Peshona suyagi (os frontale)toq bo’lib, kalla qopqog’ini oldingi qismi va oldingi kalla chuqurchasini hosil qilishda ishtirok etadi. Unda uch qism: vertikal joylashgan serbar, juft ko’z kosasi va burun qismlari tafovut qilinadi.
Peshona suyagi serbar palla qismining (squamafrontalis) tashqi qavariq yuzasi yon tomonlarida chakka yuzasiga o’tib ketadi.
Ko’z kosasi qismi (parsorbitalis) juft gorizontal joylashgan yupqa plastinkadan iborat. O’ng va chap ko’z kosasi qismlari o’zaro g’alvirsimon o'yma bilan ajralib turadi.
Burun qismi (pars nasalis)taqasimon shaklda. U ko’z kosasi qismlarini o’rtasida joylashib g’alvirsimon o’ymani old va yon tomondan chegaralaydi. Uning oldingi tishli qismi burun suyaklari va yuqori jag’ suyagining peshona o’simtasi bilan birikadi.
Yangi tug’ilgan bola peshona suyagi bir-biri bilan chok vositasida qo’shilgan ikki simmetrik bo’lakdan iborat bo’lib, har birida palla, ko’z kosasi va burun qismi tafovut qilinadi. Uning pallasi uchburchak shaklida bo’lib, tashqi tomonida peshona bo’rtig’i bor. Pallaning ichki yuzasi silliq. Ko’z kosasi qismi uchburchak shakldagi yupqa plastinkadan iborat bo’lib, uning miyaga qaragan yuzasi tekis. Ko’z kosasining yuqori qirrasi o’tkir. Burun qismi chekkasi notekis kichkina o’simta shakliga ega. Bu bo’laklarning o’zaro birikishi bola hayotining 6-oyidan boshlanib, 7-8 yoshlarda tugaydi. Agar ular birikmay qolsa o’rtasidagi metopik chok (sutura metopica) umr bo’yi qolishi mumkin. Erta bolalik davrida suyak ko’z kosasi qismining miyaga qaragan yuzasi qavariq bo’ladi va unda barmoq izlari yaxshi ko’rinadi. Bu davrda peshona bo’shlog’i hosil bo’laboshlaydi. Pallaning ichki yuzasi o’zgarib, peshona qirrasi paydo bo’ladi. Bolalikning birinchi davrida metopik chok birikishi munosabati bilan peshona suyagini o’sishi sekinlashadi. Peshona sinusi kattalashib qosh usti ravog’i paydo bo’ladi. Palla chekkalarida tishlari ko’payadi. Bolalikning ikkinchi davrida peshona bo’ligini hajmi kattalarnikini 1/2 qismiga teng bo’lib, uning taraqqiyoti 25 yoshlarda tugaydi.