Quyida biz e'tiboringizga havola etayotgan maqola adib vafotidan so‘ng Rimda chiqadigan "Rinashita" (muallifi Lyuchio Lombardo Radiche) gazetasida e'lon qilingan. Hassos ijodkor, ajoyib pedagogga bag‘ishlangan ushbu maqoladagi o‘ziga xos fikrlar bizning adabiyot muxlislarimiz uchun ham qiziqarli bo‘ladi, degan umiddamiz.
Agar latifaga o‘xshab ketadigan voqeaga diqqat qilinsa, Janni Rodari o‘zining ilk filastrokkilari (quvnoq bolalar she'rlari)ni Milanda chop etiladigan "Unita" gazetasi tahririyatida ishlab yurganida, tunda navbatchilik qilgan kezlari to‘qigan ekan. Yosh o‘qituvchi bir necha muddat gazetada muxbirlik ham qilgan. Aynan ana shu filastrokkilari bilan Janni Rodari xonadonlarga kirib keladi, she'rlarining samimiy ruhiyati, yengil epkini bilan bolalar ko‘ngillarini zabt etadi, necha-necha oilalar a'zosiga aylanadi. Rodarining filastrokkilari tabiiy va uzviy tarzda oilamiz lug‘atiga kirib keladi: yosh shoir-o‘qituvchi bolalar va kattalarning kundalik turmushidagi haqiqat va she'riyatni ajoyib tarzda nozik va teran his qiladi.
Janni Rodari bitgan filastrokkilar bolalar uchun vatanparvarlik hamda ma'naviy tarbiyaning ilk sabog‘i bo‘lib xizmat qiladi. Rodari filastrokkilaridagi ana shu tendentsiyalar keyinchalik uning ijodidagi asosiy yo‘nalish bo‘lib qoladi. Ana shu tendentsiyalar Jelsomino, Chipollino, Pomidor haqidagi ertak-rivoyatlarda yetakchilik qiladi, tinchlik, ozodlik va adolat uchun bo‘lg‘usi kurashchilarni tarbiyalab voyaga yetkazadi. Rodari ijodiy olami rang-barang, uning asarlarini o‘qiganing sari yangi-yangi ma'nolarni kashf etaverasan kishi.
60-yillarda (o‘tgan asr) Rodarining diqqat-markazida maktab va madaniyat muammolari asosiy o‘rin tutgan. Masalan, o‘qitish usullarini qanday yangilasa bo‘ladi? O‘quv jarayonini qanday qilib o‘quvchiga yoqadigan va ijodiy tarzda tashkil etish mumkin? Boshlang‘ich maktabning sobiq o‘qituvchisi, shoir Rodari imlo xatolarini tuzatish jarayonidagi she'riy hayajonni ilg‘ab ola biladi. Uning maktab bilan aloqani uzmaganligiga ham sabab shu edi.