Shahar markazida, Yunusobod tumanida qadimgi arxeologik yodgorlik – qadimiy Oqtepa shahrining vayronalari joylashgan.
Bunday uncha katta bo‘lmagan tepalik g‘aroyib va maftunkor bo‘lib tuyuladi. Bu shunchaki tepalik emas, balki arablargacha bo‘lgan davrga mansub katta saroyning mustahkamlangan qo‘rg‘oni. U taxminan Choch tudunining yozgi qarorgohi bo‘lgan. Bu saroyda Choch davlatining hukmdorlariga bo‘ysungan turkiy vakillarning bir nechta avlodi yashagan. Qazilma ma’lumotlarga ko‘ra, saroy eramizning V asrida qadimiy platformadan foydalangan holda tepalikdaxom g‘isht (paxsa)dan barpo etilgan.
Arxeologik yodgorlikning umumiy maydoni qariyb 100 ni tashkil qiladi. Shaharning janubiy qismida balandligi 22-28 m bo‘lgan tik qoyali baland tepalik ko‘rinishidagi qal’a vayronalari joylashgan bo‘lib, unga mustahkamlanmagan qishloq tutashib ketgan.
O‘lchami 86x180 m bo‘lgan saroy shimoldan janubga yo‘nalish olgan va qishloqdan sezilarli chuqurlikdagi jarlik bilan ajratilgan, ushbu jarlik qal’a xandag‘i vazifasini bajargan. U keng zinapoyali ikki qavatli binodan tashkil topgan. Birinchi qavat 80x80 m o‘lchamga, ikkinchi qavat esa 50x80 m o‘lchamga ega bo‘lgan. Ikkala qavat ichki tomonidan kengligi 2 m, balandligi 2,3 m bo‘lgan uzun koridor-galereya halqasi bilan bog‘langan. Yuqori koridor burchaklari bo‘ylab xonalarga ega dumaloq gumbaz minoralari joylashgan. Binoning ichki qismi gumbazsimon tomga ega uzun va tor xonalardan tashkil topgan, ular bir-biri bilan koridorlar tizimi bilan bog‘langan.
VII asrning birinchi choragida qo‘rg‘on qayta qurilgan. Tor xonalar tuproq bilan mustahkamlangan va bu bilan binoni mustahkam asosga aylantirgan, uning ustida esa yangi qurilmalar barpo etilgan. To‘rtta burchakdagi minoralar mustahkamlangan, qo‘rg‘onning janubi-g‘arbiy qismida esa maydoni 22x22 m bo‘lgan qasr barpo etilgan. U minoraga ega ko‘p yarusli piramida shakliga va to‘rtta mudofaa yaruslariga ega bo‘lgan. Qurilmaning saqlangan qismiga qaraladigan bo‘lsa, u ham ikki qavatli bo‘lgan. Uning pastki qavati ravoqli xonalar bilan bandbo‘lgan, yuqori qavatda esa uning egasi yashagan.
Saroyning shimoliy qismida ibodatxona majmuasini tashkil qilgan 10 ta xona topilgan. Shu tarzda gumbazli maqbara atrofida asta-sekin diniy inshootlar shakllangan. Unga ikki xonali dargoh tutashgan, ushbu xonalardan birida olov mehrobi bo‘lgan, ikkinchisi esa marosimlar zali bo‘lib xizmat qilgan. Alohida xonalarda xotira qurbonliklari amalga oshirilgan va u yerda kohin yashagan.
Qal'aning sharqiy qismida xo‘jalik ishlariga mo‘ljallangan 9 ta cho‘zinchoq ikki qavatli bino joylashgan. Birinchi qavat asosan omborxona bo‘lib xizmat qilgan. Bu yerda oziq-ovqat mahsulotlarining zaxiralari saqlangan. Ikkinchi qavatda xizmatkorlar va posbonlar bo‘limi yashagan. bundan tashqari xo‘jalik hovlisidagi alohida xona musallas tayyorlashga ajratilgan.
Avvallari vayronalar atrofida hech qanday to‘siq va lavhalar bo‘lmagan. U yerga mutlaqo hamma kirishi mumkin bo‘lgan. Oxirgi bir necha yil ichida vayronalar to‘sib qo‘yildi, kirish joyining oldiga esa axborot beruvchi lavha o‘rnatildi.