Savollar. Tolali ekinlar nima maqsadlar uchun ekiladi?
Ushbu ekinlarga misollar keltiring?
Kanop va jut xalq xo‘jaligida qanday axamiyatga ega?
Bargidan tola ishlab chiqariluvchi ekinlarga misollar keltiring?
12-MAVZU: G‘O‘ZA Reja: G‘o‘zaning xalq xo‘jaligidagi axamiyati.
G‘o‘zaning botanik va biologik xususiyatlari.
G‘o‘za agrotexnikasi va sug‘orish tartibotlari.
Respublikamizda keng tarqalgan g‘o‘za navlari.
Tayanch iboralari:gigroskopik paxta, sun’iy teri, sintez, monopodial, simpodial, o‘suv nuqtasi, metrik nomer, elastiklik, kultivatsiya, vegetatsiya davri, seleksiya, vilt.
Xalq xo‘jaligidagi axamiyati. G‘o‘za- bizning respublikamizda ekiladigan eng asosiy tolali ekinlardan biri xisoblanadi va tekstil sanoatini qimmatli tola bilan ta’minlaydi. Paxta tolasidan satin, chit, trikotaj, ip va boshqa buyumlar tayyorlanadi. Podpushka yoki lintasidan qog‘ozning eng yaxshi navlari, gigroskopik paxta, kinoplyonka, sun’iy teri tayyorlashda ishlatiladi. Bioorganika insitutining olimlari tomonidan g‘o‘za o‘simligini chanog‘idan pektin moddasi sintez qilindi. Bu pektin moddasi konditer sanoatida marmelad va shokaladlarga qo‘shiladi.
1 s paxtadan 30-35 kg tola va 60-65 kg urug‘ olinadi. 1 kg paxta tolasidan esa 20 m chit yoki 150 ta g‘altak ip tayyorlanadi. Urug‘ida 18 dan 27% gacha yog‘ bo‘ladi, u oziq-ovqat sanoatida, margarin, konservalar va sovun pishirishda ishlatiladi.
Paxta kunjarasi 38-40% oqsil tutadi, mollar uchun eng yaxshi em xisoblanadi va o‘g‘it sifatida ishlatiladi. Lekin 1 sutkada 2,5-3 kg dan ortiq berib bo‘lmaydi, chunki tarkibida gossipol degan zaxarli modda bo‘ladi. CHigitni po‘stlog‘i qog‘oz tayyorlashda, izolyasion materiallar, etil va metil spirti tayyorlashda, maydalangan xolda em va o‘g‘it sifatida ishlatiladi. Poyasi va bargidan organik kislotalar olinadi. Umuman olganda paxtadan 200 dan ortiq buyumlar tayyorlanar ekan.
G‘o‘za qadimiy ekinlardan biri xisoblanib, eramizdan 3 ming yil oldin Xindiston va Xitoy, 500 yil oldin Egipetda ekilib kelingan. O‘rta Osiyoga IV-V asrda Xitoydan, Zakavkazega esa XIII asrda Erondan keltirilgan.
G‘o‘za juda keng tarqalgan ekin, uni 80 dan ortiq mamlakat 34 mln gektar maydonda etishtiradi. Xindiston, AQSH, Xitoy, Braziliya va Pokistonda katta maydonlarda ekiladi.
Paxta Markaziy Osiyo respublikalarida xam ekiladi. O‘zbekistonda 1 mln. 425 min. ga maydonda paxta etishtiriladi.
Botanik xususiyatlari. G‘o‘za gulxayrilar oilasiga (Malvaceae), Gossypium avlodiga kiradi. Bu ko‘p yillik tropik butali o‘simlik bo‘lib, balandligi 5-6 m ga etadi. O‘rta Osiyoda bir yillik o‘simlik sifatida ekiladi. Poyasi 40 sm dan 1,5 m gacha etadi, 7-15 yon shoxlar xosil qiladi. G‘o‘za ildizi o‘q ildiz bo‘lib, uzunligi 1,5-2,5 m va undan xam ortadi, ko‘p yon ildizchalar chiqaradi, ular 30-40 sm chuqurda joylashadi. Poyasi tik o‘sadi. G‘o‘za shoxlari o‘suv (monopodial) va xosil (simpodial) shoxlarga bo‘linadi. Monopodial shoxlar (monopodiylar) poyasining pastki qismida rivojlanadi, undan o‘tkir burchak xosil qilib chiqadi. Simpodial shoxlar (ya’ni simpodiylar) monopodial shoxlardan yuqoriroqdan chiqadi, ular o‘tmas burchak xosil qilib chiqadi. Simpodial shoxlarda gul xosil bo‘ladi va meva tugiladi.
G‘o‘za barglari bitta o‘simlikni o‘zida o‘lchami va shoxligiga ko‘ra xar xil bo‘ladi. Dastlabki 2-3 ta barg tekis qirrali, yuraksimon shaklda, qolgan 3-7 tasi bo‘lma bargdan iborat bo‘ladi. O‘suv shoxlaridagi barglar xar qaysi bo‘g‘im oralig‘ida, xosil shoxlaridagi esa xar qaysi shona qarshisida joylashgan bo‘ladi. Gulining gultojisi yirik, beshta tojibargdan iborat bo‘ladi. Tojibarglarining rangi sariq, och sariq yoki oq. G‘o‘za asosan o‘zidan changlanadi. Kamdan-kam xolda chetdan changlanadi. G‘o‘zaning guli ertalabki soatlarda ochiladi. Ertalab gultojbarglar och sariq rangda bo‘ladi, kunning ikkinchi yarmida qizarib, kechga borib so‘lib, yopilib qoladi. Kelasi kuni gultojisi binafsha rangga kirib to‘kiladi.
Mevasi yumaloq-tuxumsimon shakldagi 3-4-5 uyali ko‘sakdan iborat. Xar qaysi chanog‘ida 5-11 tagacha chigitli paxta bo‘ladi. Bir dona etilgan ko‘sak paxtasining vazni 2-3 dan 10 g gacha keladi va undan ortadi. Eng yaxshi rivojlangan g‘o‘za tupida 100 dan ortiq ochilgan ko‘sak bo‘ladi. 3-40 S sovuqda ko‘saklarini ochilishi to‘xtaydi.
Urug‘i (chigiti) tuxumsimon, bo‘yi 9-12 mm gacha, eni 6-8 mm gacha bo‘ladi. 1000 dona chigitning vazni 60-125 g keladi. Paxta tolasi-20-50 mm uzunlikdagi epidermisning juda cho‘ziq xujayrasidan iborat. Tola oq, ayrim navlarida och sariq, och yashil, jigarrang yoki qo‘ng‘ir bo‘ladi. Xar dona chigitda 10-15 mingtagacha tukcha xosil bo‘ladi. Paxta tolasining asosiy texnologik xususiyatlari: tolasining uzunligi, ingichkaligi, metrik nomeri, pishiqligi, uzilish uzunligi, elastikligi bilan ta’riflanadi.
Tolaning uzunligi (mm) uning eng muxim sifat ko‘rsatkichi xisoblanadi. Uzun tola eng qimmatli xisoblanib, undan juda yaxshi ingichka ip yigiriladi. Ko‘p g‘o‘za navlarida tolaning uzunligi 30-33 mm, ingichka tolali navlarida esa 38-40 mm bo‘ladi.