash tushuniladi. Xizmat vazifalarining mos kelmasligi - bu shunday kombinatsiya bo’lib, unda xatoga yo’l qo’ygan yoki axborotni buzib ko’rsatgan xizmatchi o’zining oddiy faoliyati chog’ida bu faktlarni yashirishi mumkin. Vazifalar shunday taqsimlanishi kerakki, xizmatchilardan hech biri yuqorida sanab o’tilgan to’rtta funktsiyaning ikki yoki undan ortig’ini bajarmasligi lozim. Birinchi va to’rtinchi funktsiyalar boshqaruv, ikkinchi funktsiya hisob, uchinchisi esa saqlash funktsiyasi hisoblanadi. Bu funktsiyalarni turli shaxslar va bo’linmalar o’rtasida taqsimlash ikkita afzallikka ega.